“Birodar shaharlar – 2026”: birinchi xalqaro konferensiya (+video)
Toshkent shahrida “Birodar shaharlar – 2026” birinchi xalqaro ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli tadbir birodar shaharlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, xalq diplomatiyasi mexanizmlarini kuchaytirish hamda xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirish maqsadida tashkil etildi.
Tadbirda 10 dan ortiq xorijiy mamlakatlardan ekspert va mutaxassislar, shahar ma’muriyati vakillari, O‘zbekistondagi xorijiy davlatlar elchixonalari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek davlat va jamoat tashkilotlari, oliy ta’lim muassasalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Anjuman doirasida “Birodar shaharlar – xalq diplomatiyasining yorqin namunasi” mavzusida birinchi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Shuningdek, plenar yig‘ilish va mavzuli seksiyalarda 30 ga yaqin ilmiy-amaliy ma’ruza, milliy hunarmandchilik hamda “O‘zbekistonning birodar shaharlari tarixi” mavzusida arxiv ko‘rgazmalar tashkil etildi. Anjumanning eng muhim jihati hamkorlik shartnomalari va birodarlik bitimlarini imzolash marosimlari bo‘ldi.
Anjumanda shaharlararo hamkorlikning yangi bosqichini belgilovchi muhim tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, ekologik barqarorlik, raqamli boshqaruv, “aqlli shahar” konsepsiyasi, yoshlar diplomatiyasi va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi.
Ishtirokchilar tomonidan birodar shaharlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada institutsional darajaga olib chiqish, muntazam forumlar tashkil etish hamda hududlararo to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
“Birodar shaharlar – 2026” birinchi xalqaro ilmiy-amaliy anjumani O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ochiqlik siyosati, xalq diplomatiyasi, innovatsion hamkorlik va hududlararo aloqalarni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarining muhim amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qildi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/iamiBKSmuHU?si=l2fDs_29zy3mFTPV" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
M.Ikromova, O.Pardayev (video),
U.To‘xtayev (montaj), O‘zA