“Baku Energy Week”: O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro energetika muloqotlarida faol ishtirok etmoqda
Jahon iqtisodiyotida energiya resurslariga bo‘lgan talabning ortib borishi, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va energetika xavfsizligini ta’minlash masalalari xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Shu bois, bugun Boku shahrida o‘z ishini davom ettirayotgan “Baku Energy Week - 2026” xalqaro energetika haftaligi davlatlar, xalqaro tashkilotlar va yirik energetika kompaniyalari o‘rtasida tajriba almashish, investitsiyaviy imkoniyatlarni muhokama qilish hamda istiqbolli loyihalarni ilgari surish uchun muhim muloqot maydoniga aylanmoqda.

Ta’kidlash kerakki, haftalikning ikkinchi kungi tadbirlari ishtirokchilarga energetika sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, yangi texnologiyalar hamda investitsiya loyihalarini taqdim etish imkonini yaratdi.
Haftalik doirasida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekiston milliy stendi faoliyati bilan tanishdi. Tashrif chog‘ida unga Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov mamlakatimizda energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda erishilayotgan natijalar yuzasidan ma’lumot berdi.

Shuningdek, forum va ko‘rgazmalar doirasida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Xususan, Turkiya Respublikasi energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslan Bayraktar, Ozarbayjon Respublikasi energetika vaziri Parviz Shahbozov hamda Jahon bankining energetika va qazib olish tarmoqlari bo‘yicha global amaliyot yo‘nalishi menejeri Stefani Gil bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvlar chog‘ida energetika sohasidagi hamkorlikning bugungi holati, amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarning borishi, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish hamda yangi tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Tomonlar o‘zaro sheriklikni yanada mustahkamlash, energetika sohasida tajriba almashish va istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish yuzasidan fikr almashdi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, “Baku Energy Week - 2026” xalqaro energetika haftaligi doirasidagi uchrashuv va muzokaralar O‘zbekistonning mintaqaviy va global energetika jarayonlaridagi faol ishtirokini yana bir bor yaqqol namoyon etmoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA