Davlat fuqarolik xizmatchilariga malaka darajasi beriladi
Bugungi kunda yurtimizda davlat fuqarolik xizmati sohasida keng islohotlar olib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi davlat fuqarolik xizmati tizimida olib borilayotgan islohotlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga huquqiy poydevor bo‘ldi. Qonun bilan davlat fuqarolik xizmatchisining huquqiy maqomi, lavozimlar toifalari va malaka darajalari, davlat fuqarolik xizmatiga kirish, o‘tash va tugatish jarayonlarining yagona tartibi, yagona davlat fuqarolik xizmatining tashkiliy-huquqiy mexanizmi belgilab berildi.

Ta’kidlash joizki, shu kunga qadar davlat fuqarolik xizmatchisiga malaka darajasini berishning aniq tartiboti ishlab chiqilmagan edi. Faqatgina O‘zbekiston Respublikasi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunning 24-moddasiga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchilariga davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining guruhlari va toifalaridan kelib chiqqan holda davlat fuqarolik xizmati lavozimlariga uchta toifaga bo‘lingan 10 ta malaka darajasi berilishi nazarda tutilgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 iyundagi “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan “Davlat fuqarolik xizmatchilariga malaka darajalarini berish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Davlat fuqarolik xizmatchisining malaka darajasi – davlat fuqarolik xizmatchisining lavozimi, uning kasbiy darajasi, ish staji va uning kasbiy bilimlari, ko‘nikmalari va qobiliyatlariga mos keladigan hamda belgilangan tartibda va baholash mezonlari asosida shaxsan tayinlangan daraja hisoblanadi.
Bunday toifalanishning kiritilishi davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatining samarali tashkil etilishi, ularning sohaga bo‘lgan motivatsiyasini oshirishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Davlat fuqarolik xizmatchisiga malaka darajasini berish nafaqat intizomni mustahkamlash, davlat xizmatchilarining imiji va obro‘sini oshirish, uning lavozimi va xizmat tajribasini, ma’lum bir davlat xodimi sifatidagi vakolatlarini belgilab beruvchi omildir.
Nizomga asosan davlat fuqarolik xizmatchilariga malaka darajalari qoida tariqasida izchil tartibda oliy ma’lumotga va muayyan ish stajiga, malaka oshirganligi to‘g‘risidagi sertifikatga, malaka komissiyasining ijobiy xulosasiga ega bo‘lgan taqdirda beriladi. Bunda davlat fuqarolik xizmatchisining egallab turgan lavozimi yoki unga oldingi ish joyida berilgan maxsus unvoni (martaba va malaka darajasi) inobatga olinadi. Oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan davlat fuqarolik xizmatchilariga malaka komissiyasi qaroriga asosan “6-, 5-malaka darajalari” berilishi mumkin.
Mudofaa ishlari, favqulodda vaziyatlar, sud, huquqni muhofaza qiluvchi yoki boshqa davlat organlarining maxsus unvon va martaba darajasiga ega bo‘lgan hamda davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilingan shaxslarga malaka darajasi Davlat fuqarolik xizmati malaka darajalarining boshqa organlarning unvon va martaba darajalariga nisbatini hisobga olgan holda beriladi.
Davlat fuqarolik xizmatchisining malaka darajasida bo‘lish muddatiga uning davlat fuqarolik xizmati tatbiq qilinadigan davlat organi va tashkilotidagi ish staji kiritiladi. Qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollarda, navbatdagi malaka darajasini berishda davlat fuqarolik xizmati tatbiq etilmaydigan tashkilotlardagi ish staji ham inobatga olinadi.
Malaka darajalari bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish va tegishli xulosa qabul qilish uchun davlat organida besh nafardan yetti nafargacha a’zodan iborat Malaka komissiyasi tuziladi. Malaka komissiyasi tarkibiga qoida tariqasida davlat organi rahbari (uning o‘rinbosari), inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmasi rahbari (xodimi), tarkibiy tuzilmalari rahbarlari, yuridik xizmati rahbari (xodimi) va kasaba uyushmasi rahbari kiritiladi. Davlat organining inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmasi Malaka komissiyasining ishchi organi hisoblanadi.
Davlat organi rahbari Agentlik bilan kelishilgan holda:
- ishda alohida o‘rnak ko‘rsatgan yoki xizmat burchini namunali ijro etgan davlat fuqarolik xizmatchilariga amaldagi mavjud malaka darajasida bo‘lish muddatining, qoida tariqasida, kamida yarmini o‘taganidan so‘ng rag‘batlantirish maqsadida muddatidan oldin navbatdagi malaka darajasi berishga;
- izchillikka rioya qilmagan holda, lekin davlat fuqarolik xizmatchisi yuqori davlat fuqarolik xizmati lavozimiga tayinlanganda o‘zi ega bo‘lgan malaka darajasidan ikki daraja yuqori bo‘lmagan malaka darajasi berishga;
- birinchi marta malaka darajasi berilayotgan davlat fuqarolik xizmatchilariga ular egallab turgan davlat fuqarolik xizmati lavozimi bo‘yicha berilishi mumkin bo‘lgan eng yuqori malaka darajasidan bir daraja past malaka darajasini yoki ungacha bo‘lgan malaka darajalaridan birini berishga haqli.
Yuqorida qayd qilingan bandlar bo‘yicha “1-darajali xizmatchi” malaka darajasi Agentlik direktori tomonidan beriladigan hollarda tegishli davlat organi tomonidan Agentlik direktori nomiga taqdimnoma kiritiladi.
Davlat fuqarolik xizmatida ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslarga malaka darajasi davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallagandan keyin kamida olti oy o‘tgach izchillikka rioya qilgan holda “6-darajali xizmatchi” malaka darajasi beriladi.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunning 46-moddasida davlat fuqarolik xizmatchisiga nisbatan qo‘llaniladigan intizomiy jazo choralari belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra malaka darajasini pasaytirish ham intizomiy jazo turlaridan biri hisoblanadi. Shu sababli nizomda malaka darajalarini berish bilan birga pasaytirish hamda undan mahrum qilish tartibi ham belgilangan.
Shunga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchilarining malaka darajalari intizomiy jazo tariqasida bir pog‘ona pasaytirilishi mumkin. Bunda malaka darajasini pasaytirish to‘g‘risidagi qaror malaka darajasi bergan davlat organi rahbari tomonidan Agentlik bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Davlat fuqarolik xizmatchilarining avvalgi malaka darajasi tiklangan va ularga navbatdagi malaka darajasi berilgunga qadar malaka darajasini takroran pasaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Davlat fuqarolik xizmatchisi jinoyat sodir etgani uchun sudning qonuniy kuchga kirgan hukmiga binoan malaka darajasidan mahrum etilishi mumkin.
Berilgan malaka darajasi davlat fuqarolik xizmatchisining xizmat guvohnomasida ko‘rsatiladi hamda malaka darajasiga oid hujjatlar uning shaxsiy hujjatlari to‘plamida saqlanadi. Malaka darajasi berilganligi bo‘yicha buyruq (farmoyish, qaror va boshqa) “hrm.argos.uz” elektron tizimiga tegishli davlat organining inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmasi tomonidan kiritiladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, davlat fuqarolik xizmatchilariga malaka darajalari berilishi ularning kasbiy kompetensiyalarini oshirib borish, moddiy rag‘batlantirish, davlat xizmatchilari ishini natijadorlikka yo‘naltirish, mehnatga haq to‘lashning jozibadorligini oshirish, kasbiy tayyorgarlik darajasi lavozimga qo‘yiladigan malaka talablariga muvofiqligini ta’minlashda muhim omil hisoblanadi.
Hayotbek Akbarov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi
Andijon viloyat filiali rahbari o‘rinbosari.
O‘zA