Buxoroda turizm salohiyati yuksalmoqda
FOTOREPORTAJ
Buxoro viloyatida joriy yilning birinchi yarim yilligida turizm sohasini rivojlantirish, infratuzilmani kengaytirish va xizmatlar sifatini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.
Hisobot davrida 57 ta yangi joylashtirish vositasi foydalanishga topshirildi. Natijada viloyatdagi mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalari soni 730 taga, ulardagi o‘rinlar soni esa qariyb 19 mingtaga yetdi.
Shuningdek, 26 ta yangi turoperator va turagent faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularning umumiy soni 248 taga yetdi. Bu sayyohlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar turini kengaytirish va turistik bozorda raqobat muhitini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Joriy yil boshidan buyon Buxoro viloyatiga 1 million 577 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 34,9 foizga ko‘p bo‘lib, respublikaga kelgan xorijiy sayyohlarning 23,1 foizi Buxoro hissasiga to‘g‘ri keldi.
Ichki turizmni rivojlantirish doirasida ham salmoqli natijalar qayd etildi. Viloyat bo‘ylab 3 million 237 ming nafar mahalliy sayyoh sayohat qildi. «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» dasturi doirasida esa 652,2 ming nafar aholining sayohati tashkil etildi.
[gallery-30568]
Turizm xizmatlari eksporti hajmi birinchi yarim yillikda 450,5 million AQSH dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 39,3 foizga o‘sdi.
Turistik yo‘nalishlarni kengaytirish maqsadida Shofirkon tumanidagi Xo‘ja Orif hamda Buxoro tumanidagi Chor Bakr qishloqlariga «Turizm qishlog‘i» maqomi berildi. Shu bilan viloyatdagi turizm ob’ektlari soni 257 taga yetdi.
Buxoroning xalqaro turizm markazi sifatidagi nufuzini mustahkamlashda madaniy tadbirlar ham muhim o‘rin tutmoqda. Joriy yil may oyida o‘tkazilgan III Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalida 47 davlatdan kelgan 150 nafardan ortiq xorijiy ishtirokchi hamda 500 nafarga yaqin mahalliy hunarmand qatnashdi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA