Davlat idoralari HR bo‘linmalari uchun vacancy.gov.uz platformasida ishlash yanada osonlashdi
Davlat fuqarolik xizmatida vakant lavozimlarni boshqarish va tanlov jarayonlarini yanada shaffof, tezkor hamda samarali tashkil etish maqsadida vacancy.gov.uz platformasida inson resurslarini boshqarish bo‘linmalari (HR) uchun yangi funksional imkoniyatlar joriy etildi.
Endilikda davlat organlari va tashkilotlarining kadrlar xizmati hamda inson resurslarini boshqarish va rivojlantirishga mas’ul xodimlari uchun zarur bo‘lgan barcha ma’lumotlar yagona, zamonaviy va foydalanishga qulay interfeysda jamlandi.
Yangi tizim qanday imkoniyatlarni yaratadi?
Markazlashgan monitoring – davlat organlari va tashkilotlari tasarrufidagi tashkilotlardagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari holatini yagona elektron tizim orqali kuzatish va tahlil qilish imkoniyati yaratildi.
Real vaqt rejimida nazorat – vakansiyalarni e’lon qilish jarayoni, tanlov bosqichlari va belgilangan muddatlarga rioya etilishi onlayn tarzda nazorat qilinadi.
Tezkor ogohlantirish tizimi – muddati yakunlangan, yakunlanishiga 3 kundan kam vaqt qolgan yoki hali e’lon qilinmagan vakansiyalar haqida avtomatik axborot olish imkoniyati mavjud.
Jarayonni bosqichma-bosqich kuzatish – ariza qabul qilishdan tortib, malakasini baholash, test sinovlari va suhbat bosqichlarigacha bo‘lgan jarayonlarni tahlil qilish mumkin.
Qog‘ozbozlikni qisqartirish – qo‘shimcha hisobotlar tayyorlash zarurati kamayib, barcha zarur ma’lumotlarni yagona elektron platforma orqali tez va oson olish imkoniyati yaratildi.
Yangi imkoniyatlar qanday natija beradi?
Yangi funksional imkoniyatlar vakansiyalarni boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish, kadrlar faoliyatini samarali muvofiqlashtirish va inson resurslarini strategik boshqarishga xizmat qiladi.
Mazkur yangiliklar aniq tahlillarga tayangan holda tezkor va samarali boshqaruv qarorlarini qabul qilishga yordam beradi.
N.Abduraimova, O‘zA