Bolalar o‘yinchoqlari bo‘yicha nazorat xaridi o‘tkazildi
Bugungi kunda bozorlarimizda ko‘zni quvontiruvchi bolalar o‘yinchoqlari turlari ko‘payib bormoqda. Bu esa ota-onalar uchun ham keng tanlov imkoniyatini yaratadi.
Shu bilan birga, ularning orasida ham sifatsiz va bolalar salomatligiga zararli bo‘lgan turlari ham uchrab turadi. Ana shunday o‘yinchoqlar sifati va standart talablarga mosligi yuzasida nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Xususan, Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi mutaxassislari tomonidan Nukus shahridagi savdo shoxobchalarida nazorat xaridi o‘tkazildi.
Unda Xitoyda ishlab chiqarilgan “BABY CONCERT” nomli bolalar o‘yinchoqlari tekshiruvdan o‘tkazildi. Mahsulotlardan namunalar olinib, laboratoriya tahlillari amalga oshirildi.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur o‘yinchoqlar mexanik zo‘riqishlarga mutlaqo bardosh bera olmaydi. Bu esa o‘yinchoqning foydalanish jarayonida tezda sinib, mayda bo‘laklarga bo‘linishi va natijada bolalarning jarohatlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, o‘yinchoqlarning dekorativ qoplamasi nam muhitga, bola so‘lagi va terlash ta’siriga chidamsiz ekani qayd etildi. Bunday nuqson o‘yinchoq tarkibidagi zararli kimyoviy moddalarning tashqariga ajralib chiqishiga yo‘l ochadi. Bu holat o‘yinchoqni og‘ziga solishga moyil bo‘lgan kichkintoylar uchun zaharlanish yoki turli allergik kasalliklar keltirib chiqarish xavfini tug‘diradi.
Hozirda mazkur sifatsiz mahsulotlarning savdodan chetlatilishi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Hamroz Bayonov, O‘zA