Chorvachilikda xalqaro hamkorlik yangi imkoniyatlar beradi
Oxirgi yillarda Ohangaron tumani chorvachilik salohiyatini oshirish, fermer xo‘jaliklarini yuqori mahsuldor nasldor qoramollar bilan ta’minlash maqsadida xalqaro hamkorlik aloqalari kengaytirilmoqda.
Ayni kunlarda tuman hokimi B.Norqobilov Avstriya davlatida bo‘lib, naslchilik chorvachiligi yo‘nalishida muzokaralar olib bormoqda. Tashrif doirasida Avstriyaning “Rind Steiermark” kompaniyasi rahbarlaridan biri Georg Shtayner bilan qoramollar genetikasini takomillashtirish, naslchilik qiymatini baholash va nasldor hayvonlar yetkazib berish masalalari muhokama qilindi.

Hamkorlikda “Simmental”, “Golshtin” va “Qo‘ng‘ir Shvits” zotlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, Polsha davlatidagi nasldor qoramollar eksportiga ixtisoslashgan “Przedsiębiorstwo Holstein” kompaniyasi boshqaruvi raisi Monika Reshko bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda Yevropadan O‘zbekistonga nasldor qoramollar olib kelish, ularni genetik salohiyati, sog‘lig‘i va mahsuldorligiga qarab tanlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Erishilgan kelishuvlar doirasida Ohangaron tumaniga nasldor qoramollar yetkazib berish boshlandi. Jumladan, “Azia Agro baraka” MCHJga 270 bosh simmental zotli qoramol olib kelindi. Yaqin vaqtda xo‘jalikka yana 230 bosh qoramol yetkazib berish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, tumandagi boshqa fermer xo‘jaliklari uchun ham ming boshdan ziyod naslli qoramol olib kelish ko‘zda tutilgan.

Mazkur tashabbuslar chorvachilikni rivojlantirish, qoramollar mahsuldorligini oshirish va fermer xo‘jaliklarining naslchilik bazasini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, Ohangaron tumani bo‘yicha 2026-yil qoramolchilikda 20 ta loyiha qilinishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, tashabbuskorlar tomonidan tarmoq jadvallari shakllantirilib, natijada qiymati 71 milliard 792 million so‘mlik 3 ming 321 bosh naslli qoramollar keltirilishi kutilmoqda.
A.Musayev, O‘zA