100 mingdan ortiq yoshlarni qamrab olgan tashabbus qanday samara berdi?
Poytaxtimizda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hamda BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda yoshlarning kiberjinoyatchilik va raqamli zo‘ravonlikka nisbatan barqarorligini mustahkamlash” qo‘shma dasturi Kengaytirilgan boshqaruv qo‘mitasining yakuniy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda BMTning O‘zbekistondagi vaqtinchalik rezident-koordinatori, Xalqaro migratsiya tashkiloti missiyasi rahbari Endryu Grey, Oliy Majlis Senatining Ayollar, yoshlar, madaniyat va sport ishlari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi mintaqaviy vakili Oliver Shtolpe, IIV Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Jahongir Sagdullayev, BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili Akiko Fujii ishtirok etdi.
Uchrashuvning asosiy e’tibori dasturning amaliy samarasiga qaratildi. Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, tashabbus yoshlarni kiberjinoyatchilik, onlayn firibgarlik va raqamli zo‘ravonlikdan himoya qilishga xizmat qiladigan barqaror milliy tizimni shakllantirishga zamin yaratdi. Loyiha BMT Inson xavfsizligi bo‘yicha ishonch jamg‘armasi ko‘magida amalga oshirilib, uning umumiy byudjeti 341,1 ming AQSH dollarini tashkil etdi.
[gallery-30646]
Yig‘ilishda e’lon qilingan raqamlar dasturning keng qamrovini yaqqol namoyon qildi:
100 mingdan ortiq aholi bevosita va bilvosita dastur imkoniyatlaridan foydalandi.
150 nafardan ziyod huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi, pedagog va mahalla faoli maxsus tayyorgarlikdan o‘tdi.
2 ta institutsional markaz tashkil etildi.
6 ta interaktiv onlayn o‘quv moduli va 7 ta ixtisoslashtirilgan videodars ishlab chiqildi.
16 ta ijtimoiy ahamiyatga ega videorolik tayyorlandi.
50 nafar BMT ko‘ngillisi jalb qilinib, yoshlar o‘rtasida raqamli xavfsizlik targ‘iboti kuchaytirildi.
470 nafardan ortiq yosh BMT modeli simulyatsiyalarida ishtirok etdi.
Dastur doirasida mamlakatda kiberxavfsizlik bo‘yicha resurs va uslubiy markaz, shuningdek, yoshlar uchun xavfsiz raqamli muhitga bag‘ishlangan masofaviy ta’lim platformasi ishga tushirildi. Onlayn kurslar parol xavfsizligidan tortib, sun’iy intellekt orqali sodir etiladigan firibgarlik sxemalarigacha bo‘lgan 29 ta mavzunu qamrab oldi. Chilonzor tumanida yoshlar uchun kiberjinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha pilot markaz ham foydalanishga topshirildi.
Shu bilan birga, huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun xalqaro o‘quv dasturlari tashkil etildi, BMTning asosiy amaliy qo‘llanmalari o‘zbek va rus tillariga moslashtirildi hamda texnologiyalar orqali sodir etiladigan gender asosidagi zo‘ravonlikka bag‘ishlangan ilk kompleks milliy tadqiqot yakunlandi.
Yig‘ilishning muhim qismi kelgusi bosqichga bag‘ishlandi. Mutaxassislar erishilgan natijalarni loyiha tugaganidan keyin ham saqlab qolish uchun bir qator strategik takliflarni ilgari surdi. Jumladan, Idoralararo ishchi guruhni doimiy faoliyat yurituvchi mexanizmga aylantirish, ishlab chiqilgan o‘quv modullarini IIV akademiyasi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va pedagoglarni qayta tayyorlash tizimiga integratsiya qilish, Chilonzordagi pilot markaz tajribasini respublika hududlarida kengaytirish, onlayn ta’lim platformasini yangi kibertahdidlar bo‘yicha modullar bilan boyitish hamda raqamli jinoyatlar jabrlanuvchilari uchun huquqiy va psixologik yordam tizimini kuchaytirish taklif etildi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, raqamli texnologiyalar hayotning barcha sohalariga chuqur kirib borayotgan sharoitda kiberxavfsizlik endi faqat texnik masala emas, balki yoshlar xavfsizligi, ta’lim sifati va jamiyat barqarorligi bilan bevosita bog‘liq ustuvor yo‘nalishga aylanmoqda. Yakuniy yig‘ilishda qabul qilingan tavsiyalar esa O‘zbekistonda mazkur yo‘nalishda shakllangan milliy tajribani yanada kengaytirish uchun amaliy yo‘l xaritasi vazifasini o‘taydi.
Musulmon Ziyo,
Oybek Pardayev (foto),
O‘zA