Mustaqil fikrlaydigan insonni shakllantirish – asosiy vazifa
Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi 7-maktabning yosh o‘qituvchisi Mahfuza Rayxonova attestatsiyada eng yuqori — 100 ball natijaga erishdi.
Bugun ta’lim sohasi oldida turgan eng katta vazifa o‘quvchini tayyor bilim bilan ta’minlash emas, balki uni mustaqil fikrlaydigan, izlanadigan va qaror qabul qila oladigan shaxsga aylantirishdir. Mahfuza Rayxonovaning ta’limga yondashuvi aynan shu tamoyilga tayanadi. U ta’lim jarayonini jonli muloqot, interaktiv usullar va mantiqiy mushohada bilan boyitish orqali darsni oddiy majburiyat emas, balki kashfiyotga aylantirishga intiladi. “Zamonaviy o‘qituvchi bilim beruvchi emas, yo‘naltiruvchi”, degan fikri uning pedagogik pozitsiyasini aniq belgilab beradi.
Tayyorgarlik jarayonida testlar bilan ishlash, ayniqsa, xatolarni chuqur tahlil qilish ustuvor ahamiyat kasb etdi. Bu usul bilimni mustahkamlash barobarida fikrlash tezligi va aniqligini oshirishga xizmat qiladi. Avval murakkab tuyulgan savollarning vaqt o‘tishi bilan osonlashib borishi esa mehnat va takrorlashning tabiiy samarasidir. Bunda to‘g‘ri tanlangan strategiya — avval oson savollarni bajarib, so‘ng murakkablariga o‘tish muhim omil bo‘ldi.
Pedagogik faoliyatda, ayniqsa, baholovchi sinovlar jarayonida psixologik barqarorlik ham hal qiluvchi o‘rin tutadi. Ilm va tajriba bilan bir qatorda, ichki xotirjamlik, o‘z-o‘ziga ishonch va hayajonni boshqara olish qobiliyati yuksak natijalarga yo‘l ochadi. Mahfuza Rayxonova bu jihatni alohida ta’kidlab, bilim va ruhiy tayyorgarlik uyg‘unligini muvaffaqiyatning asosiy sharti sifatida ko‘radi.
Erishilgan 100 ball natija uning faoliyatida yangi bosqichning ibtidosi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu yutuq yosh pedagogning o‘z imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlab, yanada yuksak marralar sari intilishga undamoqda. Eng muhimi, bu misol orqali ta’lim tizimida izchil mehnat, aniq maqsad va to‘g‘ri metodikaning qanday samara berishi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA