Uzoqqa bormagan yangi ko‘prik
Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani Xiyobon mahallasida Qizildaryo ustiga qurilgan ko‘prikning avariya holatiga kelib qolishi aholi o‘rtasida jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Foydalanishga topshirilganiga hali to‘rt yil ham to‘lmagan inshootning sel suvlari ta’sirida cho‘kib ketgani ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda. Ushbu masala yuzasidan jamoatchilik fikri va mas’ullarning munosabatini o‘rganish maqsadida O‘zA muxbiri hududda bo‘ldi.
Mahallada yashovchi Qarshi bobo Tovosharovning aytishicha, mazkur hudud tog‘ yon bag‘rida joylashgan bo‘lib, bahor faslida sel kelish holatlari tez-tez kuzatiladi.
– Eski ko‘prik 1991-yilda qurilgan bo‘lib, katta sel oqimi natijasida vayron bo‘lgan edi. Shundan keyin yangi ko‘prik qurilishi boshlanib, 2022-yilda foydalanishga topshirildi. Ammo joriy yil may oyidagi kuchli yog‘ingarchiliklardan keyin kelgan sel suvlari ko‘prikning asos qismini yuvib ketdi. Natijada ustunlari cho‘kib, harakatlanish xavfli holatga keldi. Agar daryo o‘zanini tartibga soluvchi damba qurilmasa, bunday muammo yana takrorlanishi mumkin, – deydi u.



Xiyobon mahallasi fuqarolar yig‘ini raisi Ja’far Rahimovning ta’kidlashicha, ko‘prik mahalla aholisi uchun muhim ijtimoiy ahamiyatga ega.
– Mahallamizda qariyb 3 ming 900 nafar aholi yashaydi. Daryoning narigi qirg‘og‘ida ham yuzdan ortiq xonadon bor. Bolalar maktab va bog‘chaga qatnaydi, aholi kundalik ishlari uchun ushbu yo‘ldan foydalanadi. Hozir ko‘prikda yoriqlar paydo bo‘lgani sababli harakat xavfli deb topildi va u to‘sib qo‘yildi. Endi aholi 4-5 kilometr aylanma yo‘l orqali harakatlanishga majbur bo‘lmoqda, – deydi mahalla raisi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, muammo haqida tuman hokimligi va tegishli idoralarga xabar berilgan. Hududga kelgan mutaxassislar ko‘prik holatini o‘rganib chiqib, xavfsizlik nuqtai nazaridan transport vositalari va piyodalar harakatini vaqtincha cheklash bo‘yicha qaror qabul qilgan.


Yakkabog‘ tumani hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Elbek Beknayevning ma’lum qilishicha, ko‘prikni tiklash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilangan.
– Kuchli sel oqimi natijasida ko‘prikning tayanch qismlari ochilib qolgan va inshoot avariya holatiga kelgan. Shu munosabat bilan pudratchi tashkilotlar tomonidan ko‘prik demontaj qilinib, uning asos qismi mustahkamlangandan keyin qayta quriladi. Ishlarni yaqin kunlarda boshlash rejalashtirilgan. Shu bilan birga, daryo oqimini tartibga solish maqsadida ko‘prikdan quyiroq qismida damba ham barpo etiladi. Bu ishlar bir vaqtning o‘zida amalga oshiriladi, – dedi mutasaddi.


Mutaxassislar fikricha, sel oqimlari tez-tez kuzatiladigan hududlarda bunday inshootlarni qurishda gidrotexnik muhofaza choralarini ham kompleks tarzda amalga oshirish muhim ahamiyatga ega.



Ayni paytda aholini qiynab kelayotgan masalaning tezkor hal etilishi, ko‘prikning mustahkam holda qayta qurilishi va daryo o‘zanini muhofaza qilish bo‘yicha rejalashtirilgan ishlar o‘z vaqtida bajarilishi kutilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA