Angrenda zamonaviy madaniyat va sport saroyi ochildi
Angren shahridagi “Mirzo Ulug‘bek” mahallasida Yangi Angren madaniyat va sport saroyining tantanali foydalanishga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Respublika ishchi guruhi a’zolari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Maxkamova, Toshkent viloyati hokimi Z.Mirzayev, va shahar hokimligi mas’ullari, OKMK boshqaruv raisi Abdulla Xursanov, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, mahalla aholisi, nuroniylar, turli millat vakillari, milliy-madaniy markazlar faollari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Mazkur markaz Angren shahridagi 3-sonli Dukent madaniyat markazi negizida tashkil etilgan bo‘lib, ko‘p yillardan buyon aholiga madaniy xizmat ko‘rsatib kelayotgan nufuzli maskanlardan biri hisoblanadi.
2025–2026-yillarda OKMK homiyligida bu loyiha qiymati 31 milliard so‘mlik kapital rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, zamonaviy qiyofaga ega Yangi Angren madaniyat va sport saroyi barpo etildi. Ochilish tadbiri doirasida saroy hovlisida tashkil etilgan bog‘ hududida amaliy san’at va hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmalari, do‘stlik, hamjihatlik va tinchlik g‘oyalarini targ‘ib etuvchi rasmlar tanlovi, “Mehr-oqibat dasturxoni” shiori ostida turli millatlarning milliy taomlari ko‘rgazmalari namoyish etildi.

Shuningdek, “Book kafe” faoliyati taqdimoti o‘tkazilib, “Kitoblar karvoni” doirasida kitobxonlik mushoirasi tashkil etildi. Shundan so‘ng tantanali ravishda lenta kesish marosimi bo‘lib o‘tdi va mehmonlar binoda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Jumladan, sport zali, gimnastika xonasi, rassomchilik va doirachilar to‘garaklari faoliyati ko‘zdan kechirildi. Majmua tarkibida 32x20 o‘lchamli sport zali, fitnes va sheyping xonalari kabi zamonaviy sport inshootlari joylashgan. Ikkinchi qavatda esa tasviriy va amaliy san’at, raqs, vokal, teatr, folklor hamda musiqa yo‘nalishlaridagi to‘garaklar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Tadbir yakunida katta zalda tantanali konsert dasturi namoyish etildi. Unda “Zamin” xalq teatri jamoasi tomonidan buyuk allomalar siymosi gavdalantirilgan sahna ko‘rinishlari taqdim etildi.

Shuningdek, markaz qurilishi va rekonstruksiyasida samarali mehnat qilgan bir guruh faollar taqdirlandi. Mazkur majmuaning foydalanishga topshirilishi aholi, ayniqsa yoshlarning madaniyat va sport bilan muntazam shug‘ullanishi, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishi hamda milliy qadriyatlar va san’atni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Ushbu zamonaviy maskan hudud aholisi uchun ma’naviyat, madaniyat va sportni birlashtirgan muhim markaz bo‘lishi kutilmoqda.
Tadbir doirasida Navro‘z umumxalq sayli ham bo‘lib o‘tdi.
A. Musayev, O‘zA.