Qoraqalpog‘iston delegatsiyasi Pokistonda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari joriy yilning 30-iyun – 4-iyul kunlari savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Pokiston Islom Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Delegatsiya a’zolarini Panjob viloyatining Qishloq xo‘jaligi vaziri Said Muhammad Ashiq Hussain Kirmani kutib oldi. Tashrifning birinchi kunida delegatsiya a’zolari Pokistonning qator davlat tashkilotlari hamda yirik kompaniyalari vakillari bilan investitsiyalarni jalb etish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan muzokaralar olib borishdi.

Dastlab Panjob viloyati Bosh vaziri Maryam Navoz bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasida qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va farmatsevtika sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida erishilgan kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etish maqsadida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilishi hamda uni amalga oshirish uchun mas’ullar belgilanishiga kelishib olindi.

Shundan so‘ng Lahor savdo-sanoat palatasida Qoraqalpog‘iston – Panjob biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasining investitsiyaviy salohiyati, iqtisodiy ko‘rsatkichlari va tadbirkorlik uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Tadbir yakunida tadbirkorlar o‘rtasida B2B uchrashuvlari tashkil etilib, savdo va investitsiya yo‘nalishlarida qator kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Lahor savdo-sanoat palatasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Shuningdek, “SK Livestock Foods” kompaniyasi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda oziq-ovqat (tayyor va yarim tayyor go‘sht) mahsulotlarini ishlab chiqarishni Qoraqalpog‘iston hududida yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv davomida kompaniya direktori Abubakar Bin Yusuf Qoraqalpog‘istonning investitsiyaviy imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida yaqin kunlarda hududga tashrif buyurishini ma’lum qildi. Shuningdek, to‘qimachilik sohasida faoliyat yurituvchi “US Apparel & Textiles (Pvt.) Limited” kompaniyasi bosh direktori Irfan Nazir Ahmad ham Qoraqalpog‘istonning mavjud imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish maqsadida yaqin 20 kun ichida tashrif buyurishini bildirdi. Farmatsevtika yo‘nalishida esa “CCL Pharma Company” kompaniyasi bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston hududida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish masalalari yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi.
Kun yakunida Multon qishloq xo‘jaligi universiteti hamda qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi. Muzokaralar yakunida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Mo‘lton qishloq xo‘jaligi universiteti o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy tajriba almashish, mutaxassislar malakasini oshirish hamda qishloq xo‘jaligi sohasida bilim va ko‘nikmalar almashishga qaratilgan anglashuv memorandumi imzolandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi delegatsiyasining Pokistondagi safari davom etmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri