Shaharlarning imkoniyatlari o‘rganildi
Samarqandda tashkil etilgan Birodar shaharlar birinchi xalqaro forumi doirasida “Shaharlar imkoniyatlari ko‘rgazmasi” o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri mas’ullari, birodar shaharlar delegatsiyalari, diplomatik korpus va biznes doiralari vakillari, xorijiy va mahalliy ekspertlar qatnashdi.
Ko‘rgazma ekspozitsiyalarida hududlarning sanoat, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, logistika, turizm, infratuzilma, innovatsiya va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi imkoniyatlari aks ettirildi. Har bir shahar o‘zining rivojlangan tarmoqlari, iqtisodiy salohiyati, investitsiya uchun istiqbolli loyihalari hamda turizm imkoniyatlarini foto va vizual materiallar orqali namoyish etdi.
Taqdim etilgan materiallarda hududlarning qaysi sohalarda ilg‘or tajribaga ega ekani, jumladan, sanoat markazlari, zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari, hunarmandchilik an’analari, tarixiy-madaniy meros ob’ektlari, turistik yo‘nalishlar, innovatsion loyihalar va infratuzilma imkoniyatlari keng yoritildi.
[gallery-30566]
– Bizda Sharq deyilganda asosan turizm ob’ektlari tushuniladi, – deydi Fransiyaning Ryuey-Malmezon shahri vakili Patrisa Kapshik. – Balki shuning uchun o‘ttiz yildan beri faqat Buxoro shahri bilan hamkorlik qilamiz. Lekin bugun O‘zbekistonning barcha hududlari ko‘rgazmalari bilan tanishib, Xiva, Qo‘qon shaharlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham katta imkoniyatlar borligiga guvoh bo‘ldim. Bu hududlar bilan ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikrlashib, kelgusi rejalar haqida suhbatlashdik. Bunday tadbirlar o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi, albatta.
Xorijiy delegatsiyalar, birodar shaharlar vakillari, investor va biznes doiralar vakillari bu ma’lumotlar asosida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi, taklif va tashabbuslarini bildirdi.
– Birodar shaharlar forumi ishtirokchilar uchun manfaatli bo‘ldi, deb o‘ylayman, – deydi Pokistonning Islomobod shahri meri o‘rinbosari Umair Muhammad. – Pokiston va O‘zbekiston hamkorligi, do‘stlik aloqalari keyingi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilganligini ko‘rib turibmiz. Buni endi hududlararo munosabatlarda yanada mustahkamlash, rivojlantirish ikki tomon uchun manfaatli bo‘ladi, albatta. Men tashrif davomida O‘zbekiston turizmi jadal rivojlanayotganligiga amin bo‘ldim. Ayniqsa, Samarqandda turizm yuqori sur’atda rivojlanmoqda. Shu bois, bu yerda mehmonxonalarga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Ayni ushbu yo‘nalishda biznes yuritish kelgusida yuqori natijalarni beradi, deb o‘ylayman. Shuning uchun ham mazkur yo‘nalishga mas’ullar bilan batafsil fikrlashib, o‘z takliflarimni bildirdim. Forum doirasida erishilgan kelishuvlarimiz kelgusidagi istiqbolli hamkorliklarimizga asos bo‘ladi.
Ko‘rgazma davomida forum ishtirokchilari o‘rtasida B2B va B2G uchrashuvlari o‘tkazildi.
Birodar shaharlar xalqaro forumi ishtirokchilari Samarqand xalqaro turizm markazi hududida do‘stlik ramzi sifatida daraxt ko‘chatlari o‘tqazdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA