Qiymati 23 mlrd. so‘mdan ortiq bo‘lgan qonunbuzilish holatlari aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan davlat xaridlarida shaffoflik va adolatli raqobatni ta’minlash maqsadida xarid jarayonlari o‘rganildi.
Olib borilgan o‘rganishlar natijasida, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan o‘tkazilgan jami qiymati 9,1 mlrd. so‘mdan ortiq bo‘lgan 6 ta, Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan o‘tkazilgan jami qiymati 8 mlrd. so‘mga yaqin bo‘lgan 6 ta, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan jami 6,7 mlrd. so‘mga yaqin bo‘lgan 10 ta tanlov savdolarida qonun buzilishlari ma’lum bo‘ldi.
Natijada, “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasida belgilangan, ya’ni savdolarda raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar aniqlangan.
Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilishi alomatlari bilan buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Mazkur tashkilotlarning mansabdor shaxslariga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari belgilanib, tegishli sud organlariga yuborildi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida takrorlamaslik yuzasidan bajarilishi majburiy ko‘rsatmalar berildi.
N.Rahmonova,
O‘zA