Bolalar uchun yangi manzil
9-may – Xotira va qadrlash kuni arafasida Jizzax viloyatining Forish tumanida yana bir ezgu tashabbus hayotga tatbiq etildi. Oybek mahallasi hududida zamonaviy “Dunyo KIDS” bolalar o‘yin maydoni foydalanishga topshirildi.
Forish tumani hokimi Sohib Islomov majmuani ramziy tarzda ochib berdi.Ushbu maskanda bolajonlar uchun yaratilgan sharoitlarni sinchiklab ko‘zdan kechirib, o‘yingohning xavfsizligi, zamonaviy va rang-barang jihozlari har jihatdan talabga javob berishini alohida ta’kidladi. Bu esa har bir ota-ona qalbiga xotirjamlik bag‘ishlaydi.

“Dunyo KIDS” bu shunchaki o‘yin maydoni emas, balki bolalarning jismoniy faolligi va ijodiy tafakkurini uyg‘otuvchi, xavfsizlik va zamonaviylik uyg‘unlashgan muhitdir. Turli attraksionlar, rangli o‘yin qurilmalari va qulay infratuzilma bolalarning mazmunli dam olishiga xizmat qiladi.
Mazkur loyiha ijtimoiy ahamiyati bilan ham e’tiborlidir. Majmua faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida Oybek mahallasida istiqomat qiluvchi o‘n nafarga yaqin ishsiz yoshlar va ayollar doimiy ish o‘rinlari bilan ta’minlandi. E’tiborlisi, ularning uch nafari ijtimoiy reyestrda ro‘yxatda turgan fuqarolardir. Bu esa aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarning amaliy samarasidir.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholi farovonligini oshirish, ayniqsa, yosh avlod uchun munosib shart-sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Jumladan, Prezidentimizning 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonida ham ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, bolalar va yoshlar uchun zamonaviy sharoitlar yaratish ustuvor vazifalar sifatida belgilab berilgan. Forishdagi ushbu majmua ana shu ezgu maqsadlarning hayotdagi yana bir amaliy ifodasi sifatida yurt taraqqiyotiga xizmat qilmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri