Bugun tayyorlanayotgan kadrlar ishlab chiqarish “bozor”ida qanchalar “xaridorgir”?
Biz taraqqiyotning tobora ildamlab borayotgani haqida ko‘p va xo‘b so‘z yuritganmiz. U bilan hamqadam bo‘lishga, rivojlanishlar shiddatidan ortda qolmaslikka harakat qilib kelayapmiz. Bugun shov-shuvlarga sabab bo‘lgan yangilik ertaga oddiy holatga aylanib borayotgan davrda farzandlarimizning yanada bilimli, hunarli bo‘lishi uchun imkoniyatlar maydonini kengaytirib borayotganimiz ham bejiz emas.
Birgina oliy ta’lim sohasini olsak, bugun oliy ta’limda tayyorlanayotgan kadrlar, mutaxassislar ishlab chiqarish “bozor”ida qanchalar “xaridorgir”? Korxona va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik o‘zini qay darajada oqlayapti? Muammolar nimada, yechim qayerda?
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 20 iyun kuni muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham bu haqda atroflicha fikr yuritildi.
Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti rektori Orifjon Bozorov bilan suhbatimiz ayni shu mavzuda bo‘ldi.
– Birgina muhandislik sohasini olsak, ushbu yo‘nalishda har yili minglab kadrlar o‘qishni bitirib chiqmoqda, ular o‘z sohalari bo‘yicha qanchalik tayyor deb o‘ylaysiz? To‘g‘rirog‘i, “mehnat bozori”da ularga talab qay darajada?
– Mamlakatimizda ishlab chiqarish korxonalari soni yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Ularning rivojlanishi mahsulot salmog‘i, sifatiga va, eng asosiysi, malakali kadrlarning salohiyatiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Agar har yili yurtimizda o‘rtacha 3 mingta sanoat korxonasi ishga tushirilishini e’tiborga olsak, bu 150 ming atrofida ish o‘rni yaratilishiga asos bo‘ladi. Xo‘sh, ularda mehnat faoliyatini olib boradigan mutaxassislarning hammasi ham yetarli ko‘nikmaga egami? Prezidentimiz yig‘ilishda bu masala xususida ham alohida to‘xtalib o‘tdi. “Iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirish uchun bizga yuqori malakali muhandis-texnologlar suv bilan havodek zarur. Har bir vazir, tarmoq rahbari, rektor va professor-o‘qituvchi mas’uliyatni chuqur his qilib, qattiq ishlasa, izlansa, bunga albatta erishamiz” dedi Shavkat Mirziyoyev.
Kadrlar salohiyati birgina oliy ta’lim muassasasi beradigan bilim bilan chegaralanib qolmaydi. Shuning uchun davlatimiz rahbari sohani rivojlantirish uchun yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Endi texnika yo‘nalishida o‘qitish va ilmiy-tadqiqot jarayonlari ilg‘or tajribalar asosida to‘liq o‘zgaradi. Bu tizimdagi 36 ta oliy ta’lim muassasasi va ularning filiallari bosqichma-bosqich yiriklashib, jami 20 ta oliy o‘quv yurti qoladi. Ular dual ta’lim tizimiga to‘liq o‘tadi.
Ochig‘ini aytish kerak, mehnat bozorida talab yo‘q mutaxassisliklardan voz kechish vaqti keldi. Oliy ta’lim muassasalari o‘zining ta’lim yo‘nalishlarini ishlab chiqarish sohasidagi talablardan kelib chiqib belgilashi lozim. Sababi tizimda xususiy ta’lim tashkilotlari faoliyatining ham rivojlanib borayotgani raqobat muhitini kengaytirmoqda. Ota-onalarning, yoshlarning dunyoqarashi o‘zgarayapti. Diplom uchun emas, mutaxassis bo‘lib yetishish uchun o‘qiydigan payt keldi. “O‘qiyaptimi, o‘qiyapti” deb emas, “o‘rganayaptimi, izlanayaptimi?” deya fikr yuritadigan vaqt hozir.
Shuning uchun “tarmoq – korxona – oliygoh” tamoyili asosida har bir oliy o‘quv yurtiga sanoat korxonasini hamkor sifatida biriktirib qo‘yish belgilandi. Endilikda hamkor korxonalarda barcha muhandislik oliy o‘quv yurtlarining kafedralari ochiladi va dual ta’lim yo‘lga qo‘yiladi. Bunda korxonalar ushbu kafedralarni jihozlash, o‘qituvchi va talabalarni rag‘batlantirishga mablag‘ ajratish borasida mas’ul hisoblanadi. Talabalarning amaliyoti va bitiruv kursdagi ta’limi to‘liq hamkor korxonalarda tashkil qilinadi.
–Keyingi paytlarda “dual ta’lim” degan tushunchaga ko‘p bora duch kelyapmiz. Aslida “dual ta’lim” nima? U qanaqa tartibda amaliyotga tadbiq etiladi?
– Davr va taraqqiyot talabidan kelib chiqib, oliy ta’lim tizimida ham o‘zgarishlar, yangilanishlar jarayoni kechmoqda. Prezident raisligida bo‘lib o‘tgan navbatdagi videoselektor yig‘ilishida ham soha mas’ullari oldiga yangi vazifalar qo‘yildi. Shulardan biri dual ta’limni keng joriy etishdir. Xo‘sh, dual ta’lim o‘zi nima?
Oddiy qilib aytganda, dual ta’lim – bu ham oliy o‘quv yurtida va ham korxonada tahsilning uzviy holda amalga oshirilishi. Shu jihati bilan u talabalar amaliyotidan farq qiladi. Bunda ishlab chiqarish sohasida ham kafedralar tashkil etilib, dars mashg‘ulotlari bevosita korxonaning o‘zida, laboratoriyalarida olib boriladi. Demak, talabalar bitiruv diplomini olishi bilan ishi ham tayin bo‘ladi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, dastlabki bosqichda 10 ta oliy ta’lim muassasasida “Oliy muhandislik maktablari” ochiladi. Korxonalar mazkur maktablarda laboratoriyalar tashkil etilishi va jihozlashini moliyaviy qo‘llab-quvvatlaydi. Albatta, davlat byudjetidan ham mablag‘ ajratiladi.
–Bugungi kunda nazariya bilan amaliyot bir-biridan uzilib qolgandek tasavvur uyg‘otadi menda. Boisi oliy ta’limda o‘qitilayotgan fanlar, nazariyalar amaliyotga ko‘pam mos kelavermaydi. Ya’ni eskirgan darsliklar va yangi texnologiyalar haqida nima, deya olasiz?
– Bu ikkisi bir-biriga aslo mos emas. So‘zimiz avvalida taraqqiyot shiddati haqida bejiz fikr yuritmadik. Ochig‘ini aytish kerak, bugun oliy ta’limdagi ko‘plab darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari ma’nan eskirgan. Sababi ularda ta’rifi keltirilgan qurilmalar, ma’lumotlar allaqachon muddatini o‘tab bo‘lgan. Prezident bu haqda kuyunchaklik bilan gapirgani shundan.
Shunday bo‘lsa-da, Qashqadaryoda bu borada ijobiy o‘zgarishlar bor. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 iyuldagi “Neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ta’lim va korxonalar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamladi. Qarorga ko‘ra, talabalarning nufuzli korxonalarda amaliyot o‘tashi, professor-o‘qituvchilarning esa o‘z bilim va malakalarini oshirishi uchun imkoniyat eshiklari ochildi. Xo‘sh, uning amaliy natijalari nimalarda ko‘rindi?
Institutimiz misolida e’tirof etishimiz mumkinki, qaror talablaridan kelib chiqib, viloyatdagi neft-gaz-kimyo sohasiga ixtisoslashgan yirik korxonalar bilan hamkorlik keng yo‘lga qo‘yildi. Bu hamkorlik samarasida talabalarning amaliyotini tashkil etish bilan bog‘liq ko‘plab muammolar yechildi. Ya’ni talabalar uchun transport, maxsus kiyimlar, laboratoriyalardan foydalanish, korxona tomonidan mutaxassis biriktirish imkoniyatlari yaratildi. Ishlab chiqarish sohasi ilg‘or mutaxassislarining oliy ta’lim muassasalarida dars mashg‘ulotlari o‘tishi yo‘lga qo‘yildi. Iqtidorli professor-o‘qituvchilar va talabalarni saralash maqsadida turli tanlovlar joriy qilindi.
2023-2024 yillar davomida institut talabalaridan 700 nafarining amaliyoti ta’lim klasteri tarkibidagi korxonalarda tashkil etildi. Ishlab chiqarish korxonalarining takliflari asosida neft va gaz ishi, texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish, kimyoviy texnologiya, neft, neft va gazni qayta ishlash texnologiyasi kabi ta’lim yo‘nalishlari, yuqori molekulali birikmalar kimyoviy texnologiyasi, neft-gaz sanoati mashinalari va jihozlari mutaxassisligi bo‘yicha 10 dan ortiq yangi fanlar kiritildi va fan dasturlari takomillashtirildi.
Korxonalarning malakali xodimlaridan 20 nafari o‘quv jarayoniga jalb etildi, institut professor-o‘qituvchilaridan 28 nafarining ishlab chiqarish korxonalarida stajirovkasi tashkil qilindi. Klaster korxonalari tomonidan iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida amaliyot va stipendiya bo‘yicha tanlovlar joriy etildi. Natijada institut talabalaridan 20 nafari "Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi" MCHJ va 5 nafari "Uzbekistan GTL" MJCH joriy etgan stipendiya tanlovlari g‘olibi bo‘ldi. 69 nafar talaba ish bilan ta’minlandi. Institut professor-o‘qituvchilaridan 4 nafari “Uzbekistan GTL” kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan “Eng fidoyi ustoz” tanlovi g‘olibi sifatida e’tirof etildi.
Prezidentimizning dual ta’limni keng joriy qilish, fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyani yanada kuchaytirish, xorij tajribasini o‘rganish, hayotga tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratgani ularning nechog‘li dolzarb ekanligini anglatadi.
Menimcha, bo‘lajak muhandis, albatta, laboratoriya ko‘rishi kerak. Agar u ma’ruzalarda olayotgan bilimlarini laboratoriyada qo‘llab ko‘rmas ekan, ertaga amaliyot mashg‘ulotlarida faol ishtirok eta olmaydi. Axir sinfxonada olingan bilim amaliyotda mustahkamlanadi. Demak, agar talaba mana shu jarayonlardan o‘tmasa, ertaga, ishlab chiqarishga borganida, yaxshi mutaxassis sifatida ishlay olmaydi.
Yig‘ilishda bildirilgan fikrlar, belgilangan vazifalardan shunday xulosa qilish mumkinki, bundan bu yog‘iga mamlakatimizda muhandislik sohasida malakali kadrlar tayyorlash nafaqat oliy ta’lim muassasalari, balki hokimliklar, korkona-tashkilotlarning ham asosiy vazifasi hisoblanadi. Ezgu maqsad yo‘lidagi bunday hamkorlik yangi O‘zbekistonning taraqqiyotiga xizmat qiladi.
–Haqiqatda neft-gaz sohasida ta’lim klasterining tashkil etilgani ijobiy natijalarni bera boshladi. Lekin o‘ylaymanki, bu yetarli emas, ta’lim klasterlarini boshqa yo‘nalishlarda ham ko‘paytirish vaqti keldi. To‘g‘ri emasmi?
– Albatta, sifatli ta’lim fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyani takomillashtirish hamda rivojlantirish orqali ta’minlanishini davrning o‘ziga ko‘rsatib berdi. Bu, o‘z navbatida, yoshlarning yetuk, zamonaviy mutaxassis bo‘lib yetishishini kafolatlaydi. Yuqorida qayd etganimizdek, talaba dars mashg‘ulotlarida olgan bilimlarini amaliyotda mustahkamlab boradi, ko‘zi qotadi, tajribasi ortadi. Bir so‘z bilan aytganda, tayyor xodimga aylanadi.
Ana shu jihatlarni e’tiborga olgan holda boshqa ustuvor muhandislik yo‘nalishlarida, jumladan, energetika, geologiya, gidrotexnika va mashinasozlik kabi sohalar bo‘yicha ham neft-gaz klasterlari singari ta’lim-ishlab chiqarish integratsiyasini joriy etish maqsadga muvofiq, deb o‘ylaymiz. Zero, bugungi natijalar ushbu tizimning afzalliklarini yaqqol namoyon etib turibdi.
Bu sa’y-harakatlarning barchasi iqtidorli yoshlarning va yosh olimlarning o‘z salohiyatini yanada keng namoyon etishi, o‘z ustida ishlashi, ilmiy tadqiqot ishlarini izchil amalga oshirishi uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Natijada yurtimiz iqtisodiyoti tobora rivojlanadi. Yoshlarning o‘z bilimi, mahoratiga bo‘lgan ishonchi, qat’iyati ortadi. Professor-o‘qituvchilarning mas’uliyati, yangiliklarni o‘zlashtirish va ta’lim tizimida joriy etishga bo‘lgan intilishi yanada kuchayadi.
Bir so‘z bilan aytganda, hokimiyat, korxona va oliy o‘quv yurti hamkorligi yangi O‘zbekistonning taraqqiyotiga xizmat qiladi. Biz, professor-o‘qituvchilardan talab etiladigani yangicha ishlash, izlanish va yangilikka intilishdir.
Samimiy suhbatingiz uchun tashakkur.
O‘zA muxbiri O‘lmas Barotov
suhbatlashdi.