Chempionlar ligasiga chiqqan “Sabah” 20 mln yevrodan ko‘proq mablag‘ olishi mumkin
Bu muvaffaqiyat klubga sport natijasidan tashqari katta moliyaviy foyda ham keltiradi.
O‘zbekiston milliy jamoasi futbolchisi Umarali Rahmonaliyev to‘p surayotgan “Sabah” Yevropa Chempionlar ligasida tarixiy natijaga erishdi. Ozarbayjon jamoasi ilk bor turnirning liga bosqichida qatnashadigan bo‘ldi.
Bu muvaffaqiyat klubga sport natijasidan tashqari katta moliyaviy foyda ham keltiradi. “Sabah” liga bosqichiga chiqqani uchun UEFA tomonidan ajratiladigan kafolatlangan mukofot pullari va boshqa to‘lovlar hisobidan kamida 20 mln yevro atrofida mablag‘ olishi kutilmoqda.
Shundan 18,62 mln yevrosi turnirning ushbu bosqichida ishtirok etish uchun beriladigan asosiy to‘lovdir. Klubning UEFA reytingi va boshqa ko‘rsatkichlari bo‘yicha ajratiladigan ulushlar qo‘shilgach, boshlang‘ich daromad taxminan 20,18 mln yevroga yetishi mumkin.
Keyingi natijalar esa “Sabah”ning daromadini yanada ko‘paytiradi. Liga bosqichidagi har bir g‘alaba 2,1 mln yevro, durang esa 700 ming yevro miqdorida bonus olib keladi.
Ozarbayjon klubi hal qiluvchi pley-off bahsida “Hapoel Beer-Sheva”ni qo‘shimcha vaqtdan so‘ng 5:2 hisobida mag‘lub etdi. Ikki o‘yin yakunidagi umumiy hisob 6:4 bo‘ldi.
Ushbu uchrashuvda Rahmonaliyev ham raqib darvozasini ishg‘ol qilib, “Sabah”ning Chempionlar ligasiga chiqishida o‘z hissasini qo‘shdi.