Chingiz Aytmatovning so‘nggi iqrorlari
Haftaning har shanba va yakshanba kunlari O‘zAda jahon adabiyotining buyuk vakili Chingiz Aytmatov va yapon mutafakkir-adibi Ikeda Daysakuning turli mavzulardagi suhbatini e’tiboringizga havola etib boramiz. Suhbat Chingiz Aytmatovning «Buyuk ruh qasidasi» nomli kitobidan tarjima qilingan...
(Davomi. Oldingi qismi 16 iyulda e’lon qilingan)
Ikeda: – Men “avlodlar uzilishi” nima bilan bog‘liqligi haqida juda ko‘p o‘yladim va nihoyatda muhim deb hisoblagan fikrimda to‘xtashga qaror qildim.
P. F. Drukerning “Uzilgan vaqt” kitobi dunyoga kelganidan buyon, taxminan chorak asr vaqt o‘tdi, lekin aynan hozir, avval hech bo‘lmagan “avlodlar uzilishi” ko‘zga tashlanayapti. Aynan hozir bu hodisa jiddiy sotsial muammoga aylandi. Albatta, “uzilish” hamma davrda ham bo‘lgan. Faqat aynan hozir, va hammasidan burun oila institutining keskin zaiflashishi oqibatida, odamlarning fojeali begonalashuvi vujudga keldi. Va dunyodagi bu o‘zgarishlar shu qadar shitob bilan ro‘y berayaptiki, bugungi yosh avlod, qanchadir yil o‘tib, butkul qariyaga aylanib qolishi mumkin.
Ch.Aytmatov: – Ayanchli fikr! Bunday “o‘zgarish”ni nima bilan izohlagan bo‘lardingiz?
Ikeda: – Bilasizmi, Bill Klintonning inauguratsion nutqi, ya’ni AQSH prezidentining Amerika xalqiga murojaati – jamiyat xizmatiga idealizm nuqtai nazari bilan bel bog‘lash – meni hayratga soldi va mamnun qildi. O, juda ko‘pchilik, ayniqsa yoshlar uchun, umid qilamanki, shu so‘zning o‘zi – qariyb unutilgan, – toza shamol nafasi yanglig‘ yangradi. Va istisno emaski, u ayrim umidsiz skeptiklarning g‘ashiga ham tegdi: Qanaqa idealizm, dunyo halokatga mahkumligimizni tinmay takrorlab yotibdi-ku.
Ch.Aytmatov: – Esxatologik jazava insoniyat tarixida bir marta avj olgani yo‘q. “Oxirzamon” payg‘ambarlarining hisobiga yetib bo‘lmaydi. Qo‘rqinchli tomoni shundaki, ular odamlardan yashash irodasini, kelajakka, tarixiy taraqqiyotga ishonchni tortib olishadi, birinchi navbatda, yana o‘sha yoshlarga surbetlikni yuqtirishadi. Ular uchun na ma’naviy qadriyatlar bor, na ideallar. Eh, dunyo mavjudliklari “jozibasi”dan zavqlanishga faqat so‘nggi daqiqada ulgurib bo‘larmidi.
Ikeda: – Yoshlarda o‘z joniga qasd qilishga qiziqish uyg‘otayotgan falsafani, mohiyatiga ko‘ra jinoyatkorona ommaviy madaniyat, deyish mumkin.
Aytmatov. Ojizlikni, umidsizlikni ko‘r-ko‘rona himoya qilish yaxshi emas. Kechirilmas gunoh bu.
Ikeda: – Ammo nimaiki demaylik, zamonaviy jamiyatni, qanday bo‘lsa shundayligicha, katta avlod yaratadi. Demak, “bolalar – jamiyat ko‘zgusi” ekan, ularda nimadir noxushlik ko‘rsak, qoralashga shoshilmaylik. Axir, ularda ko‘zga tashlanayotgan aks o‘zimizniki emasmi?
Ch.Aytmatov: – Qoralash – yo‘q, albatta. Ota bolani erkalashi meni ko‘proq tashvishga soladi.
Ikeda: – Menimcha, eng asosiysi, qoralash yoki maqtash emas, ishonish. Biz buni uddalaymizmi? Bu munosabatda faqat ishonch tili umumiy til bo‘lishi mumkin, biz hammasidan burun – samimiy, beriyo, to‘la xayrixoh va mehribon bo‘la olamizmi? Yo‘q, unga behuda “leksiya”lar kerakmas. Yaponiyada o‘rta maktab o‘qituvchilari bu borada hasrat qiladilar. Aytishlaricha, ular uchun eng qiyini – axloq muammolari to‘g‘risida suhbatlashish. Yoshlarga aniq axloqiy tushunchalar haqida qancha ko‘p gapirsang, urinishlaring havoga sovrilayotganini shuncha ko‘proq his etasan...
Ch.Aytmatov: – So‘z, so‘z... O‘lik so‘z tirik aks-sado bermaydi.
Ikeda: – Men buni o‘z tajribamdan ham bilaman – yoshlar bilan muloqotda savollarga javob bera turib his etaman. Yoshlarning ishonchiga ishonch bilan javob berish zarur. Aftidan, ko‘ngillari qay daraja keng ekanini, yoshlarga samimiyat yetishmasligidan yozg‘iruvchi kattalarning o‘zlaridan so‘rab ko‘rish kerak.
Ch.Aytmatov: – O‘z hayotiy tajribalarimga tayangan holda yoshlarga nima deyishni xohlardim?
Birinchisi. Dunyodagi barcha go‘zalliklar kabi yoshlik ham tez o‘tib ketguvchi fasl. Bugun yosh, ertaga yoshi qaytgansan. Shuning uchun dunyoga bolalarcha yengil qaramang, hali yoshman-ku deb o‘ylamang. Yaxshilik va yomonlik barcha yoshdagilar uchun bir xil. Yoshlik xudbinliklari bilan uzoq vaqt ovunib bo‘lmaydi, bo‘yningda katta odamning mas’uliyati borligi haqida ancha yosh paytingdanoq o‘z-o‘zingga aytib turishing kerak. Yetilgan aql yoshlarning yosh bo‘lishiga xalal bermaydi.
Ikkinchisi. Otalarcha maslahat. Sotsial inqilobga ko‘z tikmang, yoshlar. Inqilob bu – ojiz telbalarning isyoni, ommaviy zo‘ravonlik va millatning, xalqning, jamiyatning umumiy halokati. Demokratik islohotga yo‘l izlang. Tadrijiy rivojlanish ko‘proq vaqt, sabr-toqat va murosa, tiklanish, baxtiyorlikni kuchaytirishni talab qiladi, uni zo‘rlik bilan kuchaytirishni emas...
Yaratgandan o‘tinib so‘rayman: yosh avlod, mayli, bizning xatolarimizdan saboq olsin!
(Davomi bor)
Rus tilidan OYDINNISO tarjimasi