Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligi oshirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan Toshkent viloyatida OAV va jamoatchilik vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Maqsad Prezidentimizning 2025-yil 6-dekabrdagi “Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati, unda belgilangan vazifalar ijrosi hamda Agentlikning Toshkent viloyati filiali tomonidan o‘tgan davrda amalga oshirilgan ishlari haqida jamoatchilikni xabardor qilishdir.

Matbuot anjumanida filialning 2026-yil I choragidagi faoliyati sarhisob qilinib, davlat idoralarida boshqaruv sifatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berildi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda eng muhim yo‘nalishlardan biri bu yangi imkoniyatlarni aniqlash va drayver sohalarni shakllantirish hisoblanadi. Shu bo‘yicha Boshqaruv samaradorligi agentligi Toshkent viloyati filiali tomonidan har bir tuman-shahar kesimida mavjud resurslar, iqtisodiy salohiyat va aholi bandligini ta’minlash imkoniyatlari chuqur tahlil qilinmoqda. Amalga oshirilgan o‘rganishlar natijasida hududlarning “o‘sish nuqtalari” aniqlanyapti, mahallalar kesimida daromad manbalari tahlil qilinmoqda va aholini tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha yangi imkoniyatlar shakllantirilmoqda. Xususan, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish, kichik sanoat va kooperatsiya asosida tashkil etilgan loyihalar hududlar uchun asosiy drayverlar sifatida belgilanmoqda.

Shu bilan birga, yangi imkoniyatlarni aniqlashda bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlaridan samarali foydalanish, yer va infratuzilma imkoniyatlarini ishga solish, investitsiyalarni jalb qilish kabi yo‘nalishlarga ham alohida e’tibor qaratilgan. Kelgusida mazkur ishlar yanada tizimlashtirilib, har bir mahalla kesimida aniq drayver yo‘nalishlar belgilanadi, ular asosida manzilli loyihalar shakllantiriladi va ijrosi qat’iy nazoratga olinadi.

Tadbirda davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilish faqat ochiq tanlov asosida amalga oshirilishi, bu jarayonda nomzodlar nimalarga e’tibor qaratishi borasida ma’lumot berildi. 2026-yil ushbu yo‘nalishda 1 ming 209 ta vakant lavozim bo‘yicha 2 ming 416 ta tanlov o‘tkazildi va 21 ming 544 nafar nomzoddan arizalar kelib tushdi. Shundan, 550 nafar nomzod tanlov g‘olibi deb topildi. Ularning 241 nafari sog‘liqni saqlash sohasiga to‘g‘ri keladi.

– Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishda eng muhim omillardan biri bu inson kapitali, ya’ni davlat fuqarolik xizmatchilarining bilim, ko‘nikma va malakasi hisoblanadi, – deydi Boshqaruv samaradorligi agentligi Toshkent viloyati filial rahbari o‘rinbosari Mirzobek Tashbayev. – Shu bois, Agentlik tomonidan kadrlar salohiyatini tizimli ravishda rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Agentlikning viloyat filiali tomonidan 2025-yil davomida davlat xizmatchilarining zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish, ularning sohaviy tajribasini oshirish maqsadida keng ko‘lamli o‘quv dasturlari asosida o‘quvlar tashkil etildi. Ularda 23 ming 957 nafar davlat xizmatchisi ishtirok etdi. Shundan 5 ming 380 nafari an’anaviy shaklda bo‘lsa, 18 ming 577 nafari masofaviy ta’lim orqali qamrab olindi. Bu ko‘rsatkichlar o‘quv jarayonlarining nafaqat keng qamrovli, balki zamonaviy va moslashuvchan formatda tashkil etilganini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, masofaviy ta’lim platformasi orqali davlat xizmatchilari uchun qator muhim kurslar yo‘lga qo‘yildi. Ular orasida, “Davlat xizmatiga kirish”, “Davlat xizmatchisining etikasi”, “Iqtisodiy bilim asoslari”, “Yashil energetika”, “Energiya tejamkorligi”, “Davlat xizmatchisiga zarur kompetensiyalar” kabi yo‘nalishlar alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Ushbu kurslar orqali davlat xizmatchilarida nafaqat kasbiy bilimlar, balki zamonaviy fikrlash, mas’uliyat va xizmat madaniyati shakllantirilmoqda.
Tadbirda mas’ullar tomonidan davlat boshqaruvida natijadorlikni ta’minlash, har bir rahbar va xodim faoliyatini aniq mezonlar asosida baholash maqsadida samaradorlik ko‘rsatkichlari haqida aytib o‘tildi. Jurnalistlar tomonidan sohaga oid savollar berildi, fikr-mulohazalar va takliflar bildirildi. Muloqot yakunida mazkur sohadagi tizimli islohotlarni keng jamoatchilikka yetkazishning samarali shakllarini qo‘llash bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.
A.Musayev, O‘zA