Bugungi yoshlar ertangi taraqqiyotning tayanchi
Mamlakatimizda har bir yigit-qizning qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, zamonaviy kasblarga o‘qitish, bandligini ta’minlash, til o‘rganish, sport bilan shug‘ullanish, tashabbus va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Sardoba tumanida amalga oshirilayotgan ishlar har bir yoshning qiziqishi, qobiliyati va ehtiyojidan kelib chiqib amalga oshirilmoqda.

Jumladan, ishsiz 164 nafar yoshning bandligi ta’minlandi. Ularning 67 nafari doimiy ishga joylashtirilgan bo‘lsa, 31 nafari tadbirkorlik faoliyatini boshladi, 36 nafari o‘zini o‘zi band qildi. Yoshlarga yer ajratish, ta’lim olish va harbiy xizmatga yo‘llash kabi yo‘nalishlarda amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. Ularning bandligini ta’minlash, kasbga yo‘naltirish va daromad manbaini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muayyan natijalar bermoqda.


– Yoshlar bilan ishlashda eng muhimi – ularning muammosini kutib o‘tirmasdan, har bir mahalla va xonadon kesimida o‘rganish, ehtiyojdan kelib chiqib aniq yechim taklif qilishdir. Yoshga ish kerak bo‘lsa, uni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikka qiziqsa, zarur sharoit yaratish, kasb o‘rganish istagida bo‘lsa, tegishli yo‘nalishga o‘qitishimiz kerak. Chunki davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyat ularning hayotida aniq natijaga aylansagina, uning haqiqiy samarasi namoyon bo‘ladi, – deydi Sardoba tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Bahrom Jumaboyev.

Tumanda bitiruvchilar bandligini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilgan. Joriy yilda 1 ming 37 nafar bitiruvchining kelgusi faoliyati bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilanib, ularning 188 nafari doimiy ishga joylashtirildi. 302 nafari kasb-hunarga qayta o‘qitildi, 342 nafari esa ta’limni davom ettirishga yo‘naltirildi. Qolgan yoshlar tadbirkorlik, o‘zini o‘zi band qilish va mehnat migratsiyasi kabi yo‘nalishlarga jalb etildi.

Sardobalik yoshlarga AutoCAD, 3D Max, dasturlash, Windows administratori, grafik dizayn kabi zamonaviy yo‘nalishlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar berishga e’tibor qaratilmoqda. Xorijiy tillarni o‘rganish istagidagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida ham amaliy ishlar olib borilmoqda. 14 nafar yoshning xalqaro imtihon xarajatlari qoplab berildi. Natijada 14 nafar yosh C1, 36 nafari esa B2 darajadagi ingliz tili sertifikatlariga ega bo‘ldi.

– Bugun ta’lim muassasasini tamomlagan yoshning ertangi taqdiri ko‘p jihatdan uning mehnat bozoriga qanchalik tayyor ekaniga bog‘liq. Shu ma’noda, “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasida belgilangan yoshlar bandligi, tadbirkorlik, sifatli ta’lim, xorijiy tillar va zamonaviy kasblarni egallash kabi vazifalar Sardobadagi ishlarimiz uchun ham muhim mezon bo‘lib xizmat qilmoqda. Har bir yoshning qo‘lida kasbi, tilida bilimi, qalbida maqsadi bo‘lsa, uning imkoniyati ham, kelajakka ishonchi ham ortadi. Biz uchun har bir yoshning biror natijaga erishishi muhim, – deydi Bahrom Jumaboyev.

Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning iqtidor va qobiliyatini rivojlantirish uchun ham zarur infratuzilma shakllantirilgan. Ayni paytda tumanda 81 ta sport maydonchasi, 6 ta ta’lim markazi, 3 ta kutubxona, Yoshlar markazi, Yoshlar sanoat zonasi hamda dam olish bog‘i faoliyat ko‘rsatmoqda.

2026-yilda 15 ming 124 nafar yoshni mazmunli dam olish va bo‘sh vaqtni samarali tashkil etish tadbirlariga jalb qilish, 3 ming 835 nafar yoshning iqtidorini rivojlantirish maqsad qilingan. Bu esa yoshlar siyosatida ta’lim va bandlik bilan bir qatorda, ma’naviy-ma’rifiy va sport yo‘nalishlari ham qamrab olinayotganini ko‘rsatadi.

Albatta, e’tibor va ko‘makka muhtoj yoshlar ham bor. Tumanda 277 nafar yosh “qizil” toifaga kiritilgan bo‘lib, ular bilan manzilli ishlash yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, 169 nafar yosh huquqni muhofaza qiluvchi va mudofaa organlari vakillariga biriktirilgan.


Sardobada bugun amalga oshirilayotgan ishlar ulkan maqsad sari qo‘yilayotgan amaliy qadamlardir. Zero, bugun o‘z o‘rnini topgan, kasb va bilim egallagan, tashabbusni ro‘yobga chiqargan har bir yosh ertangi taraqqiyotning mustahkam tayanchidir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri