Baliqchilik sohasidagi qonunbuzilishlar tahlil qilindi
Mirzaobod tumani hokimligida Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda baliqchilik xo‘jaliklarida yer va suv resurslaridan foydalanish holati tahlil qilinib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda sohada qonunchilik talablari ijrosini ta’minlash yuzasidan vazifalar belgilandi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, o‘tkazilgan tahlillar davomida tumandagi 46 ta baliqchilik xo‘jaligi tomonidan 1 ming 179 gektar unumdor qishloq xo‘jaligi yeri sun’iy suv havzalariga aylantirilgani aniqlangan. Shuningdek, yana 15 ta xo‘jalikda 1 ming gektardan ortiq maydonda suvdan foydalanish hisobini chetlab o‘tish maqsadida kanal suvi avval zovurlarga yo‘naltirilib, keyin baliqchilik ehtiyojlari uchun ishlatilgani ma’lum qilindi.

Muhokamada mazkur holatlarga huquqiy baho berish, yer va suv resurslaridan maqsadli hamda samarali foydalanishni ta’minlash, soliq to‘lovlari va hisobotlardagi kamchiliklarni bartaraf etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Viloyat hokimi baliqchilik mamlakat iqtisodiyoti va oziq-ovqat xavfsizligi uchun muhim tarmoqlardan biri ekanini ta’kidlab, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash siyosati izchil davom ettirilishini qayd etdi.
— Baliqchilik qilishga hech kim qarshi emas. Aksincha, daromadli ish qiling, odamlarni ish bilan ta’minlang. Lekin ekin yerini buzib, suvdan noqonuniy foydalanib, davlat hisobiga boyishga yo‘l qo‘yilmaydi, — dedi Erkinjon Turdimov.
Yig‘ilishda ayrim holatlar yuzasidan prokuratura organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani, bir qator baliqchilik xo‘jaliklari faoliyati bo‘yicha huquqiy baholash ishlari olib borilayotgani ham ma’lum qilindi.

Muhokama davomida har bir gektar yer va har bir kub metr suvdan qonunchilik talablari asosida foydalanish, ularning hisobini to‘liq yuritish zarurligi ta’kidlandi.
— Agar yer berilgan bo‘lsa, u samarali ishlashi kerak. Agar suv olinayotgan bo‘lsa, uning har bir kub metri qonuniy hisobga olinishi shart. Har bir qarich yer ham, har bir tomchi suv ham davlatning boyligi, — dedi viloyat hokimi.

Yig‘ilish yakunida yerlardan noqonuniy foydalanish holatlarini bartaraf etish, suv hisobini to‘liq yo‘lga qo‘yish, soliq tushumlarini ta’minlash, baliqchilik xo‘jaliklari faoliyatini qayta o‘rganish hamda intensiv baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha viloyat ishchi guruhini tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shuningdek, qonunchilik talablariga rioya etib, faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga amaliy ko‘mak berish va zamonaviy intensiv texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish vazifasi belgilandi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishda yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish hamda sohada shaffoflikni ta’minlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri