Bojxonada “polietilen” deganlari, polistirol bo‘lib chiqdi
Tashqi savdo operatsiyalarida har bir raqam, har bir hujjat va har bir tovar nomi muhim. Chunki deklaratsiyada ko‘rsatilgan birgina ma’lumotning o‘zgarishi davlat byudjetiga tushadigan bojxona to‘lovlariga bevosita ta’sir qilishi mumkin.
Bojxona organlarining asosiy vazifalaridan biri ham shu — mamlakatga kirib kelayotgan tovarlarning qonuniyligi, ularning hujjatlarda to‘g‘ri aks ettirilgani va belgilangan to‘lovlarning to‘liq undirilishini ta’minlash.
Afsuski, ayrim holatlarda bojxona to‘lovlarini kamaytirish yoki ularni chetlab o‘tish maqsadida tovar nomi va Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi — TIF TN kodini ataylab boshqacha ko‘rsatishga urinishlar uchrab turibdi. Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining “Olot” chegara bojxona postida aniqlangan navbatdagi holat ham bunga misol bo‘la oladi.
Xorijiy davlatdan import tartibida olib kirilgan navbatdagi yukni rasmiylashtirish jarayonida bojxona inspektorlarida hujjatlarda ko‘rsatilgan ma’lumotlar bilan amaldagi tovar o‘rtasida nomutanosiblik bo‘lishi mumkinligi haqida shubha paydo bo‘ldi. Shundan so‘ng yuk belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Ko‘rik natijasi esa dastlabki shubhalarni tasdiqladi: kuzatuv hujjatlarida “polietilen” deb ko‘rsatilgan xomashyo amalda “polistirol” ekani aniqlandi. Bir qarashda, bu ikki nom o‘rtasidagi farq oddiy terminologik tafovutdek ko‘rinishi mumkin. Ammo tashqi iqtisodiy faoliyatda bunday “mayda” farq katta moliyaviy oqibatlarga olib kelishi ehtimoli bor.
Polietilen va polistirol — sanoatda keng qo‘llaniladigan polimer materiallar bo‘lsa-da, ularning xususiyatlari va qo‘llanish usullari bir-biridan farq qiladi.

Polietilendan asosan egiluvchan, cho‘ziluvchan va nisbatan yumshoq mahsulotlar — turli paketlar, plyonkalar, idishlar va boshqa buyumlar ishlab chiqariladi. Polistirol esa ko‘proq penoplast, bir martalik idishlar, stakanlar, turli qoplama va qadoqlash materiallari ishlab chiqarishda qo‘llaniladi.
Demak, gap shunchaki tovar nomidagi bir harf yoki atamaning farqida emas. Tovarning aniq turi uning tasnifi, TIF TN kodi va tegishli bojxona to‘lovlarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida tovar nomi va TIF TN kodini o‘zgartirib ko‘rsatish orqali 45,6 million so‘m miqdoridagi bojxona to‘lovlarini chetlab o‘tishga urinish aniqlandi.
Biroq bu urinishning natijasi kutilganidan mutlaqo boshqacha bo‘ldi. Qariyb 495 million so‘mlik tovar belgilangan tartibda vaqtincha saqlovga olindi.
Bu holat yana bir haqiqatni ko‘rsatadi: bojxonada hujjatdagi ma’lumot bilan yukning haqiqiy holati o‘rtasidagi har qanday tafovut e’tibordan chetda qolmaydi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri