Beg‘uborlik olami
Bolalik – bebaho dunyo. Umr bahori, orzu-umidlar ulg‘ayadigan, kamol topadigan jo‘shqin va haroratli damlar...
Bolalikka safardan zavqliroq safar bo‘lmasa kerak. Totli xotiralar, ajib entikishlar, tezroq katta bo‘lish “orzusi”, samoga erkin parvoz etayotgan qaldirg‘och misoli o‘yinqaroqlik... hamma-hammasi ko‘z o‘ngingizdan xira tortgan kino tasmasidek bir-bir o‘tadi. Bu filmda oltin davr – bolaligimiz aks etadi. Uning muallifi – o‘zimiz.
Bolalik olamiga sho‘ng‘ir ekanman, nimalar xayol kelmaydi deysiz. E’tiborli, o‘ta vazmin va sokin otajonimning mehr ifori taralib turgan taftli qo‘llari, onajonimning tandirdan endi uzgan, hali bug‘i chiqib turgan kulchalarining o‘tkir hididan dilim bir yayrab, olam charog‘on bo‘lib ketardi...
Ota-onam bizni juda avaylab, lutf – karam ila voyaga yetkazdi. Ular biz uchun chin ma’noda ibrat maktabi edi. Bolalikni qo‘msash, bu eng avvalo ota-onani qo‘msash ham deganini bugun anglab turibman... Sog‘inch ustun kelgan kezlar ularning ziyoratlariga oshiqaman. Bu dunyoda mening ulardan ortiq boyligim yo‘q.
Ha, bolalik insonning kelajak sari tashlangan ilk qadami. Bu qutlug‘ on, damlarni unutib bo‘ladimi?! Charxi dun, tamaddun charxpalagi shu bois ham aylanib turgan bo‘lsa, ajabmas.
Dunyoda shirintoy – kichkintoylarning kulgusi-yu sho‘x-shodon qiyqirig‘idan-da beg‘ubor narsaning o‘zi yo‘q. Tiniq nigohini sizga qadagancha olamdagi jamiki ajoyibotlarni o‘rganishga, mushohada qilishga urinayotgan bolakayning nurli chehrasiga boqqan har qanday inson hayot tashvishlarini unutadi...
1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida sayyoramiz bolalarning samimiy kulgusi bilan yanada yasharib ketadi. Quyoshli diyorimizda ham o‘zgacha intiqlik bilan kutilib, xalqimiz shu kuni kundalik tashvishlarini bir chetga surib, bolajonlarga turli xil sovg‘alar ulashib, istirohat bog‘lariyu, bolalar oromgohlari, teatrlar, ko‘ngilochar maskanlarga farzandlari bilan borishga oshiqadi.
Kelajak tarix bilan bunyod etiladi deyilganidek, ushbu kunning ham o‘z tarixi bor. BMT tashkil etilgach bolalar huquqlarini himoya qilish tashkilot faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi. BMTning bolalar jamg‘armasi – YUNISEF dunyoning turli davlatlaridagi bolalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bilan faol shug‘ullanib keladi. Mana qariyb 74 yildirki, yozning birinchi kuni dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida bolajonlarning sevimli bayrami sifatida nishonlanib kelinadi.
Mazkur sananing asosiy mohiyati kattalarga bolalar dunyosi nihoyatda nozikligini, ularga tayanch va himoya kerakligini eslatish va butun insoniyat e’tiborini sayyoramizning barcha burchaklarida bolalar duch kelayotgan muammolarga qaratish, balki butun dunyo bo‘ylab zo‘ravonlik, eskpluatatsiya va diskriminatsiya shaklida xorlikka uchragan bolalar sog‘ligi va xotirjamligini himoya qilishga ham chorlaydi. Bu maqsad uning bayrog‘ida ham o‘z aksini topgan. Unda yer shari barchamizning umumiy uyimiz hisoblansa, atrofidagi bolalar esa baxt-saodat uchun birlashganidan dalolat beradi.
Ona xalqimiz azaldan nafaqat o‘z farzandining, balki har bir murg‘ak qalb iqboli uchun qayg‘uradi. Bugun O‘zbekiston farzandlari yuksak mehr-muhabbat, ulkan g‘amxo‘rliklar og‘ushida voyaga yetmoqda. Mustaqilligimizning dastlabki yillarida O‘zbekiston qo‘shilgan ilk xalqaro shartnomalar qatorida inson huquqlari umumjahon dekloratsiyasidan so‘ng aynan bola huquqlari to‘g‘risida konvensiya turishi ham buning yaqqol isbotidir.
Ma’lumki, bolaning huquqi uning tug‘ilishidan paydo bo‘ladi. Shu bois mamlakatimizda go‘dakning, avvalo, sog‘lom tug‘ilishini ta’minlashga, chaqaloqlar dunyoga kelgan kunidan boshlab tibbiy nazoratga olinayotir. Bu boradagi islohotlar hayotimizning boshqa sohalari bilan o‘zaro chambarchas bog‘langan holda, tizimli va bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Shu o‘rinda e’tirof etish joizki, mamlakatimizda Harakatlar strategiyasi doirasida ham amalga oshirilgan islohotlar natijasida bolalar huquqlari qonuniy asosda to‘la himoyalanib, bolalarning majburiy mehnatga jalb qilinishiga butunlay barham berildi. Bu borada Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi ham samarali faoliyat yuritib, bolalar huquqlarini ta’minlashga qaratilgan milliy qonunchiligimizni takomillashtirish, unga xalqaro huquqiy normalarni tatbiq etish borasida salmoqli natijalarga erishgani, shuningdek, bola huquqlariga doir o‘nlab ilmiy hamda ommabop nashrlar chop etilgani ыuvonarli holdir.
Muxtasar aytganda, yurtimizda ham, xalqaro miqyosda ham bola huquqlari doimo e’tibor markazida. Yosh avlodlarni jismonan va ma’nan sog‘lom bo‘lishlarida milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Umrimiz mazmuni va ko‘zimiz quvonchi bo‘lib o‘sib kelayotgan bolajonlarga, ayniqsa, muammoli bolalarga yordam berish, huquqlari himoyalangan dunyoda baxtli bolalikka ega bo‘lib, o‘z mamlakatining to‘la-to‘kis fuqarosi bo‘lib yashashlariga ishonch uyg‘otishdir.
Shu nuqtada davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning yig‘ilishlarning birida bolalar tarbiyasi borasida kuyunib aytgan quyidagi gaplari tez-tez yodimga tushadi: “Farzandlarimizni telefon “tarbiya” qilyapti”. Yana: “Biz majburiy obuna deb ixtiyoriy obunani ham yo‘q qildik”.
Darhaqiqat, o‘ta og‘riqli va ta’sirli gaplar. Bugun oramizda qo‘liga aqalli kitob ushlab ko‘rmagan, gazeta-jurnaldan gap ochilsa ensasi qotadigan yosh ota-onalar borligi, ming afsuski, bor gap...
O‘ylab ko‘ring, bolalikdan kitob, gazeta, jurnal o‘qimay, qimmatli vaqtini faqat “O‘rgimchak to‘ri”da o‘tkazadigan avlod shakllansa, buning oqibati nima bilan tugashi mumkin?
Globallashuv hayotimizga shiddat bilan kirib kelib ulgurdi. Elektron axborot vositalari – televizor, telefon, gadjetlar, smartfonlar, planshetlar, internet-kafelar, turli ko‘rinishdagi klublar ko‘paydi. Kattalarki-ku qo‘yaylik, yosh bolalar xilma-xil axloqsiz axborot, foto-videomateriallarni ko‘rib kelayotgan bo‘lsa-chi? Bu kabi xunuk holatlar kelgusida bolalarni milliy qadriyatlardan uzoqlashtirib, axloqsizlik girdobiga tortib ketmasligiga kim kafolat beradi?
Bugun Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan bolalarning sevimli “o‘yinchog‘i”ga aylanib ulgurgan “telefonga qaramlik” juda dolzarb muammo hisoblanib, unga “kasallik” darajasida qaralayapti. Afsuski, ota-onalar bolalarining injiqliklari va xarxashalaridan xalos bo‘lish uchun keyingi zararini his qilmagan holda go‘daklarining qo‘liga telefon tutqazib qo‘yayaptilar.
Bola tarbiyasini o‘z holiga tashlab qo‘ygan, farzandi tarbiyasiga vaqt topaolmayotgan ota-onalar ertaga attang qilib qolishmaydimi?..
Bugun farzandlarimizga ta’lim-tarbiya berish bilan birga, ular ongiga Vatanni sevish, qadrlash, uni asrab-avaylash tuyg‘ularini ham singdirib borishimiz zarur.
Farzandingiz kelajagi uchun yetarli vaqt, pul va kuch sarflash – bu siz tomondan kelajak uchun qiladigan eng yaxshi “sarmoya”! Ularga beriladigan yaxshi tarbiya esa, bir umrlik “investitsiya”, ya’ni, bolalarning barkamol bo‘lib rivojlanishidagi muvaffaqiyatlarning “kalit”idir.
Bolalarga hech bir narsa ota-ona ibratidan ko‘ra chuqurroq va mustahkamroq ta’sir eta olmaydi, agar o‘zingizni kelajakda baxtiyor ko‘rishni xohlasangiz, avvalo o‘zingiz shaxsiy o‘rnak bo‘lgan holda bolangizda kitobga mehr uyg‘oting.
Shu o‘rinda Xitoyda o‘sadigan bambuk daraxti haqida eslashni ma’qul deb bildim. Bu daraxtning urug‘i yerga ko‘milgach, to‘rt yil davomida uning popukli ildizlari yer ostida keng ko‘lamda tarqalib, shu vaqt asnosida yer ustida uning urug‘dan yorib chiqqan nimjon g‘unchasidan boshqa hech narsa ko‘rinmas ekan. Buni qarangki, beshinchi yilga o‘tib, bambukning balandligi qariyb 25 metrga yetar ekan!
Ha, tarbiyaning holi ham shunday. Ota-onalarimizdagi “Tarbiya madaniyati” negizida aynan sabr, vazminlik hamda asabiy muvozanat talab qiladigan nihoyatda qiziqarli va ayni chog‘da o‘ta mashaqqatli hamdir. Biz garchi boshlanishida natijani ko‘rmasak-da, o‘zgarishlarni his qilmasak-da, tarbiya ishini jiddiy davom ettiraverishimiz zarur. Bu harakatlar esa albatta o‘z natijasini bergusi.
Yaxshi tarbiya topgan farzandlar – ota-onaning bebaho mulki, qalb gavhari, ulkan kashfiyotidir.
“Aytilgan ketadi, yozilgan qoladi”, degan gap bejiz emas, har birimizning bolaligimiz o‘zimiz yozgan eng xolis, ajib hikoyadir. Xotiralarimizga bitilgan tarix, qo‘l tolmay, ko‘z yummay o‘qiladigan kitoblarimiz muqovasida bizning pokiza va toza hislarimiz ham aks etgan bo‘ladi.
Eslaganda yurakni orziqtiradigan, betizgin va asov o‘smirlikni yodga soladigan shirin xayollar orasida ona-onam tomonidan a’lo baholarimizni mehrli so‘zlari bilan olqishlab, rag‘bat bilan “kitob”lar berishlari va mutolaadan keyingi fikrlarimizni so‘rashlari bizga juda qadrli edi. Shu bois bolaligimdan menga hamroh bo‘lgan bir mo‘’tabar is, bo‘y bor-ki, bu olamni munavvar aylagan ma’naviy xazina javohiri, qalb gavhari bo‘lgan kitoblar olamining anvoyi hididir!
Bolaligimda maktabimiz kutubxonasiga qadam qo‘yishim bilan turli kitoblarning ajib hidi, yoqimli bo‘yi men uchun ma’naviyat olamining muqaddas mushku anbariga aylandi...
O‘sha mo‘’jazgina kutubxona hali-hamon men uchun dunyodagi eng muhtasham koshonaday xotiramda muhrlanib qolgan. Ochig‘i bolalik tasavvurimda jahondagi eng chiroyli inshootlar faqat kutubxonalar bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim. Shinamgina, toza-ozodaligi, keng va yorug‘ligi nazarimda muazzam saroylardan qolishmas edi.
Meni juda ham suyuntirgan holat, Muhtaram yurtboshimizning shaxsiy tashabbuslari va da’vatlari mamlakatimiz bo‘ylab kitobxonlik bo‘yicha ulkan va ezgu ommaviy harakatni boshlab berganliklari sabab kitob, kutubxona, kitobxonlik degan muqaddas tushunchalar yana asl holatiga qaytdi.
Kitob har qanday davrda, sharoitda ham o‘qilaveradi. Hatto, Internet 10 “G”da ishlasa ham, hamma narsa elektronlashsa ham kitob “o‘tmishga” aylanmaydi. Chunki, inson kitob o‘qish orqali yangi fikrlar va yorqin g‘oyalar olish bilan bir vaqtda miyadagi asab tolalarini mustahkamlashga ham erishadi.
Bu harakatlar bizni yangi imkoniyatlar, yangi zafarlar bilan birga, yuksak dovonlar, sharafli yo‘llar kutayotganini, biz yangi zamon kishilarini, yangi avlodlarni, O‘zbekistonimizning yangi dunyosini barpo etuvchi kelajak vorislarimizni bir umr komillikka intilib yashash tuyg‘usi bilan tarbiya qilishimiz kerakligi davr talabi ekanligi, bu biz ota-onalarni sergak tortishimizga va mas’uliyatni yana ham his qilishga chorlaydi.
Bor bo‘lsin, bolalik! Bor bo‘lsin, beg‘ubor fasl!..
Madina ZUFAROVA,
“RENAISSANCE” universiteti
Filologiya va tillarni o‘qitish
fakulteti talabasi,
O‘zA