Chingiz Aytmatovning so‘nggi iqrorlari
Haftaning har shanba va yakshanba kunlari O‘zAda jahon adabiyotining buyuk vakili Chingiz Aytmatov va yapon mutafakkir-adibi Ikeda Daysakuning turli mavzulardagi suhbatini e’tiboringizga havola etib boramiz. Suhbat Chingiz Aytmatovning «Buyuk ruh qasidasi» nomli kitobidan tarjima qilingan...
(Davomi. Oldingi qismi 2 iyulda e’lon qilingan)
Ikeda: – Bolalarga bunday munosabat qilish uchun chuqur e’tiqodli odam bo‘lish kerak.
Ch.Aytmatov: – U shunday bo‘lgan. Masihning: “Sizga haqiqatni aytaman, agar o‘zgarmasangiz va xuddi bolalar kabi bo‘lmasangiz, Xudoning mag‘firatiga sazovor bo‘lolmaysiz”, degan o‘lmas o‘giti yozuvchining yurak qoni bilan yozilgan matnda nur sochadi.
Ikeda: – Bugun aksariyat kattalar bolaligidan qariyb uyalishi, bosh tortishi yoki unga istehzo bilan qarashi, va hatto qo‘rqishi shu bilan izohlanmasmikan?
Ch.Aytmatov: – Kechirasiz, nima bilan?
Ikeda: – Ular avval his etgan tuyg‘ular endilikda soddalar jo‘shqinligiday tuyuladi. Endi ular bunga qodir emas. Ha, asosiysi, juda ko‘p narsalarni zimmasiga olish talab etiladi.
Ch.Aytmatov: – Menimcha, siz eng og‘riqli nuqtani topdingiz. O‘z vaqtida ayrim tanqidchilar “Oq kema” uchun meni bolaning nimjon yelkasiga ko‘tarib bo‘lmas darajada og‘ir yukni, anglab bo‘lmas hislar va undan ham battarroq fikrlarni ortganlikda ayblashdi. Bu nuqtai nazar, yumshoq qilib aytganda, insofsizlik. Qanday xafa bo‘lmaysiz, axir jamiyatning buzib ko‘rsatilgan g‘ayriinsoniy mafkurasi tufayli og‘riyotgan bola qalbining fojiasidan qochib qutulib bo‘lmaydi. Biz boshida chin yurakdan “Hamma yaxshi narsalar – bolalar uchun!”, “Sovet bolalari dunyoda eng baxtlidir!”, deb tantanali ravishda e’lon qilganimizni tan olishga tayyorman. Ammo bu “sovet turmush tarzi” targ‘iboti uchun xizmat qiluvchi yana bir surbet yolg‘on bo‘lib chiqdi. Eng qo‘rqinchlisi, davlat yangicha odam yasashni bog‘chadanoq, hatto undan ham oldin boshladi. Axir bu shaxsga zug‘um, biz tan olmaganimiz, soxta fan deb e’lon qilganimiz ilohiyot – genetikaga shafqatsiz xujum-ku. Bilmayman, katta tadbirlar va siyosiy marosimlardan nusxa ko‘chirishga, qalbsiz robot bo‘lishga majburlangan (albatta, o‘zi va davlat manfaati uchun) bola qanday azobni boshdan kechirishi mumkinligini adabiyotda to‘liq tasvirlab bo‘larmikan. XX asrning dahshatli misteriyasi! Iblisga bag‘ishlov!Ishonch bilan aytaman: gumanistik jamiyatning asosiy muammolaridan biri – bolalikka bo‘lgan munosabatni o‘zgartirish. Buning mazmuni nima? Menimcha, avvalo uni tushunish, keyin esa, agar qalbi o‘ziga taalluqli bo‘lsa, ayash kerak. O‘smir hamma narsadan ko‘proq uni odam o‘rnida ko‘rishlariga ehtiyoj sezadi. Odamni esa, o‘zi odam bo‘lganlargina ko‘rishi mumkin.
Ikeda: – Va eshitishi ham.
Ch.Aytmatov: – Go‘dak tilidagi haqiqatnimi?
Ikeda: – Hamma gap haqiqatning tagida nima yotganida.
Ch.Aytmatov: – Nima yotgan bo‘lmasin, mafkuraga hech bir aloqasi yo‘q narsa.(Davomi)
Ikeda: – Kechirasiz, aziz birodarim, biz “Bola tilidan...” deb nomlagan suhbatimizga qaytishimiz shartday tuyuldi menga. Oradan ko‘p vaqt o‘tib, men da’fatan anglab yetdimki, gap hali oxiriga yetmabdi. Eng muhim joyida to‘xtagan edik – bola tilidagi So‘zning ichki mazmuni, haqiqatning aytari nima o‘zi. Bu holatda haqiqat mantiqiy fikrlashning hosili emas, balki, qalbning ilhomidir. U nur kabi tashqariga yorib chiqadi va dunyo o‘zining soddagina haqiqatini namoyon qiladi, demak, bu ilohiy lahza ham xuddi shunday – bolaning qalbida qayta tug‘ilgan. Shunday kilib, So‘z – yangi hayot mevasi, u esa, yaxshi ma’lumki, yagona Haq izmida.
Ch.Aytmatov: – Kezi kelganda, bolalardan, kechirasizu, hatto donishmandlarning xayoliga kelmaydigan mulohazalarni eshitamiz. Ular nega iztirob chekishi kerak, qanday do‘zax o‘rtamoqda ichlarini?!
Ikeda: – “Jannat ichimizdadir”, degan so‘zning to‘g‘riligiga ishonasizmi yo? Shu o‘rinda, ushbu mavzuni keyingi suhbatlarimizdan biri uchun taklif qilmoqchiman.
Ch.Aytmatov: – Ma’qul. Yana takrorlayman, biz kattalarni silkitib tashlaydigan bolalik tasavvurlari oldida hayratlanmay turolmayman. Go‘yoki o‘zlari tushunmaydigan fikrlarni kimdir ularning qulog‘iga shipshib, og‘ziga solib qo‘yganday. Har holda, ular bu haqida aniq hisob berolmaydi. Nima bu? Komil ishonch bilan tan olish mumkinki, avvalboshdan So‘z bor edi va So‘z – bu Xudo. Shu yerda xulosaga kelaman: Xudoni So‘zdan izlash kerak. Keng qamrovli So‘zdan. Faqat shunday So‘zgina, Xudoning so‘zigina yovuzlikka qarshi tura oladi. Kunlar osha, asrlar osha... Bobiliy arosatning shaytoniy qarg‘ishi eng avvalo So‘zga tekkanining, natijada odamlar bir-birini tushunishni butkul unutganining boisi shu emasmikan? Xudo ana shunday parchalandi va tashib ketildi, bu biz uchun ko‘p vaqtga yetib-ortdi. Uzoq cho‘zildi. Ammo abadiy davom etmaydi-ku! So‘zning parchalangan bo‘laklarini qaysidir yo‘l bilan birlashtirishga zahmatli urinishlar paydo bo‘lishi kerak emasmi? Ehtimol, bugun odamlar, ayniqsa, ularga tahdid soluvchi tabiiy ofatlar – oqibatda inson zotining yo‘q bo‘lib ketishini o‘ylab his etilgan qattiq va achchiq qayg‘u, sirli qo‘rquv tabiatining genetik negizida, ehtimol, o‘sha zalvorli va muqarrar urinishlar yotgandir?Ikeda-sensey, siz bilan biz dunyoning turli burchaklarida yashaymiz, ammo bizni So‘z birlashtiradi. Biz dunyoni qutqara olamizmi, najot nimada? Nahotki adabiyot, Tarixning tugashini orqaga suribgina qolmay, qaysidir yo‘l bilan inqirozni bartaraf etishga qodir bo‘lsa: umuman olganda, bunday o‘ylardan voz kechish ham mumkin, ammo bu, afsuski, fojiali xotima emasmi? Albatta, oldimizda paydo bo‘lgan muammolarni bartaraf etish uchun yagona, haryoqlama vosita sifatida faqat adabiyotga ko‘z tutish soddalikdir. Ammo yangi So‘zga ishonish soddalik emas, ana shunda biz, odamlar, Xudo kabi tengsiz va Xudoning oldidagi kabi teng bo‘lamiz. Qayerdan hozir bo‘ladi bu So‘z? Hozir bo‘lishiga umid bormi o‘zi? O‘ylashimcha, ayrimlar tan olishni istamasa-da, dunyoni his etish va anglash – hozirgi “yangi fikr” atamasi bilan bog‘liq bo‘lgani kabi, yangi So‘z – bu yangi hosil. Buni qarangki, bugungi kunda u ko‘p yangilikday tasavvur hosil qiladi; aslida esa (har qanday holatda ham, adabiyotga nisbatan) azaldan mavjud. Shunday qilib, Gyote jahon adabiyotida e’lon qilgan g‘oyasida, tabiiyki, hozir aytganimizdek, umuminsoniy qadriyatlar ustuvorligini nazarda tutgan, san’atning mazmuni va vazifasi unga tayanadi, deb bilgan.
Ikeda: – Bunga shubha qilmasa ham bo‘ladi. Oliy taraqqiyotning o‘zagi, donolar XXI yuz yillik bo‘sag‘asida o‘ylaganidek, insoniyatni birlashtirish g‘oyasidadir. U goh payg‘ambarlar So‘zidan ilhomlanib yarqiragan, goh munofiqlar tomonidan tepkilanib haqoratlangan, hatto tarixning eng qorong‘i davrida ham xalqlarning mashaqqatli yo‘lini, istaysizmi-yo‘qmi, hamisha yagona Allohga tomon burgan. Bu nimadan guvohlik beradi? Qalbida bolalik ma’sumligi va pokligini umrbod saqlab qolishga qodir insonning, mukammal olam obrazida aks etgan samoviy orzu timsolining abadiyligi va muqarrarligidan.
Nima uchun, masalan, Dostoyevskiy jahon adabiyotidagi eng ajoyib qahramonlardan biri Don Kixot, deb bilgan? U – mangu bola. G‘amgin Qiyofali ritsarning baxti shundaki, u rost gapiradi va bu unga hech narsaga arzimasday tuyuladi. U qandaydir soxta ruhiy zo‘riqishlarga, qo‘rquvni yengishga ehtiyoj sezmaydi, mard bo‘lish uchun o‘zini ko‘ndirishning keragi yo‘q. Bunday fikrlar miyasiga kelmaydi ham. Unda haqiqatning o‘zi gapiradi.
Ch.Aytmatov: – Oxirida esa... Qiziq, qirolning yalang‘ochligini ovoz chiqarib aytadigan bolani qanday qismat kutadi?
Ikeda: – Bolaning so‘zlari saroy a’yonlarini qanchalik kuchli dahshatga solganini taxmin qilish mumkin. Bu yerda hammasi ma’lum-ku. Nahotki siz, “Oq kema”dagi ismsiz bolani, sizni bunda ayblaganlaridek, o‘z ixtiyoringiz bilan halokatga duchor qilgan bo‘lsangiz? Hayotning bunday haqiqati, uning o‘zgarmas qonuni: haqiqatparast (bola shafqatsiz O‘rozqulni “fashist” deb ataydi – kattalardan birortasi qilolmagan ish!) o‘zini o‘tga uradi va fojiaga duchor bo‘ladi. Uning olamida hayotning asil mohiyati namoyon.
Ch.Aytmatov: – Zamonaviy adabiyotning ko‘p hollarda bolalarni qahramon qilib olishi, aslo tasodifiy emas. Insondagi insonlik o‘lchovi – bolalik vijdoni. Dunyo har qachongidan ko‘ra hozir insoniy idealga muhtoj, yangi so‘z kutmoqda. Menimcha, bu g‘oyani shoir go‘zal ifoda etgan: “Dunyoni bilim tajribasiga ega bolalar boshqarishi kerak”. Shunday emasmi?
Ikeda: – Ehtimol.
(Davomi bor)
Rus tilidan OYDINNISO tarjimasi