Buxoro turizmiga xalqaro qiziqish ortmoqda
Bugungi kunda Buxoro viloyati nafaqat o‘zining boy tarixiy-madaniy merosi, balki zamonaviy turizm infratuzilmasini shakllantirish borasidagi izchil sa’y-harakatlari bilan ham xalqaro hamjamiyat e’tiborini tortmoqda. Viloyatda sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mehmondo‘stlik xizmatlari sifatini oshirish va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan ishlar ko‘lami kengayib bormoqda.
Ana shu maqsadlar doirasida Gretsiyaning “Hellenic E&C” muhandislik-qurilish kompaniyasi rahbari Polidoros M. Zekkos, O‘zbekiston xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi raisi Gulchehra Isroilova hamda Buxoro viloyat turizm boshqarmasi vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida mehmonlarga Buxoro viloyatining ulkan turizm salohiyati, sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda turistlar oqimini yanada ko‘paytirishga qaratilgan loyihalar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Xususan, hududda zamonaviy 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar qurish, yangi turistik maskanlarni tashkil etish va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi.

Uchrashuv chog‘ida Polidoros M. Zekkos Buxoroda turizm infratuzilmasini rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi. U xalqaro tajribaga tayangan holda zamonaviy mehmonxonalarni loyihalash, qurish va ularni ilg‘or texnologik jihozlar bilan ta’minlash bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi.

Shuningdek, grek mutaxassisi mehmonxona biznesini rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish madaniyatini yanada takomillashtirish, xalqaro standartlarni joriy etish hamda zamonaviy mehmondo‘stlik tamoyillarini keng tatbiq etish borasida ekspertlik ko‘magi ko‘rsatishga tayyorligini ma’lum qildi.
Muzokaralar davomida turizm sohasida investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, xususiy sektor ishtirokini faollashtirish va yangi ish o‘rinlari yaratish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar Buxoroning turistik jozibadorligini yanada oshirish, xorijiy sayyohlar uchun zamonaviy va qulay infratuzilmani shakllantirish bo‘yicha fikr almashdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar mehmonxona qurilishi, turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri