Davlat tibbiyot muassasalari 5 kunlik ish haftasi rejimiga o‘tkazildi
Prezidentimizning 2025-yil 9-noyabrdagi “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi qarorida shu yil 1-apreldan davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi 5 kunlik ish haftasiga o‘tkazilishi belgilangan.
Bunda shifo maskanlari faoliyatining uzluksizligini ta’minlash uchun bayram va dam olish kunlari navbatchilik asosida ishlash yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.
Ushbu hujjat ijrosi doirasida kuni kecha Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i bilan Davlat tibbiyot muassasalarida besh kunlik ish haftasini tashkil etishning vaqtinchalik tartibi tasdiqlandi.
Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan tibbiyot xodimlari uchun haftalik ish vaqti 36 soatdan oshmaydi.
Zararli va xavfli sharoitlarda ishlovchilar uchun qisqartirilgan ish vaqti qo‘llaniladi.
Yuqori ruhiy va aqliy zo‘riqishli ishlar uchun ham 36 soatdan oshmaydi.
Tibbiyot xodimlari bo‘lmaganlar uchun ish vaqti 40 soatni tashkil etadi.
Poliklinika va oilaviy shifokorlik punktlarida ish vaqti:
dushanba–juma: 08:00-20:00;
shanba: 08:00-14:00 (navbatchilik).
Sog‘liqni saqlashning yangi modeli joriy etilgan hududlarda:
asosiy ish vaqti: 08:00-16:00;
qo‘shimcha navbatchilik: 16:00–20:00.
Navbatchilik vazirlikning 254-son buyrug‘i asosida amalga oshiriladi. Ish haqi saqlanadi, kamaytirilmaydi. Ichki hujjatlar va mehnat shartnomalari qayta rasmiylashtiriladi.
Statsionarlarda navbatchilik doimiy tashkil etiladi. Smena va navbatchilik adolatli taqsimlanadi.
M.Qosimova,
O‘zA