Buxoroda birdamlik va bag‘rikenglik tantanasi
Insoniyat taraqqiyoti tarixiga nazar tashlasak, har qanday davlatning qudrati avvalo uning xalqi o‘rtasidagi ahillik, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik muhiti bilan belgilanadi. Turli millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek hamjihat yashaydigan yurtda tinchlik mustahkam, taraqqiyot barqaror, kelajak esa yorug‘ bo‘ladi. Yangi O‘zbekistonda millatlararo totuvlikni ta’minlash, xalqlar do‘stligini mustahkamlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil amalga oshirilayotgani ham ana shu ezgu tamoyilning amaliy ifodasidir.
30-iyul — Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan Buxoro shahrida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” mavzusida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir ham ana shu ezgu g‘oyalarning yana bir yorqin namoyoniga aylandi.
Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, milliy-madaniy markazlar faollari, deputatlar, keng jamoatchilik hamda yoshlar ishtirok etishdi. Anjumanda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda turli millat va elatlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, hamjihatlik va bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida so‘z yuritdi.
Alohida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlashga qaratilgan oqilona siyosati tufayli mamlakatimizda barcha millat vakillarining huquq va manfaatlari birdek himoya qilinmoqda.
Davlat rahbarining Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigida ham yurtimizdagi tinchlik, ahillik va bag‘rikenglik muhitini asrab-avaylash, har bir millat va elat vakilining milliy qadriyatlari, tili va madaniyatini hurmat qilish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori ekani alohida qayd etildi. Ushbu tabrik tadbir ishtirokchilari tomonidan katta mamnuniyat bilan qarshi olindi va yurtdoshlarimizni yanada birlashtiruvchi muhim dasturilamal sifatida e’tirof etildi.
[gallery-30647]
Tadbirda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan milliy-madaniy markazlar, turli davlatdan kelgan sayyohlar, yosh avlodni turli millatlarning tili, madaniyati, urf-odat va an’analariga hurmat ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak baholandi.
Qayd etilganidek, bir necha ming yillik tarixga ega bo‘lgan ko‘hna va boqiy Buxoro azaldan turli xalq va millatlarni birlashtirgan bag‘rikeng diyor sifatida butun dunyoga tanilgan. Buyuk Ipak yo‘lining muhim chorrahasida joylashgan ushbu zamin asrlar davomida turli madaniyatlar, dinlar va millatlarni o‘zaro yaqinlashtirgan, hamjihatlik va o‘zaro hurmatning noyob namunasini yaratgan.
Bugun ham ushbu ezgu an’analar munosib davom ettirilmoqda. Ayni paytda viloyatda 40 dan ortiq millat vakillari ahillik va hamjihatlik muhitida yashab, hududning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va ma’rifiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Viloyatda faoliyat yuritayotgan 12 ta milliy-madaniy markaz xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va kelgusi avlodga yetkazishda muhim o‘rin tutmoqda.
Bu jarayonlarda boshqa millat vakillarining davlat boshqaruvidagi ishtiroki ham e’tiborga molik. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga viloyatdan saylangan deputatlar orasida, Xalq deputatlari viloyat Kengashida hamda shahar va tumanlar Kengashlari tarkibida boshqa millat vakillarining faoliyat yuritishi mamlakatimizda barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlar yaratilganining yana bir amaliy isbotidir.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Buxoro shahrida barpo etilgan “Nodavlat notijorat tashkilotlari va Do‘stlik uyi” esa millatlararo hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgan muhim ma’naviy-ma’rifiy maskanga aylangan. Bu yerda milliy-madaniy markazlar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan bo‘lib, ular o‘z ona tili, milliy an’analari va madaniyatini targ‘ib qilish, turli to‘garak va madaniy tadbirlarni tashkil etish imkoniyatiga ega. Shuningdek, Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan milliy-madaniy markazlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida grant va subsidiyalar ajratilayotgani ham davlat e’tiborining yana bir yorqin ifodasidir.
— Yurtimizdagi tinchlik va totuvlik muhiti mamlakat taraqqiyotining eng muhim garovi, — dedi Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Abira Huseynova. — Turli millat vakillari bir maqsad yo‘lida yelkama-yelka mehnat qilayotgani Yangi O‘zbekistonning eng katta boyligi.
Respublika Ozarbayjon milliy madaniyat markazi Buxoro viloyati bo‘limi rahbari Maral Mamedova ham mamlakatimizda millatidan qat’i nazar har bir inson o‘zini O‘zbekistonning teng huquqli farzandi sifatida his etayotganini, bu esa davlat rahbarining inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan siyosati samarasi ekanini alohida ta’kidladi.
Tadbir davomida millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, milliy madaniyatlar, urf-odat va an’analarni asrab-avaylash hamda rivojlantirish yo‘lida munosib hissa qo‘shgan bir guruh milliy-madaniy markazlar faollari tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Bayram tadbiri milliy-madaniy markazlar ijodkorlari hamda estrada san’atkorlari ishtirokidagi rang-barang konsert dasturi bilan yanada ko‘tarinki ruh kasb etdi. Turli millatlarning milliy kuy-qo‘shiqlari, raqslari va sahna chiqishlari zaldagi barcha ishtirokchilarga unutilmas taassurot bag‘ishladi.
Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu tadbir yana bir bor shuni namoyon etdiki, Yangi O‘zbekistonning eng katta kuchi — uning ahil va bag‘rikeng xalqidir. Turli millat va elat vakillarining yagona Vatan ravnaqi yo‘lida birlashib, bir maqsad sari intilayotgani mamlakatimiz taraqqiyotining mustahkam poydevoridir.
Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, tinchlik va millatlararo totuvlik hukm surgan jamiyatda taraqqiyot barqaror, inson qadri yuksak va kelajak ishonchli bo‘ladi. Buxoroda o‘tkazilgan mazkur bayram tadbiri esa ana shu ezgu g‘oyalarning hayotdagi yorqin ifodasi, xalqimiz birdamligi va Yangi O‘zbekistonning mustahkam ma’naviy poydevorini yana bir bor namoyon etgan tarixiy ahamiyatga ega ma’rifiy anjuman sifatida ishtirokchilar qalbida chuqur taassurot qoldirdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari