Deputat saylovchilar muammolarini o‘rgandi
Oliy majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Maqsud Muhammedov mahalliy Kengash deputatlari bilan birgalikda Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani “Abdulla Qahhor” mahalla fuqarolari yig‘inida bo‘ldi.
Uchrashuv davomida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi. Xususan, huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish, jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda bu boradagi ishlarni yanada samarali tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, deputat tomonidan “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonunni takomillashtirish, jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish yuzasidan fikr almashildi. Uchrashuvda mahalla faollari va mutasaddilar ishtirok etib, mavjud muammolar va ularning yechimlari muhokama qilindi.
Muloqot davomida hududdagi ijtimoiy vaziyat, aholi bandligini ta’minlash hamda huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha zarur choralar belgilab olindi.

Deputat Maqsud Muhammedov tumandagi 9-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida muassasada bolajonlar uchun yaratilgan qulayliklar, ta’lim-tarbiya jarayonining sifati, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash holati hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi atroflicha o‘rganildi. Shuningdek, tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan muhit, ularning sog‘lom va xavfsiz sharoitda tarbiyalanishi masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘rganish jarayonida muassasaning ayrim infratuzilma bilan bog‘liq muammolari ham aniqlandi. Xususan, bolalar bog‘chasining tashqi yo‘laklarini zamon talablari asosida ta’mirlash yuzasidan murojaat bildirildi. Mazkur murojaat tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullari ishtirokida joyida o‘rganilib, mavjud muammolarni bartaraf etish, zarur ta’mirlash ishlarini amalga oshirish hamda shart-sharoitlarni yanada yaxshilash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, ularning xavfsizligi va salomatligini ta’minlash ustuvor vazifa ekanligi alohida ta’kidlandi.
Deputat tumandagi 67-son umumta’lim maktabida ta’lim-tarbiya jarayonlari hamda mavjud shart-sharoitlarni ham o‘rgandi. Maktabda olib borilayotgan o‘quv-tarbiya ishlari, o‘quvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar hamda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan ishlar muhokama qilindi. Shuningdek, maktab jamoasi, pedagoglar hamda ota-onalar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, yoshlar tarbiyasini kuchaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv davomida yoshlar tarbiyasida uchrayotgan dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, salbiy illatlarning oldini olish, o‘quvchilarning ijtimoiy tarmoqlarda behuda vaqt sarflashining oldini olish, ularni mazmunli mashg‘ulotlarga yo‘naltirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Shuningdek, maktabda “Tarbiya” fani hamda “Kelajak soatlari”ni samarali tashkil etish, ularning mazmunini boyitish va amaliy natijadorligini oshirish masalalari ham atroflicha o‘rganildi. Yoshlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, ta’lim-tarbiya jarayonlarini yanada takomillashtirish hamda maktab, ota-ona va mahalla hamkorligini kuchaytirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Shuningdek, Maqsud Muhammedov tumandagi “Hamid Jo‘ra Trans Servis” MCHJ tomonidan yo‘llangan murojaat yuzasidan tadbirkorlar bilan uchrashdi. Mazkur murojaatda korxona tomonidan amalga oshirilayotgan yo‘lovchi tashish faoliyati, xususan, zamonaviy va yuqori qulayliklarga ega yotoqli avtobuslardan foydalanish masalalari hamda ushbu yo‘nalishda yuzaga kelayotgan muammolar bayon etilgan.
Uchrashuv davomida murojaat mazmuni atroflicha o‘rganilib, yotoqli avtobuslardan foydalanishning afzalliklari, xalqaro tajriba hamda yo‘lovchilar uchun yaratilayotgan qulayliklar muhokama qilindi. Shuningdek, masalaning huquqiy jihatlari yuzasidan tegishli qonunchilik asosida tushuntirish va tavsiyalar berildi. Ijobiy hal etish maqsadida deputat tomonidan ushbu murojjat O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligiga tegishli tartibda ko‘rib chiqish uchun yuboriladigan bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA