Chimboylik yoshlar zamonaviy kasblarni egallamoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasida yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish, ularning bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirish, mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Chimboy tumani texnikumida ham bu borada muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda ta’lim muassasasida 900 nafardan ziyod o‘quvchi tahsil olmoqda. Ularning nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlashi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Xususan, texnikumda 70 o‘rinli yotoqxona, 150 o‘rinli majlislar zali hamda 270 o‘rinli o‘quv ustaxonalari mavjud.
Bu yerda yoshlar avtomobillarni ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish, moda va tikuv ishlab chiqarish texnologiyasi, melioratsiya texnikalarini boshqarish, kompyuter grafikasi va dizayn, payvandlash hamda yong‘in xavfsizligi kabi mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda kasb sirlarini o‘rganmoqda.
[gallery-32108]
Joriy o‘quv yilidan texnikumda milliy hunarmandchilik an’analarini davom ettirish va rivojlantirishga qaratilgan zargarlik yo‘nalishi ham tashkil etildi. Mashg‘ulotlarda tajribali hunarmand Odilboy Tojimurotov o‘quvchilarga milliy va zamonaviy zargarlik buyumlarini tayyorlash, metallga ishlov berish hamda nafis bezaklar yaratish sirlarini o‘rgatmoqda.
Ta’lim muassasasida o‘quvchilarning kasbiy mahorati bilan birga intellektual, ijodiy va jismoniy salohiyatini yuksaltirishga ham e’tibor qaratilgan. Texnikum yoshlari fan olimpiadalari, sport musobaqalari, san’at va musiqa yo‘nalishidagi festivallarda faol ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni egallamoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat+video), O‘zA