Bahodirlar o‘yinida O‘zbekiston chempionlari aniqlandi
Poytaxtimizda bahodirlar o‘yinlari va tosh ko‘tarish bo‘yicha Uchtepa tumani hokimi sovrini uchun tashkil etilgan O‘zbekiston chempionati tomoshabinlarga katta sport zavqini, sportchilarga o‘z kuch-qudratini yana bir karra sinovdan o‘tkazish imkonini taqdim etdi.
O‘zbekiston Bahodirlar o‘yinlari va tosh ko‘tarish federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan ommaviy sport tadbiri bayramona ko‘rinishda o‘tkazilib, 200 nafardan ziyod polvonlar kuch, matonat, chidamlilik va jasorat talab etadigan bahslarda sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qildi.

Sportchilar og‘ir yuklarni ko‘tarish, tortish va turli kuch sinovlari bo‘yicha bellashdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, -85 kg vaznda Mehroj Hamdamov 1- o‘rinni, Shavkat To‘rayev 2-o‘rinni, Sherzod Ma’rufjonov 3-o‘ringa ega chiqdi.
Kubok musobaqasining -105 kilogrammgacha bo‘lgan vaznida Shodilbek Ergashev g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi. Keyingi o‘rinlar Nuriddin Ergashev va Asadbek Fozilovga nasib etdi.
Bahodirlar o‘yinlarining +105 kilogramm vazn toifasida Dilmurod Qurbonov O‘zbekiston chempioni, degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi. Kumush va bronza medallarini Bahodir va Nodirbek Yo‘lchiyev qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindorlar diplom, medal hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA