Ma’rifatga bag‘ishlangan umr
Ayrim xonadonlar borki, ularga qadam qo‘yganingizda oddiy uyga emas, kecha bilan bugunni bog‘lab turgan ma’naviy bir olamga kirgandek bo‘lasiz. Devorlarda tarix so‘zlaydi, javonlarda kitoblar jimgina o‘z hikoyasini aytadi, qadimiy buyumlar esa o‘tgan avlodlardan darak beradi. Yangiyer shahrining “Navro‘zobod” mahallasidagi Mamatovlar xonadoni ana shunday maskanlardan.
Bu xonadonda tarix, adabiyot, san’at va milliy qadriyatlar bir-biri bilan uyg‘unlashgan. Bir qarashda oddiy xonadon. Ammo uning bag‘rida bir necha asrlik tarixdan darak beruvchi osori atiqalar, nodir qo‘lyozmalar, milliy hunarmandchilik namunalari, turli davrlarga oid suratlar, mashhur insonlar hayoti va faoliyatiga doir manbalar hamda 10 mingdan ziyod kitob jamlangan. Eng muhimi, bu boyliklar shunchaki asrab qo‘yilmagan — ular odamlarga, ayniqsa, yosh avlodga xizmat qilmoqda.
Mana shunday ezgu ishlarga ko‘p yillardan buyon bosh-qosh bo‘lib kelayotgan Bonu Mamatova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, yurtimiz taraqqiyoti, yosh avlod tarbiyasi, ma’naviyat va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishdagi samarali faoliyati uchun “Sog‘lom turmush” medali bilan taqdirlandi.
[gallery-31088]
Bu mukofot Bonu opa uchun shunchaki bir nishon emas. Uning ortida qirq yildan ortiq mehnat, kitobga sadoqat, insonlarga yaxshilik qilish istagi, yoshlar tarbiyasiga daxldor tashabbuslar va milliy qadriyatlarni asrashga qaratilgan sa’y-harakatlar mujassam.
Bonu Mamatovaning kitobga bo‘lgan mehri tasodifan shakllanmagan. Asli Tojikiston Respublikasining Zafarobod tumanidan bo‘lgan Bonu opa mehnat faoliyatini 1983-yilda Qipchoq qishlog‘idagi kutubxona mudirasi vazifasidan boshlagan. Uning otasi, marhum Xo‘jaqul Eshonqulov esa uzoq yillar Xovos tumanidagi 8-maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan.
Bolalik xotiralari haqida so‘z ketganda, Bonu opa avvalo otasini eslaydi.
— Otam rahmatli, juda mehribon, ilmli va kitobga oshno inson edi. U kishi kitobni nafaqat o‘qir, balki har bir o‘qigan narsasidan hayot uchun saboq izlardi. Uyimizda kitob doimo qadrli buyumlardan biri bo‘lgan. Bolaligimdan otamning kitob o‘qiyotganini ko‘rib katta bo‘ldim. Balki mening ham kitobga oshno bo‘lishim, unga mehr qo‘yishim, bugunga qadar kitob va ma’rifat bilan yashab kelayotganimning ildizi shundadir. Otamdan menga qolgan eng katta meros mol-dunyo emas, kitobga, ilmga va insonlarga hurmat tuyg‘usi bo‘ldi, — deydi Bonu Mamatova.
1917-yilda tug‘ilgan Xo‘jaqul bobo uchun kitob oddiy qog‘ozlar jamlanmasi emas, insonni kamolotga yetaklaydigan ma’naviy boylik edi. U farzandlariga ham ilm va ma’rifatni qadrlashni o‘rgatdi. Bugun Bonu opaning hayot yo‘liga nazar tashlar ekanmiz, otasidan olgan ana shu saboq uning butun faoliyatiga singib ketganini ko‘ramiz.
Turmush qurgach, Bonu Mamatova turmush o‘rtog‘i Abduqul Mamatov bilan Yangiyer shahrining “Navro‘zobod” mahallasida istiqomat qila boshladi. Oilada uch o‘g‘il va bir qiz voyaga yetdi. Asli kasbi haydovchilik bo‘lgan Abduqul aka ham turmush o‘rtog‘ining ma’rifat yo‘lidagi intilishlarini doimo qo‘llab-quvvatladi. Shu tariqa bu xonadonda yillar davomida nafaqat farzandlar, balki kitoblar, tarixiy buyumlar, san’at asarlari va ezgu g‘oyalar ham ko‘payib bordi.
Dastlab xonadondagi tarixiy buyumlar va kitoblar oilaviy xotira sifatida asrab kelingan. Vaqt o‘tishi bilan ularni keng jamoatchilikka tanitish, yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini boyitish istagi ustuvor maqsadga aylandi.
— Xonadonimizda uy-muzey va kutubxona tashkil etish g‘oyasi davlatimiz rahbari ilgari surgan besh muhim tashabbus ruhida yuzaga keldi. O‘sha paytda turmush o‘rtog‘im bilan birga umra ziyorati uchun jamg‘argan mablag‘larimizni yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qiladigan xayrli ishlarga yo‘naltirishga qaror qildik. “Bu mablag‘ni o‘zimiz uchun emas, farzandlarimiz va yoshlar uchun qoladigan ma’naviy merosga aylantirsak-chi?” degan fikr bizni ruhlantirdi. Shu tariqa ishni boshladik, — deydi Bonu opa.
O‘sha vaqtda xonadonda 200–300 ta kitob, sanoqli osori atiqalar va bir necha milliy hunarmandchilik namunalari bor edi. Ammo ezgu niyat bilan boshlangan ish yillar davomida katta ma’naviy harakatga aylandi. Odamlar ham bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, o‘zlaridagi noyob kitoblar, tarixiy buyumlar, esdaliklar va turli manbalarni taqdim eta boshladi.
— Kutubxona fondidagi kitoblar soni 10 mingdan oshdi. Xonadonimizda saqlanayotgan va namoyish etilayotgan osori atiqalar, milliy hunarmandchilik namunalari, mamlakatimiz tarixi, taraqqiyoti va bugungi hayotini aks ettiruvchi ko‘rgazmali vositalar, fotosuratlar, mashhur insonlar hayoti va faoliyatiga oid manbalar ham 3500 ga yaqinlashdi. Bu boyliklarning ko‘payib borayotgani quvonarli. Lekin men uchun ularning sonidan ham odamlarga, ayniqsa, yoshlarga naf keltirayotgani muhim, — deydi Bonu Mamatova.
Bugun Mamatovlar xonadonini bemalol uy-muzey deb atash mumkin. Unda XVI, XVII va XVIII asrlarga oid turli tarixiy ashyolar, qo‘lyozma manbalar, o‘zbek, tojik, fors va rus tillaridagi kitoblar, milliy hunarmandchilik namunalari saqlanadi.
Eksponatlar orasida “Toshkent yo‘lbarsi” nomi bilan mashhur, o‘zbek boksi afsonasi Rufat Risqiyev taqdim etgan boks qo‘lqopi ham bor. Hududda bir paytlar faoliyat yuritgan keramika zavodida ishlab chiqarilgan, birinchi kosmonavt, Sovet Ittifoqi Qahramoni Yuriy Gagarin dastxati tushirilgan keramika quvur ham noyob eksponat sifatida asrab kelinadi.
Turli davrlarga oid fotosuratlar, yurtimizning betakror tabiatini aks ettirgan rangtasvir asarlari, o‘zbek va tojik xalqlarining qadimiy hunarmandchilik an’analarini o‘zida mujassam etgan kashta, zardevor va so‘zanalar xonadonga o‘ziga xos ko‘rk bag‘ishlagan.
Bonu opaning fikricha, tarixni shunchaki saqlashning o‘zi kifoya emas. Uni anglash va kelajak avlodga yetkazish ham kerak.
— Tarix muzeyda saqlanishi kerak, degan tushunchaning o‘zi yetarli emas. Tarix inson hayotiga yaqin bo‘lishi kerak. Yosh bola qadimiy buyumni ko‘rib, “Bu nima?”, “Qachon ishlatilgan?”, “Buning tarixi qanday?” deb savol bersa, ana shu savolning o‘zi biz uchun katta natija. Chunki savol tug‘ilgan joyda qiziqish, qiziqish bor joyda esa izlanish paydo bo‘ladi. Shuning uchun har bir buyumni asrabgina qolmay, uning tarixini ham kelajak avlodga yetkazishga harakat qilyapmiz, — deydi u.
Xonadonda tashkil etilgan “Bonu opa” ziyo maskani bu ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Bugun bu yerda kitobxonlar uchun shinam o‘quv zali, elektron kitoblardan foydalanish imkonini beruvchi kompyuter xonasi va turli yo‘nalishdagi adabiyotlar jamlangan kutubxona mavjud.
Bu maskanning eshigi yoshlar, kitobsevarlar, olimlar, shoir va yozuvchilar uchun ochiq. Mahalladagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchilari va o‘quvchilari ishtirokida turli ma’rifiy tadbirlar, ijodkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazib kelinadi.
— Kitoblar sonining ko‘payganidan quvonaman, albatta. Lekin men uchun kitobning sonidan ham uni o‘qiyotgan insonlar ko‘payishi muhim. Javonda turgan kitob emas, o‘qilgan kitob inson hayotiga ta’sir qiladi. Ziyo maskaniga kelgan yoshlarning kitob olib, mutolaa qilib ketishi, o‘qigan asari haqida fikr bildirishi men uchun eng katta quvonch, — deydi Bonu opa.
Mamatovlar oilasida Navoiy va Bobur ijodiga ham alohida ehtirom bilan qaraladi. Buyuk allomalar tavalludi munosabati bilan ma’rifiy kechalar o‘tkazilib, yoshlar mumtoz adabiyot namunalari bilan tanishtiriladi. Xonadonida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, turli tashkilotlar va taniqli ijodkorlar tomonidan tuhfa qilingan kitoblar ham alohida asrab kelinadi.
Ma’rifat bilan birga milliy san’at ham bu xonadonda munosib o‘rin egallagan. Bonu Mamatova tashabbusi bilan “Navro‘zobod” mahallasida tashkil etilgan “Ayajonlar” folklor-etnografik jamoasi bugun shahar va viloyat miqyosida tanilib ulgurgan.
Malika Turdiboyeva, Oysara Gulmadova, Oqiloy Berdiboyeva, Jamila Husainova, Feruza Djabborova va Nazokat Mirzayevalardan iborat jamoa xalq qo‘shiqlari, laparlar va milliy ohanglarni ijro etib, milliy san’atning qadimiy namunalarini yangi avlodga yetkazib kelmoqda.
“Ayajonlar” Navro‘z, Mustaqillik bayramlari, “Qovun sayli” kabi tadbirlarda muntazam ishtirok etadi. 2023-yilda Toshkent shahridagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida Prezidentimiz ishtirokida o‘tkazilgan Navro‘z bayramida jamoaning uch nafar a’zosi ishtirok etib, o‘z san’ati bilan tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lgan.
2023–2024-yillarda Respublika Tojik milliy markazi tomonidan tashkil etilgan milliy bayram tadbirlarida ham jamoa a’zolari o‘zbek va tojik tillarida qo‘shiqlar ijro etib, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga hissa qo‘shdi.
Jamoaning ijodiy faoliyati O‘zbekiston televideniyesining “Ranginkamon” ko‘rsatuvida maxsus lavha orqali yoritildi. “Bag‘ri keng diyor” ko‘rsatuvi hamda Sirdaryo viloyati televideniyesining turli dasturlaridagi chiqishlari orqali ularning san’ati keng jamoatchilikka tanish bo‘ldi.
“Ayajonlar” “Uch avlod uchrashuvi”, o‘zbek va tojik ijodkorlarining do‘stlik adabiy gurungi, sirdaryolik va namanganlik jurnalistlarning birodarlik uchrashuvlari, “Ma’naviyat marafoni” kabi tadbirlarda ham faol ishtirok etib kelmoqda.
Bonu Mamatova ma’naviyatni faqat so‘zda targ‘ib qilmaydi, uni kundalik hayotga singdirishga harakat qiladi. Xonadonda to‘quvchilik, bichuvchilik, tikuvchilik va rassomlik to‘garaklarining tashkil etilgani ham shundan dalolat.
Mamatovlar xonadonining “Eng namunali xonadon”, “Ibratli xonadon” nominatsiyalarida g‘olib deb topilgani ham bejiz emas. Bonu Mamatova “Mo‘’tabar ayol” va “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan. Endi esa uning ko‘ksida “Sog‘lom turmush” medali ham bor.
Bu mukofot haqida gapirar ekan, Bonu opaning ovozida hayajon seziladi.
— Prezidentimizning davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risidagi qarori men uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi. Bu xabarni eshitgan paytimda hayajonimning cheki bo‘lmadi. Inson yillar davomida qilgan ishlari e’tirof etilsa, albatta, quvonadi. Lekin men bu mukofotni faqat o‘zimga berilgan mukofot deb qabul qilmayman. Bu — oilamiz bilan birga qilgan ishlarimizga, kitobga, ma’rifatga, milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan mehrimizga berilgan yuksak e’tibor deb bilaman.
“Sog‘lom turmush” medalini ko‘ksimga taqqanda, bir tomondan quvonch, ikkinchi tomondan mas’uliyatni his qildim. Endi yanada ko‘proq ishlash, yoshlar bilan ko‘proq muloqot qilish, ziyo maskanimiz imkoniyatlarini kengaytirish kerak, degan fikr paydo bo‘ldi. Mukofot men uchun yakun emas, aksincha, yangi maqsadlar sari yana bir qadam bo‘ldi, — deydi Bonu opa.
Uning uchun sog‘lom turmush tushunchasi ham keng ma’noga ega.
— Menimcha, sog‘lom turmush deganda faqat jismoniy salomatlikni tushunish to‘g‘ri emas. Insonning fikri sog‘lom, qalbi pok, maqsadi ezgu bo‘lishi ham muhim. Kitob o‘qigan, ilmga intilayotgan, hunar o‘rganayotgan, milliy qadriyatlarini bilgan yoshning hayoti ham mazmunli bo‘ladi. Shu ma’noda, bu medal mening butun faoliyatimga yaqin tushadi deb o‘ylayman, — deydi u.
Bonu opaning kelgusi rejalari ham katta. Xususan, xonadondagi muzeyni yanada kengaytirish, to‘plangan boyliklarni tizimlashtirish, ular haqidagi ma’lumotlarni jamlash va alohida uy-muzey tashkil etish niyati bor.
— Kelgusida rejalarim katta. Eng katta istagim — xonadonimizdan tashqarida alohida uy-muzey ochish. Hozir uyimizga kelgan har bir mehmonni qabul qilish, eksponatlarni namoyish etish va kitobxonlar uchun sharoit yaratish imkoniyatimiz bor. Ammo to‘plangan boyliklarimiz tobora ko‘payib bormoqda. Shuning uchun ularni yanada tizimli joylashtirish, har bir eksponatning tarixini kelajak avlod uchun saqlab qolishni istayman.
Bu maskan faqat muzey emas, balki yoshlar kelib kitob o‘qiydigan, olim va ijodkorlar bilan uchrashadigan, milliy hunarlarni o‘rganadigan, tarix va ma’naviyat haqida suhbatlar o‘tkaziladigan haqiqiy ma’rifat markazi bo‘lishini xohlayman. Agar bu niyatim amalga oshsa, yillar davomida to‘plagan boyliklarimizning eng katta qadri ham shu bo‘ladi. Chunki bizga qolgan merosni shunchaki saqlab qo‘yish emas, uni kelajak avlodga yetkazish muhim, — deydi Bonu Mamatova.
Aslida, uning butun hayot yo‘li bir fikr atrofida birlashadi: inson o‘zidan keyin nimadir qoldirishi kerak. Bu mol-dunyo yoki boylik emas, balki odamlarga asqatadigan bilim, ezgulik va ma’naviy meros bo‘lsa, kifoya.
Bonu opaning orzusi ham oddiy, ammo mazmunli:— Mening orzuim juda oddiy: bu xonadonga kirgan bola qo‘liga kitob olib chiqsin, tarixiy buyumni ko‘rib ajdodlari haqida o‘ylasin, milliy qo‘shiqni eshitib o‘zligini his qilsin, biror hunar o‘rganib, o‘z qobiliyatini kashf etsin. Agar biz shuni uddalasak, yillar davomida qilgan mehnatimiz zoye ketmagan bo‘ladi. Insondan qoladigan eng katta meros ham shu — uning ezgu ishlari va boshqalar qalbida uyg‘otgan yaxshiliklari.
Mamatovlar xonadoni ana shu fikrning hayotiy isboti. Bu yerda tarix saqlanadi, kitob mutolaa qilinadi, milliy qo‘shiqlar yangraydi, hunar o‘rganiladi, avlodlar suhbatlashadi. Eng muhimi, bu xonadonda ma’rifat avloddan avlodga uzatiladi.
Bonu Mamatovaga topshirilgan “Sog‘lom turmush” medali esa bir insonning emas, ezgulikka, ma’rifatga, milliy qadriyatlarga va sog‘lom avlod tarbiyasiga bag‘ishlangan umrning e’tirofidir.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA