Dasturxonga, ro‘zg‘orga, hamyonga birdek baraka keltirayotgan loyiha
Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholiga sifatli mahsulotlar yetkazib berishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi yerlar o‘zlashtirilib, samarali loyihalar amalga oshirilmoqda. Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida yillar davomida samarasiz yotgan lalmi yerlar bugun obod qilinib, qovun-tarvuz mahsulotlari yetishtirilmoqda va xorij davlatlariga eksport qilinayapti.
Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan “Mirzacho‘l Agro Star” MCHJ tomonidan “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati ko‘magi bilan Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida qovun-tarvuz yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. E’tiborli jihati, tarvuz urug‘lari ilmiy tadqiqot instituti olimlari hamda xitoylik mutaxassislar tavsiyasi asosida laboratoriya sharoitida yetishtirilib, o‘z vaqtida kerakli ozuqalar berildi. Bu esa hosilning kasallikka chidamliligini oshirishga xizmat qildi. Ko‘chatlar plyonka ostida duga usulida parvarish qilindi. Bugun qilingan xarajat va mehnat o‘z natijasini berdi. Tarvuzlar pishib, bozorga tayyor bo‘ldi.
– Biz kutgan darajadan ham ko‘ra ko‘proq natijaga erishdik, – dedi tadbirkor dehqon Iskandar Safarov. – Tarvuzlarimizning ayrimlari vazni 20-22 kilogrammni tashkil qilmoqda. Ularning barini hech qanday kimyoviy dorilarsiz, o‘zining maxsus o‘g‘itlari bilan yetishtirdik. Organik o‘g‘itlardan foydalanganimiz uchun eksportchilarimiz juda ko‘p. Jumladan, Belarus, Qozog‘iston, Tojikistondan talablar kelib tushmoqda. Xorijlik xaridorlar kelib mahsulotlarimizni ko‘rib, talabgor bo‘lib, shartnoma tuzib ketishyapti. Bugundan Rossiyaga ham poliz mahsulotlarini eksport qilishni boshladik. Kelgusida yanada yuqori natijalarga erishish maqsadida yerlarni kengaytirib, hosildorlikni oshiramiz.

Xitoy tajribasi asosida, ya’ni ko‘chatlar pushta oralig‘i 1,2-1,5 metrni tashkil qilgani, bir gektar maydonga 15 ming tup ko‘chat ekilgani hosildorlikni ikki baravarga oshirish imkonini beradi. Har bir agrotexnik tadbir ilmiy yondashuv asosida olib borilgani, yangi navlardan foydalanilgani, ko‘chatlar laboratoriya sharoitida yetishtirilgani hosildorlikni oshirdi. Jamiyat tomonidan 20 turdagi yangi navlar tajriba sifatida ekildi. Amerikaning “xoller” navi ko‘chatining mustahkamligi, kasallikka chidamliligi va hosildorligi bilan ajralib tursa, kichik hajmli Xitoy navlari esa eksportbopligi bilan samarali bo‘ldi. Suvni iqtisod qilish, yuqori hosildorlikka erishish maqsadida tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etildi.
– Ekish mavsumida asosan zamonaviy ilg‘or texnologiyalarga tayangan holda sug‘orish ishlari olib borildi, – dedi agronom Sherali Mirzayev. – Poliz mahsulotlari kimyoviy o‘g‘itlarning kamligi va asosan organik moddalardan foydalangani bilan ajralib turadi. Bunday tabiiy tarzda yetishtirilgan mahsulotlarga xorijiy davlatlarda ham qiziqish katta. Ularning tannarxi ham eksportyorlar tomonidan balandroq narxda sotib olinmoqda. “Mirzacho‘l Agro Star” MCHJ tomonidan tajriba tariqasida birinchi marta Ko‘kdala tumanida tarvuz yetishtirdik. O‘ylaganimizdan ham ko‘ra yaxshiroq hosil oldik. Gektaridan 50-60 tonnadan hosil yetishtirdik. Hosilning 40 foizini xorijga eksport qilishni rejalashtirganmiz.

Ayni kunlarda yig‘im-terim ishlari qizg‘in pallaga kirdi. Organik usulda yetishtirilgan, kimyoviy preparatlar deyarli qo‘llanilmagan sifatli tarvuzlarni Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston davlatlariga eksportga chiqarish boshlandi.
– Tarvuzlar hozirda Moskva shahriga eksport qilinyapti, – dedi Abdurashid Berdimurodov. – 4-5 yildan beri eksport bilan shug‘ullanamiz. Har yili Ko‘kdala tumanidan, Jizzaxdan sifatli tarvuzlarni eksport qilyapmiz. Bugun “Mirzacho‘l Agro Star” yerlarida yetishtirilgan sifatli tarvuzlarni Rossiyaga eksport qilyapmiz. Bugun yo‘lga chiqsak, besh kunda Rossiyaga yetib boramiz. O‘zimizning poliz mahsulotlarimizni Rossiyaga yetkazib berayotganimizdan juda mamnunmiz.
Darhaqiqat, bugun Ko‘kdalada yetishtirilayotgan ekologik toza tarvuzlarga xorij davlatlaridan talab va ehtiyoj ortayapti. Xorijiy kompaniyalar vakillari, eksportyorlar hududga kelib, o‘zlarining takliflarini bildirishayapti, shartnoma asosida mahsulotlar xorijga jo‘natilayapti.
Ushbu dalalarda yetishtirilgan tarvuzlarning 4 ming tonnasi eksportga yo‘naltiriladi, 6 ming tonnasi ichki bozorga yetkazib beriladi. Ayni kunlarda 100 ga yaqin doimiy va mavsumiy ishchilar hosil yig‘im- terimida ishtirok etishmoqda.
Shuningdek, Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida 16,7 milliard so‘m mablag‘ evaziga agromajmua barpo etilib, laboratoriya, tajriba uchastkalari, bir gektar maydonda issiqxona barpo etildi. 3 gektarlik tajriba maydonida 2 xil turdagi mahalliy va 4 turdagi Xitoydan keltirilgan navlar yetishtirilmoqda. Bir gektarlik zamonaviy issiqxonada esa to‘rt xil mahalliy va o‘n turdagi Xitoyning qovun-tarvuz navlari O‘zbekiston sharoitida tajriba sifatida yetishtirildi. Agrotexnika talablari asosida parvarish qilingan poliz mahsulotlari bugun pishib yetilib, ichki bozorga chiqarila boshlandi.
Ayni kunlarda xorijiy qovun-tarvuzlar Qashqadaryo hamda Jizzax viloyatlaridagi yirik savdo majmualarining savdo rastalaridan o‘rin oldi.
– Savdo majmuasiga kelib, o‘zimizning poliz mahsulotlari pishib yetilganidan va ularning juda chiroyli tarzda qadoqlanib savdoga chiqarilganidan juda mamnunmiz, – dedi Kamron Abdurahmonov. – Tarvuzlarning hajmi juda katta ham, kichik ham emas. Narxi hamyonbop. Qovun-tarvuz mahsulotlarini yetishtiruvchi “Mirzacho‘l Agro Star” kompaniyasi haqida eshitganman. Bu tarvuzlarni uyga olib borib, tanovvul qilib, keyin yana bahosini beramiz. Bunday mahsulotlar yurtimiz xaridorlari uchun ham, eksport uchun ham juda qulay.
Albatta, maxsus to‘r idishlarga joylangan, kichik hajmdagi va shuningdek turli rangdagi qovun-tarvuzlar xaridorlarga manzur bo‘lmoqda. Ushbu mahsulotlarga talab va ehtiyoj oshayapti.
Endilikda qovun-tarvuzlarning ushbu xorijiy navlari yil – o‘n ikki oy davomida issiqxonalarda yetishtirilib, aholiga yetkazib berish rejalashtirilayapti.
“O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati faol qo‘llab-quvvatlayotgan ushbu tadbirkorlik loyihasi xalqimiz dasturxonining to‘kinligi, ishbilarmon, mirishkor dehqonlar mehnatining yanada samarali bo‘lishida muhim omildir.
N.Usmonova,
O‘zA