O‘qituvchilarga havas qilaman
Olti yoshlarda edim. Hali maktabga chiqmagan murg‘ak qalbimda o‘qituvchi bo‘lish orzusi bo‘lardi.
Bu shunchaki bolalarcha havas emas, men uchun jiddiy mashg‘ulot edi. Mahalla bolalari bilan “askar-askar” o‘ynardik, men ularni safga tizardim, shaxdam qadam tashlab saf yurish mashqlarini bajartirardim, bog‘cha opamdan o‘rgangan harflarni ularga ham o‘rgatgan bo‘lardim. Go‘yo o‘qituvchimanu, muhim mas’uliyat yelkamda edi. Dadamning xizmat joyida ko‘rganlarim ham bolalik tasavvurlarimga ta’sir qilgan bo‘lsa kerak-da. Hatto uy devoriga harflar yozib, xayoliy o‘quvchilarimga saboq bergan paytlarim bo‘lgan. Maktabga borgach, o‘qituvchilikka bo‘lgan qiziqishim yanada ortdi. Ustozimni yaxshi ko‘rardim, uning harakatlarini kuzatardim, o‘zimni uning o‘rnida tasavvur qilardim. O‘qituvchi bo‘lish men uchun shunchaki kasb emas, bolalarni o‘qitish, ularga nimanidir o‘rgatish, qalbga yo‘l topish edi.
Ammo, bolalik orzulari hamisha hayotning haqiqati bilan bir xil bo‘lavermas ekan. Sinfimizda qirq nafar o‘quvchi bor edi. O‘qituvchimning qirq o‘quvchisiyu, qirq tashvishi. Bolalarning har biriga saboq berish, ularning savollariga javob topish, xulq-atvorini kuzatish, bilimdagi farqni hisobga olish bularning barchasi o‘qituvchining zimmasida edi. Bugun ta’lim sifati, individual yondashuv va har bir bolaning qobiliyati haqida gapirganda, o‘sha qirq nafar o‘quvchiga birdek e’tibor berish qanchalik qiyin bo‘lganini eslayman. Uning ustiga, sentabr oyida boshlanishi kerak bo‘lgan o‘quv yili ba’zan paxta terimi sababli izdan chiqardi. Dars o‘rniga dalaga chiqishga to‘g‘ri kelgan kunlar bo‘lardi. O‘quvchilarning vazifasi faqat bilim olishdan iborat bo‘lmay, temir-tersak ham yig‘ardik. Go‘yo bu ishlarni bajarmasak, o‘qituvchining ozgina maoshidan ham ushlab qolinishi mumkin edi. Darslarda shu mavzu bot-bot aytilgani uchun ham esimda qolgan. Bolaligimizda buning sababini to‘liq anglamaganmiz, ammo ustozning yelkasida faqat dars emas, bizga bevosita aloqasi bo‘lmagan tashvishlar ham borligini sezardik.
Eng og‘iri, nazarimda, o‘qituvchining mehnati bilan uning qadri o‘rtasidagi tafovut edi. U bolaga bilim berishi, uni tarbiyalashi, kelajakka tayyorlashi kerak edi aslida. Biroq uning vaqti, kuch-g‘ayrati va imkoniyati ko‘pincha ta’limga bevosita daxldor bo‘lmagan yumushlarga ham sarflanardi. Ustozning obro‘si haqida gapirilar, ammo uning mehnat sharoiti, maoshi va kasbiy mustaqilligi har doim ham shu e’tirofga mos kelavermasdi.
Balki shu va shu kabi manzaralar bolalik orzumga soya solgandir. Men o‘qituvchi bo‘lishni istardim, lekin o‘qituvchining hayotini ko‘rib, bu yo‘ldan qaytdim. O‘shanda bu qarorimning sabablarini chuqur tahlil qilmaganman. Faqat ich-ichimdan bu kasbni tanlamaslikka ahd qilganman.
Oliy ta’limga kirishni maqsad qilganimda, dadamning maslahatiga quloq tutmaganim uchun bugun afsuslanaman. Dadam o‘shanda “Qizim, bu sohani qo‘y. Senda pedagogik mahorat bor. O‘qituvchi bo‘l. Hali zamonlar keladi, ta’lim o‘zgaradi, o‘qituvchilik kasbiga munosabat o‘zgaradi” degandilar. Dadamning gaplarida shunchaki tasalli emas, kelajakka ishonch bor edi. Ammo men o‘sha paytda bu ishonchni qabul qilmadim. Ta’lim o‘zgarishi, o‘qituvchining mehnatiga munosabat boshqacha bo‘lishi mumkinligini tasavvur qilish qiyin edi. Yillar o‘tdi. Men boshqa yo‘lni tanladim.
Bugun Yangi O‘zbekiston yangicha qiyofada ko‘z oldimizda namoyon bo‘lmoqda. Barcha jabhada, shu o‘rinda, ta’lim sohasidagi islohotlarni ko‘rib, dadamning bundan ancha yillar avval aytgan gaplari tez-tez yodimga tushadi. So‘nggi yillarda maktabgacha va maktab ta’limini rivojlantirish, ta’lim muassasalari imkoniyatlarini kengaytirish, o‘qituvchilarning mehnatini rag‘batlantirish va kasb nufuzini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hukumat qarorlariga muvofiq, o‘qituvchilarga ijtimoiy, moliyaviy hamda kasbiy yo‘nalishlarda qator imtiyozlar va qulayliklar taqdim etilmoqda. Jumladan, moliyaviy rag‘batlantirish va ustamalar, ijtimoiy himoya va uy-joy imtiyozlari, farzandlarining shartnoma to‘lovlarida chegirma, oila a’zolari va farzandlari uchun imtiyozlar, davlat xizmatlariga 50% chegirma, transport chiptalariga chegirmalar, xorijda stajirovka, yosh kadrlarga avtomatik toifa berilishi belgilangan.
Albatta, ta’limdagi islohotlarni faqat bino, jihoz yoki maosh bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Zamonaviy maktab, yaxshi jihozlangan sinfxona va munosib ish haqi muhim. Lekin ularning barchasi yakuniy maqsadga, sifatli ta’limga xizmat qilishi kerak. Buning uchun o‘qituvchi o‘zini faqat vazifalar ijrochisi emas, balki bolaning intellektual va ma’naviy kamoloti uchun mas’ul mutaxassis sifatida his qilishi zarur. Uning vaqtini ortiqcha yumushlar emas, darsga tayyorgarlik, izlanish va o‘quvchi bilan ishlash to‘ldirishi lozim. Chunki bolaning kelajakda qaysi kasbni tanlashiga ba’zan bir ustozning munosabati, bir og‘iz gapi yoki bergan ishonchi ta’sir qiladi.
Oradan birmuncha vaqt o‘tdi. Men esa dadamning naqadar haq ekanliklariga guvoh bo‘lib bormoqdaman: ta’lim o‘zgarmoqda. Endi eng muhimi islohotlar har bir maktabda, har bir sinfda va har bir o‘qituvchining hayotida sezilsin. Ustozning qadri baland, mehnati e’zozli, mas’uliyati esa zarur imkoniyatlar bilan ta’minlangan bo‘lsin.
Men o‘sha paytda o‘qituvchi bo‘lish orzusidan qaytdim. Bugun esa biror bola ustozining qadrsizlanganini ko‘rib, o‘z orzusidan voz kechmasligini istayman. Chunki o‘qituvchining qadri yuksalgan joyda ta’limning sifatiga, bolaning kelajagiga va jamiyatning ertasiga ishonch ortadi.
Ha, darvoqe, so‘zim so‘nggida o‘qituvchilik kasbi naqadar aziz va hurmatga sazovor ekanini yana bir bor ta’kidlab o‘tmoqchiman. Xalqimizda “Ustoz otangdek ulug‘” degan purma’no bir hikmat bor. Bu hikmat bizlarga otalarimiz bizlarning dunyoga kelishimizga sababchi insonimiz ekanini uqtirsa, ustozlarimiz yerdan ko‘kka chiqishimizga, komil inson bo‘lishimizga undovchi ulug‘ zotlar ekanini eslatib turadi.
Shohista ABDURAHMONOVA,
san’atshunos.
O‘zA