Davlat xaridlari bilan bog‘liq sud amaliyoti o‘rganilishi natijasida 36 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
«Hakamlik sudlari faoliyati yanada takomillashtirilishi hamda byudjet intizomi kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun 2026-yil 24-iyuldan kuchga kirgan.
Mazkur qonun bilan bir qator huquqiy hujjatlarga muhim o‘zgartirishlar kiritildi.
Unga ko‘ra, davlat organlari, tashkilotlari va muassasalari, davlat ishtirokidagi korxonalar, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hakamlik bitimi taraflari bo‘lishi mumkin emasligi belgilandi.
Yer bilan bog‘liq, binolar va inshootlarga egalik huquqini belgilash hamda byudjetdan pul undirishga doir nizolar hakamlik sudlari tomonidan hal etilmasligi mustahkamlandi.
Byudjet intizomi mustahkamlanishi va mas’ul shaxslarning javobgarligi kuchaytirilishi nazarda tutildi.
Qonun hakamlik sudlari faoliyatini tashkil etishning qonuniy asoslarini mustahkamlash, malakali hakamlik sudyalari korpusini shakllantirish hamda byudjet mablag‘laridan samarali foydalanishni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Xususan, Byudjet kodeksining 187-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishga muvofiq, g‘aznachilik bo‘linmalarida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yoki ro‘yxatdan o‘tkazilishi rad etilgan shartnomalar (hamda ularga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar) asosida tovar, ish va xizmatlarni qabul qilib olish byudjet intizomini buzish deb baholanishi belgilandi.
Bosh prokuraturaning Iqtisodiy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash boshqarmasi tomonidan joriy yilda iqtisodiy sudlarda davlat xaridlari bilan bog‘liq nizolar ko‘rilishi bo‘yicha sud amaliyoti o‘rganilib, umumlashtirildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, qonunbuzilish holatlari yuzasidan 36 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 124 nafar shaxs ma’muriy va intizomiy javobgarlikka tortildi.
Byudjetdan 420,2 milliard so‘m undirish haqidagi 682 ta sud hujjati ustidan 449 ta protest, 203 ta shikoyat va 30 ta ariza kiritilishi ta’minlandi.
Eslatib o‘tamiz, amaldagi Jinoyat kodeksining 184-1-moddasida byudjet intizomini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Endilikda g‘aznachilik bo‘linmalarida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yoki ro‘yxatdan o‘tkazilishi rad etilgan shartnomalar asosida tovarlar, ishlar va xizmatlarni qabul qilib olish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Ushbu qonun bilan, shuningdek, «Hakamlik sudlari to‘g‘risida»gi va «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunlarga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qonunning muhim jihati – byudjet mablag‘laridan qonuniy va maqsadli foydalanish, davlat manfaatlarini himoya qilish hamda hakamlik sudlari faoliyatida qonunchilik talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashdan iborat.
N.Abduraimova,
O‘zA