Deputatlar saylovchilar muammolarini o‘rgandi
Xalq bilan muloqot qilish, aholini qiynayotgan muammolarni aniqlash va ularning yechimiga ko‘maklashish deputatlik faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Bu jarayonda fuqarolar murojaatlarini o‘rganish, ularni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish va ijrosini nazoratga olish alohida ahamiyat kasb etadi.
«Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputati maqomi to‘g‘risida»gi Qonunning 8-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 14-yanvardagi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi deputatlari joriy yilning uchinchi choragi yakuni bo‘yicha saylovchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Uchrashuvlar davomida deputatlar Kengash faoliyati, qabul qilingan sessiya qarorlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-sentabrdagi «Barqaror ish o‘rinlarini yaratish va kichik biznesni jadal rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni ijrosini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berdi. Shuningdek, hududlarni rivojlantirish va aholi muammolarini hal etishda deputatlarning mahallalardagi yettilik bilan hamkorligini mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Ochiq muloqotlar chog‘ida saylovchilar tomonidan jami 119 ta muammo va taklif bildirildi. Ularning 24 tasi doimiy komissiyalar aralashuvi bilan joyida ijobiy hal etildi. Qolgan 95 ta masala yuzasidan tegishli choralar ko‘rish uchun tuman va shahar hokimlariga rasmiy xatlar kiritildi.
Viloyat miqyosida hal etilishi zarur bo‘lgan 43 ta masalani xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasi kun tartibiga kiritish belgilandi. Mazkur muammolar sohalar kesimida tahlil qilinganda, ularning 10 tasi ta’lim va sog‘liqni saqlash, 6 tasi transport, sanoat, qurilish va avtomobil yo‘llari, 14 tasi sifatli kommunal xizmatlar ko‘rsatish, bittasi ijtimoiy himoya, yashash sharoitlarini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka jalb etish, 12 tasi esa mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish bilan bog‘liq ekani ma’lum bo‘ldi.
Murojaatlar orasida aholi uchun muhim bo‘lgan ijtimoiy va infratuzilmaviy masalalar salmoqli o‘rin egallaydi. Jumladan, Sirdaryo tumanidagi «Taraqqiyot» va «Furqat» mahalla fuqarolar yig‘inlarida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud emasligi aholiga qator noqulayliklar tug‘dirmoqda. Shu bois 160 o‘rinli yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti qurish taklifini 2027-yilgi dasturga kiritish masalasi ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Boyovut tumanidagi «Olmazor» mahallasidagi qishloq vrachlik punkti binosini ta’mirlash, Guliston shahrining «Nurafshon» mahallasidagi aholi xonadonlari ustidan o‘tgan yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘ini ko‘chirish, Boyovut tumanining Paxtakor mahallasidagi “Serquyosh” ko‘chasining 600 metr qismini asfaltlashtirish, Mirzaobod tumanidagi «Yangi hayot» mahallasida zamonaviy sport maydoni tashkil etish kabi masalalar ham deputatlar e’tiborida.
Aholi murojaatlarining o‘z vaqtida va sifatli hal etilishi deputatlik nazoratini samarali tashkil etishga bevosita bog‘liq. Shu maqsadda saylovchilar tomonidan ko‘tarilgan masalalarning ijrosi yuzasidan deputat nazorati o‘rnatildi. Bu esa murojaatlarning qog‘ozda qolib ketmasligi, mas’ul tashkilotlar tomonidan ularning yechimi bo‘yicha aniq choralar ko‘rilishi va aholi manfaatlari ta’minlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Abdushokir Abdurahmonov,
Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi kotibiyati mudiri
O‘zA