O‘zbekiston – Germaniya: ishonch, sheriklik va umumiy kelajak sari
O‘zbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganiga o‘ttiz yildan oshdi. Shu davr mobaynida ikki tomonlama aloqa siyosiy muloqot shakllanishidan tortib iqtisodiyot, xavfsizlik, ta’lim va barqaror rivojlanish kabi deyarli barcha muhim yo‘nalishlarni qamrab olgan ko‘p qirrali strategik sheriklik darajasigacha rivojlandi.
Bugungi kunda Germaniya O‘zbekistonning Yevropadagi eng muhim hamkori, respublikamiz Berlin tomonidan Markaziy Osiyoning tayanch davlatlaridan biri, mintaqadagi istiqbolli hamkor sifatida e’tirof etiladi.
Yil sayin rivojlanib, yangi bosqichga ko‘tarilayotgan ushbu munosabatlar xususida O‘zA muxbiri Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Xalqaro munosabatlar” kafedrasi doktoranti Charos Jumanazarova bilan suhbatlashdi.
– O‘zbekiston – Germaniya munosabatining bugungi holatiga qanday baho berasiz?
– Germaniya O‘zbekiston mustaqilligini birinchilar qatori 1991-yil 31-dekabr kuni tan olgan. Oradan ko‘p o‘tmay, 1992-yil 6-martda ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabat rasman o‘rnatildi. Bu esa o‘zaro hurmat, tenglik va milliy manfaatni hisobga olish tamoyiliga asoslangan yangi hamkorlikka yo‘l ochdi.
Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq O‘zbekiston Germaniyaning Markaziy Osiyo bo‘yicha tashqi siyosatida alohida o‘rin egalladi. Mintaqaning eng yirik demografik salohiyatga ega davlati va Yevrosiyoning muhim transport yo‘llari chorrahasida joylashgan mamlakat sifatida O‘zbekiston Germaniya diplomatiyasi va biznes doiralarida jiddiy qiziqish uyg‘otdi. O‘zbekiston uchun esa Germaniya xalqaro hamjamiyatga integratsiyalashuv va Yevropa Ittifoqi bilan aloqani rivojlantirishda muhim hamkorlardan biriga aylandi.
Ikki tomonlama munosabat mustahkamlanishida oliy darajali muntazam siyosiy muloqot muhim o‘rin tutdi. Yillar davomida davlat rahbarlarining ko‘plab o‘zaro tashriflari amalga oshirildi. Shu tariqa o‘nlab hukumatlar va idoralar aro bitimlarni birlashtirgan mustahkam shartnomaviy-huquqiy baza shakllandi.
– Savdo-iqtisodiy hamkorlik va Germaniya kompaniyalarining O‘zbekiston iqtisodiyotidagi ishtirokiga ham to‘xtalsangiz.
– Iqtisodiyot sheriklikning eng muhim yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda. GFR YeI davlatlari orasida eng yirik savdo hamkorimizdir. So‘nggi yillarda o‘zaro savdo hajmi barqaror o‘sib, o‘zaro investitsiya ko‘lami kengaymoqda, qo‘shma korxonalar soni ortmoqda.
Xususan, “Siemens”, “MAN Energy Solutions”, “CLAAS”, “Knauf”, “BASF”, “Deutsche Bahn Engineering & Consulting”, “Papenburg AG” kabi yirik olmon kompaniyalari yurtimizda turli loyihalari amalga oshirmoqda. Ushbu korxonalar faoliyati zamonaviy texnologiya transferi va yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy sanoat raqobatbardoshligini oshirishga ko‘maklashmoqda.
Nemis kompaniyalarining respublikamiz sanoati salohiyatini yuzaga chiqarishdagi ishtiroki alohida ahamiyatga ega. Germaniya texnologiyasi va boshqaruv tajribasi zamonaviy ishlab chiqarish standartini joriy etish, mahalliy mahsulot raqobatbardoshligini oshirish va eksport imkoniyatini kengaytirishga xizmat qilyapti. Shu bilan birga O‘zbekiston hamkor investorlarga jadal rivojlanayotgan bozor sharoitida uzoq muddatli loyihalarni ilgari surish uchun keng imkoniyat yaratmoqda.
– Ta’lim va ilm-fan sohasida qanday qo‘shma dasturlar amalga oshirilyapti?
– Ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik ikki davlat munosabatining muvaffaqiyatli yo‘nalishi hisoblanadi. Germaniya an’anaviy ravishda O‘zbekiston bilan gumanitar aloqani rivojlantirishga alohida e’tibor berib keladi. Bugungi kunda minglab yoshlarimiz nemis tilini o‘rganmoqda, turli ta’lim dasturlari esa yosh mutaxassislarga yetakchi olmon oliy ta’lim muassasalarida bilim olib, amaliy tajriba orttirmoqda.
Ilmiy va akademik hamkorlikni rivojlantirishda Germaniya akademik almashinuv xizmati ((DAAD), Gyote instituti, Konrad Adenauer va Fridrix Ebert jamg‘armalari hamda GFR xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) muhim o‘rin egallagan. Bu jamoalar stipendiya dasturi, ilmiy grant, malaka oshirish kursi, qo‘shma tadqiqot ko‘rinishidagi loyihalarni amalga oshirmoqda. Bugungi kunda yuzlab o‘zbekistonlik talaba Germaniyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda. Natijada universitetlar o‘rtasidagi aloqa mustahkamlanib, qo‘shma ilmiy tadqiqot, talaba va professor-o‘qituvchilar almashinuvi jadallashgan.
Kasb-hunar ta’limi sohasidagi hamkorlik ham alohida e’tiborga loyiq. Germaniya malakali mutaxassislar tayyorlashga oid eng samarali dual ta’lim tizimiga ega. Ayni tajriba o‘lkamizda kasb-hunar ta’limi tizimini takomillashtirishda faol qo‘llanmoqda. Bu jarayon sanoat tez rivojlanishi va yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash ehtiyoji nuqtai nazaridan juda muhim.
Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi rivojlanishga ko‘maklashish sohasidir. Olmon tashkilotlari ko‘p yildan buyon mamlakatimizda yo‘lga qo‘yilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Xususan, GIZ va Germaniya taraqqiyot banki (KfW) sog‘liqni saqlash, suv resurslarini boshqarish, quvvat samaradorligi, ekologiya, qishloq xo‘jaligi, xususiy sektorni rivojlantirish va davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish bo‘yicha o‘nlab tashabbuslarni ilgari surgan.
So‘nggi yillarda “yashil iqtisodiyot” va barqaror rivojlanish yo‘nalishidagi sheriklik tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Germaniya qayta tiklanuvchi energiya va ekologiya texnologiyasi bo‘yicha yetakchi davlatlardan sanaladi. Ekologik jihatdan barqaror rivojlanish yo‘liga o‘tishni maqsad qilgan O‘zbekiston uchun GFR tajribasi va texnologiyasi juda muhim. Shu bois tomonlar quyosh va shamol energetikasi, suv tejovchi texnologiya, samaradorlikni oshirish bo‘yicha hamkorlikni faol rivojlantirmoqda.
– Germaniya O‘zbekistonning qaysi sohalardagi islohotlarini qo‘llab-quvvatlamoqda?
– So‘nggi yillarda hamkorligimiz tobora keng, mintaqaviy va xalqaro miqyosda ko‘rib chiqilyapti. Germaniya O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik munosabatini mustahkamlash, mintaqaviy bog‘liqlikni rivojlantirish va qo‘shma iqtisodiy loyihalarni ilgari surish borasidagi sa’y-harakatlarini to‘liq ma’qullamoqda. Berlin Toshkentni YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasini amalga oshirish uchun asosiy hamkor sifatida ko‘radi.
Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi, yashil energetika, muhim xom ashyo resurslari, logistika va mintaqaviy xavfsizlik bugungi kunda o‘zaro muloqotning ustuvor yo‘nalishlaridir. O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha pragmatik va samarali siyosati, mintaqaviy integratsiyani qo‘llab-quvvatlash tashabbuslari Germaniya tomonidan yuqori baholanmoqda.
Global iqtisodiyotdagi o‘zgarishlar, yangi logistika yo‘nalishlari shakllanishi va Markaziy Osiyo geoiqtisodiy ahamiyati ortib borishi ikki davlat uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Xususan, transport-kommunikatsiya loyihalari, iqtisodiyotni raqamlashtirish, sanoat kooperatsiyasi, innovatsiya, sun’iy intellekt va yuqori texnologiya istiqboli qiziqarli.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Germaniya munosabati uzoq muddatli umumiy manfaat va o‘zaro ishonchga asoslangan muvaffaqiyatli hamkorlik namunasi sifatida namoyon bo‘lmoqda. O‘tgan yillar davomida aloqalarni izchil rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratildi. Erishilgan siyosiy muloqot darajasi va iqtisodiy hamkorlik ko‘lami esa strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish uchun ulkan salohiyat mavjudligini ko‘rsatmoqda.
– Xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik istiqboli haqida so‘zlab bersangiz.
– Jahon siyosati va iqtisodiyotidagi jadal o‘zgarishlar sharoitida O‘zbekiston va Germaniya konstruktiv muloqotni davom ettirish va hamkorlikning yangi shakllarini izlashga tayyorligini namoyon etmoqda. Shu bois bugungi kunda munosabatlarimiz nafaqat ikki tomonlama aloqalarning muhim omili, balki Markaziy Osiyo va Yevropa hamkorligini mustahkamlashga xizmat qiluvchi strategik ko‘prik sifatida ham alohida ahamiyatga ega. Bu esa o‘zaro manfaatli sheriklik kelgusida yanada yuqori bosqichga ko‘tarilishidan dalolat.
Munosabatlarning yangi bosqichida “Markaziy Osiyo – Germaniya” (C5+1) muloqot formati alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu platformaning 2023-yil Berlin shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi sammitida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari hamda Germaniya Kansleri ishtirok etdi. Anjuman yakunida strategik mintaqaviy sheriklikni rivojlantirish, savdo va investitsiya ko‘lamini kengaytirish, transport-kommunikatsiya bog‘liqligini mustahkamlash, yashil energetika, raqamlashtirish va xavfsizlik sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Mazkur formatning ikkinchi sammiti 2024-yil Ostona shahrida o‘tkazilib, turli sohalarda ikki va ko‘p tomonlama sheriklikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Yuqori texnologiya, SI, sanoat kooperatsiyasi, yashil energetika, muhim mineral resurslar, transport-logistika infratuzilmasi, professional ta’lim va ilmiy innovatsiya kelgusi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari sifatida belgilangan. Mavjud aloqalarni rivojlantirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega oliy darajali muloqotlar esa Germaniya bilan strategik sheriklik kelgusi yillarda yanada chuqurlashishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
O‘zA muxbiri Go‘zal Sattorova suhbatlashdi.