Aviatsiya va turizm: O‘zbekiston ICAO bilan hamkorlikni kengaytirmoqda
Mamlakatimizda turizmni rivojlantirish va xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirishda aviatsiya sohasining o‘rni tobora ortib bormoqda.
Shu nuqtai nazardan mamlakatning xalqaro aviatsiya tashkilotlari bilan hamkorligi yangi imkoniyatlarni yuzaga chiqarmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (ICAO) Yevropa va Shimoliy Atlantika mintaqaviy byurosi direktori Nikolas Rollo bilan uchrashdi. Muloqot davomida ICAOning xalqaro fuqaro aviatsiyasini rivojlantirishdagi o‘rni, tashkilot faoliyati hamda O‘zbekiston bilan hamkorlikning bugungi holati muhokama qilindi.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, ICAO BMTning ixtisoslashgan muassasasi sifatida 193 ta davlat o‘rtasida fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlikni muvofiqlashtiradi, xalqaro aviatsiya standartlari va tavsiyalarini ishlab chiqadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston aviatsiya sohasi Markaziy Osiyoda jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda. ICAO va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi hamkorlik ham izchil mustahkamlanib, mamlakat aeroportlari infratuzilmasini takomillashtirish, zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yechimlarni joriy etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda fuqaro aviatsiyasining turizmni rivojlantirishdagi ahamiyatiga alohida urg‘u berildi. Chunki xalqaro aviatashuvlar geografiyasining kengayishi, parvozlar uchun qulay sharoitlarning yaratilishi va aeroportlarda xizmat ko‘rsatish sifatining oshishi mamlakatning sayyohlik jozibadorligiga bevosita ta’sir qiladi.
Qayd etilishicha, xalqaro aviaqatnovlarning ko‘payishi, o‘z navbatida, O‘zbekistonga yetib kelishni osonlashtiradi. Bu esa yangi turistik bozorlarni o‘zlashtirish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish va mamlakatning xalqaro turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish uchun muhim omil bo‘ladi. Shu jihatdan aviatsiya va turizm sohalarining o‘zaro uyg‘un rivojlanishi nafaqat sayyohlar uchun qulaylik, balki mamlakat iqtisodiyoti uchun ham yangi imkoniyatlarni anglatadi. Xorijiy turistlar oqimining ortishi mehmonxona, transport, umumiy ovqatlanish, madaniy va ko‘ngilochar xizmatlarga bo‘lgan talabni ham oshiradi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish, xalqaro sayyohlik oqimini oshirish hamda aviatsiya va turizm sohalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirishga kelishib olindi. Bu hamkorlik O‘zbekistonning xalqaro aviatsiya tarmog‘idagi mavqeini mustahkamlash bilan birga, mamlakatni xorijiy sayyohlar uchun yanada ochiq va qulay yo‘nalishga aylantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA