Amerikada Farg‘ona uzumchiligiga qiziqish ortmoqda (+video)
2025-yil O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida, xususan, bog‘dorchilikda bir necha yangi cho‘qqilarni egallash yili bo‘lgan edi. Jumladan, Farg‘onada, aniqrog‘i Oltiariqda yetishtirilgan uzum mahsulotlari ilk bor Yaponiya va Amerika bozoriga kirdi.
Talabchan xaridor va mutaxassislar O‘zbekiston quyoshidan taft olgan uzum xususiyatlarini yuqori baholadi va endi bu borada hamkorlik qilish istagini bildirdi. Shu maqsadda bir guruh AQSHlik mutaxassislar Farg‘onaga keldi va ular ishtirokida viloyatda uzumchilikni rivojlantirish, istiqbolli danaksiz uzum navlarini joriy etish hamda zamonaviy tokzorlar barpo qilish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, AQSHning «Grapa Global» kompaniyasi bosh direktori Rafi Karniel, Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshidjon Abduzuhurov, tegishli viloyat boshqarmalari rahbarlari, xorijiy hamkorlar, fermerlar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Dastlab seminar ishtirokchilari Amerikaning "Grapa Global" kompaniyasiga qarashli "ARRA" seleksiyasining danaksiz uzum navlari bilan tanishdi.

Seminarning ochilish marosimida viloyat hokimi ushbu anjumanni tashkil etish tashabbusi uchun kompaniya rahbariyati hamda barcha hamkorlarga minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar izchil va jadal, yangi bosqichda rivojlanib borayotganiga to‘xtalib o‘tdi.
Uzumchilik viloyat qishloq xo‘jaligining muhim tarmoqlaridan biri bo‘lib, aholi bandligi va daromadlarini oshirish, eksport salohiyatini yuksaltirishda alohida o‘rin tutadi. Ayni paytda viloyatda 400 dan ziyod fermer xo‘jaligi 4,5 ming gektar maydonda uzum yetishtirmoqda. Shundan 3,4 ming gektari, ya’ni qariyb 76 foizi Oltiariq tumani hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bugungi kunda jahon bozorida danaksiz uzum navlariga talab ortib, mahsulot sifati, tashqi ko‘rinishi va saqlash xususiyatlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bois zamonaviy navlarni joriy etish, ilg‘or texnologiyalar va xalqaro tajribadan foydalanish orqali mahsulotning qo‘shilgan qiymati hamda eksportbopligini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Jahonda urug‘siz uzum navlariga qiziqish yuqori. Bunday navlarni yetishtirish mahsulotning qo‘shilgan qiymatini oshirib, eksportdan olinadigan daromadni ko‘paytirish imkonini beradi.
Ushbu navlar o‘zining danaksizligi, a’lo ta’mi, jozibador ko‘rinishi, yuqori hosildorligi va uzoq saqlanish xususiyatlari bilan ajralib turadi. Eng muhimi, ular uzoq masofalarga tashish va savdo jarayonida sifatini yo‘qotmaslik talablariga to‘liq javob bergani bois eksport uchun g‘oyat qulaydir.

Shuningdek, viloyatda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan «Agrostar» loyihalari va yangi dasturlar, jumladan, uzumchilik maydonlarini ikki barobarga oshirish rejalari xususida so‘z yuritildi. Kompaniya bilan hamkorlikda boshlanayotgan ishlar uzumchilikni rivojlantirishda yangi bosqichga xizmat qilishi aytib o‘tildi.
«Grapa Global» kompaniyasi bosh direktori Rafi Karniel kompaniya faoliyati, urug‘siz uzum navlarining xususiyatlari va zamonaviy uzumchilikni rivojlantirish imkoniyatlari haqida taqdimot qildi. U Farg‘ona viloyatining qulay iqlim sharoitlari va mahalliy dehqonlarning mehnatkashligini yuqori baholab, hamkorlikni tezroq amaliy bosqichga olib chiqishga qiziqish bildirdi.
Hamkorlik faqat ko‘chat yetkazib berish bilan cheklanmaydi. Zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or tajribalarni joriy etish bo‘yicha ham ko‘mak ko‘rsatish rejalashtirilgan. Kompaniya hozirda Farg‘onaga 10 xil urug‘siz uzum navini olib kirishni maqsad qilgan.
Seminar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, «O‘zagrostar» xoldingi, Farg‘ona viloyati hokimligi hamda AQSHning «Grapa Global LLC» kompaniyasi o‘rtasida uzumchilikni rivojlantirish, ko‘chatlar importini yo‘lga qo‘yish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini kengaytirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.
Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov (video), O‘zA