Bilimlar dunyosiga xayrli qadam
Sentyabr oyining ilk kunlari yurtimizning barcha go‘shalarida o‘zgacha shukuh va ko‘tarinkilik bilan kutib olinmoqda. Ayniqsa, erta tongdan qo‘llarida rang-barang gullar, ko‘zlarida porlagan quvonch va hayajon bilan maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘yayotgan jajji bolajonlarni ko‘rish qalblarga o‘zgacha zavq-shavq, faxr va umid tuyg‘ularini bag‘ishlaydi.
Mamlakatimiz mustaqilligining qutlug‘ to‘yi bilan uyg‘un holda o‘tayotgan bu yilgi Bilimlar kuni Yangi O‘zbekistonning ta’lim sohasidagi strategik islohotlari ahamiyatini yana bir bor yorqin namoyon etmoqda. Bu shunchaki bayram sanasi emas, balki el-yurtimizning o‘tmishiga nazar tashlab, kelajakdagi ulug‘ maqsadlarini belgilab oladigan muhim tarixiy bosqichdir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Bilimlar kuni munosabati bilan xalqimizga, pedagoglar jamoatchiligi va aziz yoshlarimizga yo‘llagan samimiy tabrigi nafaqat bayram qutlovi, balki milliy ta’lim tizimidagi chuqur tarkibiy o‘zgarishlar va global maqsadlarning mujassam ifodasi bo‘ldi.
800 ming nihol: yangi avlod va yangi umidlar
Davlat rahbari ta’kidlaganidek, beg‘ubor nigohlarida hayrat va hayajon uchqunlari porlab, ilm maskanlari ostonasiga qadam qo‘yayotgan 800 ming nafarga yaqin birinchi sinf o‘quvchilari yurtimizning kelajakdagi nurli istiqbolidir. Bu raqam shunchaki statistika emas, balki har yili jamiyatimizga kirib kelayotgan katta kuch, aqliy salohiyat va yangi energiyadir.

Maktabga katta orzular va o‘zgacha havas bilan yo‘l olayotgan o‘g‘il-qizlarimizning nigohidagi toza va beg‘ubor intilishga qarab, qalbdan ezgu tilaklar va duolar o‘tadi: “Ilohim, kelajak sari tashlayotgan har bir qadamingiz xayrli va barakali bo‘lsin! Bilim chashmasidan suv ichib, el-yurt koriga yaraydigan barkamol insonlar bo‘lib voyaga yeting!”
Zotan, bu murg‘ak qalb egalari – el-yurtimizning bebaho xazinasi, ertangi kunimizning ishonchli davomchilari va Mustaqil O‘zbekistonning mustahkam tayanchidir. Ularning maktab tomon tashlagan har bir dadil qadamida xalqimizning buyuk kelajakka bo‘lgan umidi mujassam.
Ta’limdagi tub burilish va kasbiy kelajak kafolati
Keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli Yangi O‘zbekiston maktablari butunlay yangicha qiyofa kasb etmoqda. Zamonaviy IT va raqamli ko‘nikmalar, kasbiy va ijodiy iqtidorni erta aniqlash hamda xorijiy tillarni puxta o‘rgatish orqali yoshlarning global maydonda raqobatbardoshligi ta’minlanmoqda. Prezidentimiz ana shunday zamonaviy muhitda ulg‘ayib, o‘qish, kasbiy ta’lim, raqamli texnologiyalar, sport va jamoat ishlarida dastlabki yutuqlari bilan barchani xursand qilayotgan o‘g‘il-qizlarni haqli ravishda yurtimizning “oltin fondi” deb atayapti.
Ta’limga berilayotgan e’tibor – jamiyatning uzoq muddatli barqaror rivojlanishining mustahkam kafolatidir. Bilimli va tirishqoq farzandlar timsolida Uchinchi Renessans nihollari shakllanadi. Ularni azim daraxtlarga va davlat istiqbolining mustahkam ustunlariga aylantirishni ustuvor vazifa sifatida belgilagan Davlat rahbari ta’lim-tarbiya sohasini rivojlantirishga bundan buyon ham alohida e’tibor qaratilishini, maktab bag‘ridan katta hayotga yo‘llanma oladigan har bir farzand puxta bilim bilan birga, albatta kamida bitta zamonaviy kasb-hunarni egallab chiqishi uchun barcha sharoitlar yaratilishini uqtirdi.

Aynan shu maqsadda tizimga kiritilayotgan muhim yangilik — hududlarda “Kasblar shaharchalari” ning tashkil etilishi zamonaviy tajriba va ilg‘or mutaxassislarni birlashtirib, o‘quvchilarning maktab davridayoq talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarni egallashlariga, ta’lim va mehnat bozori o‘rtasidagi uzviylikning ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Bilim — najot va muvaffaqiyat kaliti
Prezidentimiz o‘z tabrigida yoshlarga qarata muhim hayotiy haqiqatni uqtirdi: baxtli va saodatli hayot eshiklarini ochadigan kalit ham, murakkab savollarning yechimi va sinovlarni yengib o‘tishning birdan-bir kafolati bu — bilim, bilim va yana bilimdir.

Bugungi jadal o‘zgarayotgan davrda yoshlikning har bir daqiqasini qadrlab, zamonaviy ilm-fan va innovatsiyalarni puxta egallash, milliy o‘zlik, ona tilimiz va boy tariximizni chuqur o‘rganish har bir o‘g‘il-qizning muqaddas burchidir. Ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan bu tabarruk zaminni sevish, Vatanga sadoqat bilan yashash, mehribon ustozlar va ota-onalarni eng yaqin do‘st hamda maslahatchi deb bilish – porloq istiqbolning mustahkam kafolati hisoblanadi.
Yangi o‘quv yilining boshlanishi — mamlakat kelajagiga qo‘yilgan navbatdagi mustahkam g‘ishtdir. Mustaqilligimizning qutlug‘ to‘yi bilan hamnafas boshlangan ushbu o‘quv yili Vatanimiz taraqqiyoti, Uchinchi Renessans poydevori va farzandlarimizning porloq istiqboli uchun yangi zafarlar yili bo‘lib qoladi.
Tinch va osuda yurtimizga, osmonimiz musaffoligiga va farovon hayotimizga ko‘z tegmasin. Bilimlar dunyosiga qadam qo‘ygan barcha o‘quvchilarga omad va ulkan zafarlar yor bo‘lsin!
Alouddin G‘afforov, O‘zA