Turkiyada «Hirotga, bobomning huzuriga!» nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Shoir, publitsist va «Jadid» gazetasi jurnalisti, “Kelajak bunyodkori” medali sohibi Shahriyor Shavkatning Afg‘oniston ekspeditsiyasi (safari) turkiy-islom madaniyati beshiklaridan biri bo‘lgan tarixiy Hirot va unga tutash hududlardagi milliy-ma’naviy ildizlarimiz, ulug‘ ajdodlar merosini o‘rganish va ziyorat qilish maqsadida tashkil etilgan. Ushbu safar yakunlari bo‘yicha muallifning «Hirotga, bobomning huzuriga!» nomli yangi safarnoma kitobining taqdimoti Turkiyada bo‘lib o‘tdi.
«Jadid» haftaligi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida chop etilgan mazkur kitob turkiyalik adabiyot muxlislarida katta qiziqish uyg‘otdi. Aytish kerakki, safar davomida shoir Shahriyor Afg‘onistonning tarixiy Hirot va Mazori Sharif kabi shaharlariga borgan. Ijodkor ekspeditsiya davomida o‘zbek adabiyoti va davlatchiligining buyuk siymolari — Alisher Navoiy, Lutfiy Hiroviy, Gavharshodbegim va Sulton Husayn Boyqaroning qabrlari ziyorat qilingan va ularning ruhiga hurmat bajo keltirgan.

Muallifning safar taassurotlari dastlab ijtimoiy tarmoqlar va «Jadid» gazetasida maqolalar shaklida e’lon qilib borilgan. Kitobdan «Ozodlik orolchasi», «Ravzai sharif mehmoni», «O‘zbek bo‘lish mashaqqati», «Chegarada Alisherni ko‘rdim» va boshqa ko‘plab qiziqarli, samimiy, jonli tarixiy-badiiy lavhalar, reportajlar o‘rin olgan.

Esse va safarnoma shaklidagi ushbu tadqiqot bugungi Afg‘oniston zaminida yashayotgan va saqlanib qolgan turkiy-islom madaniyati obidalarini, ajdodlar qoldirgan merosining bugungi holatini xolis va jonli ravishda o‘zbek kitobxoniga yetkazib berishi bilan muhim ahamiyatga ega.

Aytish kerakki, Turkiyaning Istanbul shahrida o‘zbekistonlik shoir, yozuvchi va jurnalist Shahriyor Shavkatning Afg‘onistonga qilgan safari taassurotlariga asoslangan “Hirotga, bobomning huzuriga” nomli yangi kitobining taqdimoti baland, samimiy ruhda o‘tdi.

Taqdimot marosimida Turkiya va Turk dunyosi vakillari – 20 ga yaqin turli jamiyat, madaniy muassasa, siyosiy partiya hamda Turkiyaning yetakchi tashkilotlari mutasaddilari jam bo‘lishdi.

Tadbir davomida “Turkiston ellari” jamiyati rahbari Hoshim Hamdam, taniqli olim Temur Xo‘ja o‘g‘li, Ziyo Qaysoriy, Jovid Turko‘g‘li, shuningdek, tarixchi Bahrom Irzayev va Nurali Qahramon kabi bir qator faollar so‘zga chiqdi.
Kecha yakunida yig‘ilganlarga “Jadid kutubxonasi” ruknida chop etilgan bir qator nashrlar tuhfa etildi.
N.Usmonova,
O‘zA