“Biz quyoshning so‘nishiga yo‘l qo‘ya olamizmi?”...
Badiiy adabiyot xazinasini o‘zining durdona asarlari bilan boyitgan Chingiz Aytmatov “Literaturnaya gazeta” tahririyatida bo‘lib o‘tgan “Cho‘qqida qolgan ovchining ohu zori” asari taqdimotida shunday degan edi: “Biz quyoshning so‘nishiga yo‘l qo‘ya olamizmi?”...
Aynan quyoshi va betakror tabiati sababli Qirg‘izistonning sayyohlik salohiyati tobora oshib, xorijlik sayyohlar makoniga aylanib bormoqda. Biz sayohat davomida buning bejiz emasligini angladik.

Issiqko‘lmi yo Tuzli ko‘l?
O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi tomonlari kelishuviga ko‘ra, bir guruh o‘zbekistonlik jurnalistlar Issiqko‘l viloyatining turizm imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.
Issiqko‘l sayyoradagi eng chuqur ko‘llar ro‘yxatida yettinchi o‘rinni egallaydi. Shuningdek, u dunyoda kattaligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi sho‘r ko‘ldir. Dengiz sathidan katta balandlikda (1609 m) joylashganiga qaramay, ko‘l odatda muzlamaydi. Yilning deyarli barcha faslida suvning o‘rtacha harorati 22 darajani tashkil qiladi.
Aytilishicha, Issiqko‘lning suvi shifobaxsh xususiyatlarga ega. Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, ko‘l suvi tushlikdan ko‘ra ertalab ancha iliq bo‘ladi. Ko‘lning shimoliy qirg‘og‘ida iliq qumli plyajlar, termomineral radonli buloqlar, alp o‘tzorlari, bog‘ tipidagi ignabargli o‘rmonlar joylashgan. Qirg‘izlar Issiqko‘lni “Tyan-Shan gavhari” deb atashadi. 2004 yilda hukumat tomonidan ko‘l milliy boylik deb e’lon qilingan.

Issiqko‘l 80 dan ortiq jilg‘a va ikkinchi darajali irmoqlardan suv oladi, biroq undan suv oqib chiqmaydi. Shu sababli bu yerda tuz yig‘iladi va suv ichishga yaroqsiz holatga keladi. Ko‘l qadimda Tuzko‘l deb nom olgan. Kattaligi uchun Issiqko‘lni kontinental dengiz deb hisoblashadi. Ko‘lni muzli shamol va garmsellardan himoya qiluvchi tog‘ tizmasi o‘rab turadi. Bundan tashqari, dengiz, cho‘l, tog‘ va doimiy muzlik hududlari kabi noyob iqlim uyg‘unligiga ega.
Issiqko‘l o‘zining maftunkor tabiati bilan tashrif buyuruvchilarda katta taassurot qoldiradi. Atrofi quyuq archazorlar bilan o‘ralgan o‘rmonzorlar, musaffo osmon, kuz fasli yaqinlashgan bo‘lsa-da, hamon ko‘m-ko‘k turgan o‘tloqlar...
Hududning istalgan qismida internet tezligi a’lo darajada ishlaydi. Narxlar ham hamyonbop.

Beshta dinni o‘zida birlashtirgan markaz...
Issiqko‘lga uyushtirilgan press-tur davomida ishtirokchilar Chingiz Aytmatov nomidagi “Rux Ordo” madaniy markaziga tashrif buyurdi.
Cho‘lpon ota shahrida joylashgan “Rux Ordo” madaniyat markazi o‘ziga xosligi bilan dunyoning beshta asosiy dinlari sanalgan islom, pravoslav, katolik, buddizm va iudaizmni bir joyda, bir osmon ostida birlashtirgan. Markaz hududida ushbu dinlarning ibodatxonalari mavjud.
Majmua 2002 yilda Issiqko‘l sohili yonida tashkil qilingan. Unda Chingiz Aytmatov ijod uyi, Sharq allomalarining suratlari, turli dinlarga mansub timsollar va buyuk shaxslarning haykallari ham joylashgan.

Qirg‘iz milliy oshxonasidan qanday taomlar o‘rin olgan?
Qirg‘iz oshxonasi ko‘p jihatdan o‘ziga qo‘shni bo‘lgan xalqlar oshxonasiga o‘xshaydi. An’anaviy qirg‘iz taomlari qo‘y go‘shti, mol go‘shti va ot go‘shti, shuningdek turli xil sut mahsulotlaridan iborat. Tayyorlash uslubi va asosiga qirg‘iz xalqining tarixan ko‘chmanchilikka asoslangan turmush tarzi kuchli ta’sir ko‘rsatgan. Shuning uchun pishirishning ko‘plab usullari ovqatni uzoq vaqt davomida saqlashga mo‘ljallangan. Qo‘y va mol go‘shti eng sevimli iste’mol qilinadigan go‘sht turi hisoblanadi.
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Askat Alagozovning ta’kidlashicha, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning joriy yil iyul oyidagi O‘zbekistonga rasmiy tashrifi chog‘ida mazkur press-turni tashkil etish g‘oyasi ilgari surilgan. Bundan asosiy maqsad ikki davlat o‘rtasida tobora rivojlanib borayotgan hamkorlikni mustahkamlashdan iborat. Shu yilning oktyabr oyida esa qirg‘izistonlik bir guruh ommaviy axborot vositalari xodimlarining O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA