“Challenge Samarkand – 2026”da 40 mamlakat triatlonchilari bellashadi
12-13-sentabr kunlari Samarqandda triatlon bo‘yicha “Challenge Samarkand – 2026” xalqaro musobaqasi bo‘lib o‘tadi.
Ushbu musobaqa to‘rt yildan beri ko‘hna kentda muhim sport tadbiriga aylangan.
O‘zbekiston triatlon federatsiyasi, Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, viloyat hokimligi hamda boshqa hamkor tashkilotlar ko‘magida tashkil etilayotgan mazkur nufuzli sport tadbiri oldidan musobaqa tashkiliy qo‘mitasi a’zolari va triatlon yulduzlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda jahon toifasidagi professional triatlonchilar – Nikole Van der Kaay, Sam Laidlov, Sara Perez Sala, Daisy Daviyes, Emil Holm, mamlakatimiz vakili Kamron Xodjayev va boshqa taniqli sportchilar ishtirok etib, musobaqa haqida fikrlarini bildirdi.
Jumladan, Kamron Xodjayev “Challenge Samarkand-2026”da professional sportchilar qatorida ishtirok etish mas’uliyatli va hayajonli bo‘layotganini qayd etdi.
– Nufuzli musobaqada O‘zbekiston sharafini himoya qilish kishiga g‘urur bag‘ishlaydi, albatta, – deydi Kamron Xodjayev. – Shu bilan birga buning juda katta mas’uliyatini his qilib turibman. Murabbiylarim ko‘magida bellashuvlarga alohida tayyorgarlik ko‘rdim va yuqori natija qayd etish uchun astoydil harakat qilaman.
Anjumanda ta’kidlanishicha, turnirda 40 ta mamlakatdan 1450 nafar triatlonchi ishtirok etadi. Musobaqada o‘rta (Middle Distance) va sprint masofalari, Women’s Run ayollar yugurishi va Kids Run bolalar yugurishi, shuningdek, ko‘ngilochar dastur va turli ko‘rgazmalar bo‘lib o‘tadi.
[gallery-31376]
Bugun U-23 yosh toifasida O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi. Ertaga dastlab sprint yo‘nalishida havaskorlar bellashuvlari start oladi. Keyin bolalar va ayollar poygasi tashkil etiladi.
Turnirning asosiy bahslarida professional sportchilar o‘rta masofaga 1,9 kilometr suzish, 88 kilometr velosiped poygasi, 21,5 kilometr yugurish bellashuvlarida mahoratini ko‘rsatadi.
Sprint yo‘nalishida esa 750 metrga suzish, 19 kilometr velopoyga va 5 kilometrga yugurish bahslari o‘tkaziladi.
Ishtirokchilar turnir davomida “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazi hududi, eshkak eshish kanali, shuningdek, “Boqiy shahar” majmuasi va Samarqand shahrining tarixiy maskanlari bo‘ylab belgilangan masofani bosib o‘tadi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari