Chingiz Aytmatovning so‘nggi iqrorlari
Haftaning har shanba va yakshanba kunlari O‘zAda jahon adabiyotining buyuk vakili Chingiz Aytmatov va yapon mutafakkir-adibi Ikeda Daysakuning turli mavzulardagi suhbatini e’tiboringizga havola etib boramiz. Suhbat Chingiz Aytmatovning «Buyuk ruh qasidasi» nomli kitobidan tarjima qilingan...
(Davomi. Boshi 18-iyunda e’lon qilingan)
QORA O‘RDAK KO‘CHASI
Ikeda: – Agar qaysi ayol obrazi menda ko‘proq unutilmas taassurot qoldirgani haqida so‘ralsa, hech ikkilanmay javob berardim: Natasha Rostova. Tushunaman, misol xrestomatik. Ehtimol, hozirgi ko‘p yosh yigitlarni u ko‘pam maftun etolmas, balki aksincha – ayrimlarining g‘ashiga ham tegar. Lekin, menimcha, “urfdan qolgan” – bir so‘z bilan aytganda, zerikarli tuyulgan bizning zamonni mensimagani yoki turmush tarzini hurmat qilmagani uchun zamonaviy yoshlarni qahri qattiqlikda ayblab, yozg‘irish shart emas. Nima bo‘pti, odat tusiga kirgan oilaviy rishtalarni aytishganidek, shunchaki bir silikinish bilan uzish mumkin bo‘lgan joyda, oilaga o‘zini baxsh etib, u yerda cheksiz sabr-toqat qilib ham quvonch topsa bo‘ladi. Shunga o‘xshash gap-da buyam.A
mmo ishonchim komilki, bu yigit va qizlar ulg‘ayib, dilbar, sodda, kezi kelganda injiq-tantiq bir qizning Ayolga, Rafiqaga, Onaga aylanish yo‘li mashaqqatini tushunganlarida, unga tan berishadi. Tolstoy buni qanchalar ishonarli qilib tasvirlagan. Ehtimol, jahon adabiyotida eng sara ayol obrazlarini erkaklar yaratganining biror siri bordir.
Ch.Aytmatov: – Shubhasiz, Natasha Rostova – Tolstoy hayotiga daholikni olib kirgan eng ajoyib ayol obrazlaridan biri. Ammo ta’kidlash kerakki, Tolstoy uni o‘sha paytda ommalashib ketgan ozodlik g‘oyasiga qarshi yaratgan.
Ikeda: – U hozir ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Aksincha, zamonaviy shaklda yanayam kuchaydi, shunday emasmi?
Ch.Aytmatov: – Albatta. Yozuvchi, hayot haqiqatiga bekamu ko‘st rioya qiluvchi chinakam realist sifatida, favqulodda murakkablik va tanlovning muqarrarligi nima ekanini tushungan, uning fikriga ko‘ra, bu nafaqat insonning shaxsiy taqdiri, balki jamiyatning, umuman, butun xalqning taqdiri edi. Va har doim, bu san’atkorning qahramonlari, jahannam va jannat hislari g‘alayonini boshdan kechiradi, yo‘ldan ozdiruvchi vasvasalar va nafs balosiga bardosh beradi, ko‘pincha ruhiy va jismoniy halokatlar yoqasida qoladi, hech yerdan yordam kutib va hech nimadan umid qilib bo‘lmaydiganday tuyulganida... Masalan, Natashani hayot haqiqati sari nima yetaklaydi? Uning qalbi yorug‘. U o‘zida ta’sirchan, jo‘shqin qizni hamisha avaylab, uni yanada oliy, chuqur narsalar – o‘z qayg‘ulari orqali anglashi lozim bo‘lgan asl istak va mayllari uchun asraydi.
Men bu bilan nima demoqchiman? Tolstoyning sabog‘i shundan iboratki, u qahramonini o‘zini anglash va takomillashtirishning eng mashaqqatli yo‘liga kuzatar ekan, shu bilan birga, jamiyatdagi axloqiy muhitning naqadar muhimligiga, oiladan boshlanuvchi tarbiya insonning kelajak hayoti va taqdirida nechog‘lik katta rol o‘ynashiga qat’iy ishonadi, bizni ham ishontiradi.
Va Tolstoy qahramoni oxir-oqibat eng oliy baxtni onalikdan topishi, shunchaki “tabiiy” illyustratsiya emas, aytish mumkinki, ayollik qismatining yuzaga chiqishidir. Instinkt, tabiiy onalik ehtiyoji ma’naviyatni eng yuksak darajaga ko‘taradi, qolaversa, bunda ayol ona atalmish qismati bilan o‘z ichki mazmunini, o‘z rostligini namoyon qiladi. U tabiat bilan qorishib ketadi, axir, tabiat bo‘lmay, boshqa kim o‘zi u? Farzandlari tufayli u hech nimaga taqqoslab bo‘lmaydigan abadiylik hissini tuyishga qodir.
Buyuk Ona obrazi!
Ammo bugungi kunning eng katta voqealari, ehtimol, dramalari haqida gapirmay turolmayman. Ishorami? La’natmi? Ba’zan gazetalarda tuqqan ayol go‘dagini tashlab tug‘ruqxonadan qochib ketishi yoki hatto undan ham battaroq, aytishga til bormaydigan: bolani hayotdan mahrum qilishi kabi voqealarni dahshat va titroq bilan o‘qiysan.
Mustasno holatmi? O‘zidan chiqib ketishmi? Ammo bunday voqealarni tasodifiy deb hisoblash qiyin. Beixtiyor o‘ylaysan: tug‘ishni davom ettirish instinkti yo‘qolib ketayotganining sababi nima? Menimcha, hayotning barcha mashaqqatlariga qaramay, o‘zini ko‘tarib yurgan va butun borlig‘ini kelajak uchun, bolalari uchun bag‘ishlashga tayyor bo‘lgan ayolni, onani madh etish juda muhimdir. Men uchun onamning siymosi muqaddas. Unda eng nafis muhabbat, sadoqat va jasorat mujassam. Asarlarimdagi ayol qahramonlarda nimaiki yaxshi fazilat bo‘lsa, hammasi – uniki.
Bolalik paytimda onaning o‘z bolasidan voz kechishi ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan, tasavvurga sig‘maydigan hodisa edi. Ona o‘z go‘dagini himoya qila olmasligi, ayrim hollarda esa ochlik va musibatdan u bilan birga o‘lishi mumkin edi, lekin hech qachon uni tashlab ketmagan, Parvardigor tomonidan belgilab qo‘yilgan qat’iy burchidan tonmagan.
Shu bilan bog‘liq bir voqea esimga tushdi. Bolalik va o‘smirlik yillarimda, har yozda men ammam – otamning singlisinikiga jo‘natilardim va ta’til tugaguncha qirg‘iz qishlog‘ida yashardim. Bu yerda men, boshqa bolalar qatori yaylovga qo‘y-qo‘zi haydab ketardim. Qoraqiz ammam ulardan o‘ntasi – qornida bolasi borlarini o‘ziga olgandi. Ba’zan kutilmaganda, hech tushunarsiz sababga ko‘ra, qo‘zilagan ona o‘z bolachasini qabul qilmasdi, itarib tashlardi. U baxtsiz qo‘zichoqni turtib, suzib, yoniga yaqinlashtirmas, emizmaslik uchun duch kelgan tarafga qarab qochardi. Ammam uchun bu rasmana katta fojea edi. Bu ishda u dunyoning qayg‘usini, Ollohning qahri va jazosini ko‘rardi. Ko‘zlarida yosh bilan irim-sirim qilib, rad etuvchi onaning “esini kirgizish”ga harakat qilardi. Nimalarnidir pichirlab, uning bo‘yniga tumor osardi. Va kechqurun gulxan yonida o‘tirib, o‘z tashvishli o‘ylariga cho‘mgancha, Ko‘kka qarab, chin yurakdan so‘rardi: dunyoda nimalar – qanday kufr, qanday nohaqlik sodir bo‘ldiykan?
Qayerda tog‘ qulab tushdi? Daryolar orqaga oqdimi? Falakda yulduzlar xiralashdimi? Quyosh qoraydimi? Oy betobmi? Shamollarning nafasi qaytdimi? Aks holda, ona qo‘y o‘z tuqqan bolasidan voz kechishini qanday izohlash mumkin...
Mana, bu nima edi o‘sha paytning odamlari uchun...
Albatta, o‘tmish bilan bugungi kunni bunday ruhda solishtirish fikridan yiroqman... Va shunday bo‘lsa ham...
Taraqqiyotimizga tobora chuqurroq singiyotgan, afsuski, oxiri baxayr bo‘lmagan xudbinlik, faqat o‘zi uchun, o‘z huzur-halovati uchun yashash istagi haqida gapirish har qancha og‘ir bo‘lmasin, jim turish yoki uni himoya qilish kerak emas.
Ona – hamisha xolis va fidoyi mehr timsoli. Ammo... u o‘zidan kechib hamma narsaga, butun dunyoga, ya’ni, istaganimizdek, hayotimiz davomida bizning biror sababga ko‘ra yuzaga chiqmay qolgan eng yaxshi fazilatlarimizni o‘zida mujassam etgan bolalarga ega bo‘ladi. Farzandlarimiz bizdan ko‘ra yaxshiroq bo‘lishini orzu qilishimiz bejiz emas. Axir bu his bizga ilhom baxsh etishi kerak emasmi? Axir, aynan bizning bolalarimizdan shunday munosib inson yetishishi, cheksiz quvonch berishi kerak emasmi?
Ikeda: – Yaqin yillar ichida Tokioda katta uylar oralig‘idagi kichkina hovuzda qora yovvoyi o‘rdak paydo bo‘ldi. Yozga yaqin u o‘sha hovuzga uchib kelib, tuxum qo‘ydi, to‘pladi va polaponlar yorib chiqqach, ularni katta qildi. Kuzda o‘n nafar ulg‘aygan polaponi bilan birga uchib ketdi. Ana shu hovuz joylashgan ko‘chaga odamlar Qora O‘rdak ko‘chasi, deb nom berishdi. Hovuz atrofida hamisha bekorchi olomon yig‘iladigan bo‘ldi, o‘rdaklar oilasi haqida gazetada yozishdi, yovvoyi o‘rdakni bolalari bilan birga televizorda ko‘rsatishdi.
(Davomi bor)
Rus tilidan OYDINNISO tarjimasi