Chekka va chegaraoldi hududlarda yot g‘oyalardan asraydigan loyiha boshlandi
Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi e’lon qilgan grant tanlovida Termiz shahridagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining “Chekka va chegaraoldi hududlarda yot g‘oyalarga moyilligi bo‘lgan fuqarolarni sog‘lom hayotga qaytarish” loyihasi g‘olib bo‘lgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi buyurtmasi asosida yo‘lga qo‘yilayotgan loyiha Surxondaryo viloyatining Termiz shahri, Muzrabot, Boysun, Sariosiyo, Termiz tumanlari, Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahri, Kitob, Shahrisabz va Dehqonobod tumanlaridagi tanlab olingan mahallalarda amalga oshiriladi.
Termiz shahridagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida loyiha boshlanishiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda ijodiy va ishchi guruhi a’zolari, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari mas’ul xodimlari, Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi viloyat bo‘limi va hamkor tashkilotlar vakillari onlayn va oflayn ishtirok etdi.

Tadbirda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Muzaffar Joniyev va boshqalar keyingi yillarda mamlakatimizda islom dini rivoji, milliy va diniy qadriyatlarni tiklash va asrab-avaylashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Bu yo‘nalishda yuz berayotgan yangilanishlarni xalqaro hamjamiyat ham keng e’tirof etayotgani qayd etildi.
Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar buyuk allomalarimizning maqbara va ziyoratgohlarini tubdan qayta ta’mirlab, yirik majmualarga aylantirmoqda. Joylarda zamonaviy va keng sig‘imli masjidlar barpo etilib, mavjudlari restavratsiya qilinyapti. Diniy ta’lim va malakali kadrlar tayyorlash takomillashmoqda. Muborak haj va umra ziyoratlariga boruvchilar uchun barcha qulaylik yaratildi. Dinni siyosatlashtirish yoki ekstremistik g‘oyalarga qarshi faqat kuch bilan emas, balki “jaholatga qarshi ma’rifat” tamoyili asosida sof islom ma’rifatini keng yoyish orqali kurash olib borish yo‘lini tanladi.

Mazkur grant loyihasining asosiy asosiy maqsadi ham yot va zararli g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lgan fuqarolarni ma’naviy-ma’rifiy qo‘llab-quvvatlab, ularda sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish va jamiyatga moslashuvini ta’minlashga qaratilgan. Bu jarayonda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, axborotni tanqidiy baholash ko‘nikmalarini shakllantirish, ta’lim va mahalla muhitida ijobiy ma’naviy-ma’rifiy muhitni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratiladi. Ularni jamiyatga moslashtirish va sog‘lom hayotga qaytarishga qaratilgan kompleks reabilitatsiya mexanizmlari ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etiladi.

O‘n bir oyga mo‘ljallangan loyiha doirasida tanlab olingan hududlarda 36 ta targ‘ibot tadbiri, 23 ta seminar va bitta ilmiy-amaliy seminar tashkil etiladi. Aholi keng qatlamlari, jumladan, yoshlar va turli ijtimoiy guruhlar uchun bitta hujjatli film, bitta videoqo‘llanma, ikkita bosma qo‘llanma, bitta risola, 12 turdagi elektron buklet, 12 ta bosma targ‘ibot materiali va boshqa targ‘ibot vositalari, ilmiy-ommabop maqolalar tayyorlanadi. Shuningdek, namunaviy taqdimot materiali, maxsus mobil ilova dasturi konsepsiyasi va reabilitatsiya dasturi loyihasini ishlab chiqib, maxsus metodika yaratish va ikkita “Ma’naviyat burchagi” tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Tadbirda davlat ijtimoiy buyurtmasi asosidagi 500 million so‘mlik pilot loyihaga start berildi. Ishtirokchilarning taklif va tavsiyalari tinglanib, loyiha samaradorligini yanada oshirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar belgilandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri