Buxoro darvozalari – tarix va tamaddun timsoli
FOTOREPORTAJ
Qadimiy Buxoro asrlar davomida Buyuk Ipak yo‘lining muhim shaharlaridan biri sifatida shakllangan. Shaharni o‘rab turgan qal’a devorlari va darvozalar nafaqat mudofaa inshooti, balki uning siyosiy, iqtisodiy va madaniy qudratining ham ifodasi bo‘lgan.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, XVI asrda Shayboniylar davrida Buxoro atrofidagi mudofaa devorlari qayta qurilib, shahar bir nechta asosiy darvozalar bilan mustahkamlangan. Ana shu darvozalar orqali karvonlar kirib kelgan, savdo-sotiq rivojlangan, turli xalqlar o‘rtasida madaniy va ma’rifiy aloqalar mustahkamlangan.
Har bir darvoza muayyan yo‘nalish va vazifaga ega bo‘lib, shahar xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etgan. Kechasi darvozalar yopilib, tongda yana ochilgan. Ular atrofida soqchilar xizmat qilgan, savdogarlar va musofirlar uchun qulay sharoitlar yaratilgan.
Buxoro me’moriy merosida xonadon darvozalari ham alohida o‘rin tutadi. Qadimiy mahalla va guzarlarda saqlanib qolgan salobatli yog‘och darvozalar milliy hunarmandchilik va o‘ymakorlik san’atining noyob namunalari hisoblanadi. Ayrim darvozalarda ayollar va erkaklar uchun mo‘ljallangan turlicha ovoz chiqaruvchi metall halqalar o‘rnatilgan bo‘lib, bu xalqimizning maishiy madaniyati va odob-axloq an’analaridan dalolat beradi.
[gallery-30008]
Bugungi kunda Talipoch va Qorako‘l darvozalari hamda qayta tiklangan ayrim tarixiy ob’ektlar Buxoroning ko‘p asrlik o‘tmishidan so‘zlab turadi. Saqlanib qolgan devorlar va darvozalar shahar mudofaa me’morchiligining yuksak darajada rivojlanganidan dalolat beradi.
Buxoroga tashrif buyurayotgan mahalliy va xorijiy sayyohlar mazkur tarixiy obidalar orqali shaharning boy madaniy merosi bilan tanishmoqda. Qadimiy darvozalar Buxoroning ko‘p asrlik tarixi, milliy me’morchilik an’analari va buyuk tamaddunining ajralmas qismi sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA