O‘zbekiston tibbiyot muassasalariga ishga kirayotgan xorijlik shifokor va hamshiralarning hujjatlari asl manbalar orqali tekshiriladi
Tibbiyot sohasida kadrlar salohiyatini oshirish, mahalliy va xorijlik mutaxassislarning malakasini xalqaro me’yorlar asosida baholash hamda tizimda korporativ shaffoflikni ta’minlash maqsadida jahonning yetakchi tashkilotlari bilan strategik sheriklik aloqalari o‘rnatilmoqda.
Buning amaliy ifodasi sifatida, Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Jaloliddin Asamutdinov yurtimizga tashrif buyurgan “DataFlow Group” bosh ijrochi direktori Sunil Kumar boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdi.
Samimiy va konstruktiv ruhda o‘tgan muloqot yakunida Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda professional malaka va hujjatlarni xalqaro darajada verifikatsiya qilish, ya’ni ularning haqiqiyligini tekshirish va tasdiqlash bo‘yicha jahonda yetakchi tuzilmalardan biri hisoblangan “DataFlow Group” tashkiloti o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu tarixiy kelishuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yurtimiz sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat yuritayotgan, shuningdek, xorijiy davlatlardan O‘zbekistonga kelib ishlash istagini bildirayotgan shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlarining malakaviy hujjatlarini xalqaro standartlar asosida tekshirish va tasdiqlash tizimini samarali joriy etishdan iborat.
Uchrashuv davomida soha ekspertlari tomonidan alohida qayd etilganidek, bugungi kunda global miqyosda tibbiyot sohasida xalqaro migratsiya jarayonlari shiddat bilan ortib bormoqda. Bu esa, o‘z navbatida, xorijlik mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligi, diplomlari, sertifikatlari, litsenziyalari va ish tajribasini bevosita ishonchli birlamchi manbalar orqali sinchkovlik bilan tekshirish zaruratini yanada kuchaytirmoqda.
Ushbu dolzarb ehtiyojni inobatga olgan holda, ikki tomonlama hamkorlik doirasida bir qator yirik qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etish belgilandi. Bu haqda SSV matbuot xizmati ma’lum qildi.

Mazkur hamkorlik dasturiga ko‘ra, xorijiy davlatlardan kelib, O‘zbekiston tibbiyot muassasalarida ishga kirayotgan shifokor va hamshiralarning hujjatlari bevosita ular tahsil olgan yoki malaka oshirgan asl manbalar orqali tekshiriladi. Taqdim etilgan diplom, xorijiy sertifikat va litsenziyalarning xalqaro me’yorlarga mosligi hamda haqiqiyligi qat’iy nazoratdan o‘tkazilib, qalbaki yoki soxtalashtirilgan hujjatlar asosida tibbiy faoliyat yuritish, insonlar hayotini xavf ostiga qo‘yish holatlarining oldi to‘liq olinadi. Tizimga faqatgina yuqori malakali va qonuniy hujjatlarga ega mutaxassislar jalb etilishi bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish xavfsizligini kafolatlaydi. Shu bilan birga, tibbiyot xodimlarini litsenziyalash va attestatsiyadan o‘tkazish jarayonlari ilg‘or xorijiy amaliyotlar asosida yanada takomillashtirilib, sog‘liqni saqlash tizimida kadrlar boshqaruvi va inson resurslari siyosatining shaffofligi sezilarli darajada oshiriladi.
Umuman olganda, ushbu kelishuv sog‘liqni saqlash tizimidagi tashkilotlarda xalqaro komplayens nazorati, ya’ni qonunchilik va xalqaro standartlarga muvofiqlikni nazorat qilish tizimini rivojlantirishda muhim poydevor bo‘ladi. Natijada mamlakatimizda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati xalqaro andozalar darajasiga ko‘tariladi. Eng muhimi, tizimga jalb qilinayotgan mahalliy va xorijlik mutaxassislarning kasbiy salohiyatini xorijiy standartlar asosida xolis baholash imkoniyati yaratiladi.
Imzolangan memorandum O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida xalqaro standartlarni keng joriy etish, tibbiy xizmatlar xavfsizligi va sifatini yangi bosqichga olib chiqish hamda sohaning kadrlar salohiyatini yanada yuksaltirish yo‘lidagi eng muhim va strategik qadamlardandir.
Mohigul Qosimova, O‘zA