Tibbiyot xabarlari
Ijtimoiy tarmoqlarda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘larining ajratilishi yuzasidan turli savollar va muhokamalar paydo bo‘ldi.
Munosabatda ta’kidlanishicha, davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy qilishdan asosiy maqsad — aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishi uchun mablag‘larni ajratishda tenglik, adolat va shaffoflikni ta’minlashdan iboratdir.
Jamg‘arma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-sentabrdagi “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida faoliyat yuritayotganini eslatib, quyidagi muhim faktlarni ma’lum qildi.
Birinchidan, Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli hamda samarali foydalanilishi Jamg‘armaning ichki audit xizmati hamda O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan qat’iy nazorat qilinadi.
Ikkinchidan, Jamg‘armaning yuqori boshqaruv organi Kuzatuv kengashi hisoblanadi. Kengash raisi etib O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimi belgilangan. Tarkibga Sog‘liqni saqlash vaziri, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi, Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi raisi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar vakillari kiritilgan. Jamg‘armaning daromad va xarajatlari prognozi hamda yillik xarajatlar taqsimoti aynan ushbu Kengash tomonidan tasdiqlanadi.
Uchinchidan, imtiyozli toifadagi bemorlarni davolash xarajatlarini qoplash uchun Davlat byudjetidan 2025-yilda 1 200,0 milliard so‘m ajratilgan edi. Biroq davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilgan haqiqiy tibbiy yordam xarajatlari 1 400,0 milliard so‘mni tashkil etgan.
To‘rtinchidan, rejadan oshiqcha ko‘rsatilgan tibbiy yordam xarajatlarini qoplash uchun joriy yilda Davlat byudjetidan mablag‘lar ajratilmoqda. Ushbu xarajatlar Jamg‘arma Kuzatuv kengashi qarorlari asosida bosqichma-bosqich qoplab borilmoqda.
Jamg‘arma o‘z faoliyatida ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga qat’iy amal qilishini hamda korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, ularga qarshi murosasiz kurashish borasida ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatchilik faollari bilan o‘zaro hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi.
Ma’lumot uchun, mazkur masalalar yuzasidan murojaat yo‘llash yoki qo‘shimcha ma’lumot olish uchun Jamg‘armaning 1149 qisqa raqami hamda +998 71 207 19 23 telefon raqamiga bog‘lanish mumkin.
***

Rossiya Federatsiyasining Sog‘liqni saqlash sohasida nazorat bo‘yicha federal xizmati — Roszdravnadzor taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi delegatsiyasi Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan VI “NOVAMED-2026” xalqaro forumi ishida ishtirok etdi.
Tibbiy jihozlar muomalasi sohasidagi eng nufuzli xalqaro platformalardan biri hisoblangan mazkur forum davlat regulyatorlari, xalqaro ekspertlar, ilmiy doiralar va ishlab chiqaruvchilarni bir maydonga jamladi. Tadbir davomida tibbiy jihozlarni davlat tomonidan tartibga solish, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish, post-marketing nazorati, xavfsizlik monitoringi, raqamlashtirish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Forumning "Tibbiy buyumlar bozorida xalqaro hamkorlik: zamonaviy chaqiriqlar" mavzusidagi xalqaro sessiyasida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi vakili tomonidan "O‘zbekiston Respublikasida tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning milliy tartibi va uning o‘ziga xos jihatlari" mavzusida ma’ruza taqdim etildi.
Ma’ruzada mamlakatimizda tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini takomillashtirish, tartib-taomillarni raqamlashtirish, mahsulotlarning sifati, xavfsizligi va samaradorligini ta’minlash, shuningdek xalqaro standartlarni milliy amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, Markaz vakillari forumning post-marketing nazorati va vigilance tizimlariga bag‘ishlangan maxsus sessiyalarida ishtirok etib, uning doirasida tibbiy jihozlar xavfsizligini monitoring qilish, nojo‘ya hodisalarni qayd etish, risklarni boshqarish, post-marketing surveillance tizimini raqamlashtirish hamda regulyator organlari o‘rtasida ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalar o‘rganildi.
Forum doirasida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi delegatsiyasi qator xorijiy regulyator organlari va soha mutaxassislari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, tibbiy jihozlarni tartibga solish, ekspertiza, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarini takomillashtirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari bo‘yicha fikr almashdi.
***

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi tegishli qarori bilan, mansabdor shaxslar nazorat qiluvchi organ tomonidan uch yilda kamida bir marta attestatsiyadan o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, "Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi" davlat muassasasida Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash va farminspeksiya boshqarmasi xodimlarining attestatsiyasi bo‘lib o‘tdi.
Attestatsiya komissiyasiga Markaz direktori Alisher Temirov raislik qildi. Komissiya tarkibida direktor o‘rinbosari Mirzohidjon Qodirov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining yetakchi inspektori D.Nasretdinov, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Qonunchilik hujjatlari ijrosi ustidan jamoatchilik nazorati bo‘limi boshlig‘i Sh.Kamalov, tadbirkorlik sub’ekti vakili Islom Ismatov hamda Attestatsiya komissiyasi kotibi B.Toshniyazov ishtirok etdi.
Attestatsiya davomida xodimlarning tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida davlat nazoratini amalga oshirishga oid amaldagi qonunchilik hujjatlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari baholandi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyuldagi tegishli farmoni, 2022-yil 13-sentabrdagi tegishli qarori, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori hamda nazorat tadbirlarini o‘tkazish tartibi, tekshiruvlar jarayonida nazorat qiluvchi organlar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquq hamda majburiyatlariga oid masalalar yuzasidan savollar berildi.
Mazkur attestatsiya nazorat tadbirlarini amalga oshiruvchi xodimlarning kasbiy bilim va malakasini mustahkamlash, ularning amaldagi qonunchilik talablarini chuqur o‘zlashtirganligini baholash hamda davlat nazoratini ochiqlik, shaffoflik va qonuniylik tamoyillari asosida olib borishni ta’minlashga qaratilgan.
Mohigul Qosimova, O‘zA