O‘quv mashqi o‘tkazildi
Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan Guliston davlat pedagogika institutida talabalar va professor-o‘qituvchilarning favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri va tezkor harakat qilish ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan profilaktik tadbir hamda amaliy o‘quv mashqi o‘tkazildi.
Tadbirda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari rahbarligida boshqarma xodimlari, institut talabalari va professor-o‘qituvchilari, shuningdek, shahar FVDqT xizmatlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning dastlabki qismida talabalarga favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilish, elektr jihozlaridan to‘g‘ri va xavfsiz foydalanish, yong‘in kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olish bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, favqulodda vaziyat sodir bo‘lganida sarosimaga tushmaslik, vaziyatni to‘g‘ri baholash, tezkor qaror qabul qilish, binodan xavfsiz evakuatsiyalanish va eng avvalo, inson hayotini asrash zarurligiga alohida e’tibor qaratildi. Profilaktik tadbir tungi vaqtda talabalar turar joyida o‘tkazilgan amaliy o‘quv mashqi bilan davom etdi.
[gallery-31324]
Mashq ssenariysiga ko‘ra, talabalar turar joyida shartli yong‘in va zilzila holati yuzaga keltirildi. Belgilangan tartibda talabalar binodan tezkor va xavfsiz evakuatsiya qilindi. Shuningdek, shartli ravishda jabrlangan talabaga birinchi yordam ko‘rsatish va uni xavfsiz hududga olib chiqish harakatlari amaliy tarzda bajarildi.
O‘quv mashqining asosiy qismida tezkor xizmatlar tomonidan murakkab vaziyatlarda amalga oshiriladigan qutqaruv ishlari namoyish etildi. Jumladan, nafas olish uchun yaroqsiz muhitda qolib ketgan fuqarolarni qidirib topish va qutqarish, yuqori qavatlarda qolganlarni maxsus uskunalar yordamida xavfsiz hududga olib chiqish, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish kabi kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar bajarildi.
Shartli favqulodda vaziyatga barcha xizmatlarning bir vaqtning o‘zida safarbar etilishi, ular o‘rtasidagi hamkorlik va tezkor harakatlar ham mashq davomida sinovdan o‘tkazildi.
— Favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik — bu shunchaki o‘quv mashg‘uloti emas, balki inson hayoti va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan muhim chora-tadbirdir. Bunday mashqlar orqali favqulodda holat yuzaga kelganda har bir fuqaro, ayniqsa, yoshlarning to‘g‘ri va sarosimasdan harakat qilishi, xavfli hududni tark etishi hamda jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatishi bo‘yicha amaliy ko‘nikmalari mustahkamlanadi.
Ayniqsa, yong‘in va zilzila kabi favqulodda vaziyatlarda insonning o‘zini qanday tutishi ko‘p jihatdan uning oldindan olgan bilimi va tayyorgarligiga bog‘liq. Shuning uchun ta’lim muassasalarida bunday mashg‘ulotlarni muntazam o‘tkazish, mavjud kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etish, mas’ul xizmatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish muhim. Zero, favqulodda vaziyatda yo‘l qo‘yilgan har qanday xato inson hayotiga xavf solishi mumkin. Shu bois xavfsizlik madaniyatini shakllantirish va aholining favqulodda vaziyatlarga shayligini oshirish doimiy e’tiborda bo‘lishi lozim, — deydi Sirdaryo viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimi, kapitan Davron Sulaymonov.
Amaliy mashg‘ulotlar talabalarga favqulodda vaziyatlar vaqtida o‘zini to‘g‘ri tutish, xavfsizlik qoidalariga amal qilish, atrofdagilarga yordam berish va mas’uliyatli qaror qabul qilish bo‘yicha muhim ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qildi.
Mashq yakunida Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbariyati va kuzatuvchilar ishtirokida amalga oshirilgan harakatlar tahlil qilindi. Mashq davomida aniqlangan kamchiliklar muhokama qilinib, kelgusida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, evakuatsiya jarayonlarini yanada samarali tashkil etish va aholi xavfsizligini ta’minlash yuzasidan tegishli ko‘rsatma hamda tavsiyalar berildi.
Bunday profilaktik tadbirlar va amaliy o‘quv mashqlari ta’lim muassasalarida xavfsizlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlarni favqulodda vaziyatlarga tayyorlash, tezkor va to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalarini shakllantirish hamda inson hayoti va salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA