Bolajonlar salomatligi yo‘lida g‘amxo‘rlik
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan Namangan viloyatida bir qator ijtimoiy soha ob’ektlari ishga tushmoqda.
Jumladan, Davlatobod tumani Irvadon mahallasida joylashgan viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida neonatologiya bo‘limi uchun barpo etilgan 40 o‘rinli yangi bino foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan ochilish marosimida Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Otabek Bozorov, Davlatobod tumani hokimi Anvarjon Tojimirzayev, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Abrorjon Alijonov yangi bo‘lim jamoasi jajji bemorlarni darddan xalos etish, barkamol avlodni voyaga yetkazishdek ulug‘vor maqsadlar uchun xizmat qilishiga umid bildirdi.

Qayd etilganidek, ilgari neonatologik xizmat ko‘rsatishda ko‘plab qiyinchiliklar, ayniqsa, bemor chaqaloqlarni sog‘lomlashtirish uchun alohida bo‘lim mavjud emasligi sababli muammolar yuzaga chiqardi. Endilikda tibbiyotning mazkur yo‘nalishi viloyat bolalar shifoxonasida alohida bo‘lim sifatida faoliyat olib boradi.
Avval 25 o‘rinli moslashtirilgan binoda faoliyat yuritgan bo‘lim endi maxsus loyiha asosida qurilgan ikki qavatli zamonaviy binoga ega bo‘ldi. Bino qurilishiga 5,2 mlrd so‘m mablag‘ sarflandi.

Yangi bo‘limda inkubatorlar soni to‘rttadan yettiga, chaqaloqlar uchun isitkichli reanimatsiya stollari to‘rttadan sakkiztaga yetkazildi. Bo‘limni zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlash uchun esa 1,7 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Shuningdek, chaqaloqlar jarrohligi uchun yangi, to‘liq jihozlangan operatsiya xonasi tashkil etildi. Ilgari tug‘uruqxonalardan va xonadonlardan kelgan chaqaloqlar bir bo‘limda joylashtirilgan bo‘lsa, endi ular uchun alohida jonlantirish bo‘limlari tashkil etildi.

Ramziy lenta qirqilgach, yig‘ilganlar yangi tibbiyot maskani imkoniyatlari bilan tanishdi. Birinchi qavatda chaqaloqlar jarrohligi bo‘limi joylashgan. Yuqori qavat esa jajji bemorlar uchun zarur tibbiyot asbob-uskunalari bilan jihozlangan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.