Yoshlar o‘gitlardan kuch olmoqda
Respublikamizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Jizzax viloyatida ham “Keksalar haftaligi” doirasida nuroniylarni e’zozlash, ularning boy hayotiy tajribasini yosh avlodga yetkazishga qaratilgan uchrashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda.
Do‘stlik tumanidagi Qahramon mahallasida joylashgan 4-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan “Uch avlod uchrashuvi” ham ana shunday ezgu tashabbuslarning bir ifodasi bo‘ldi.
Maktabdagi odatiy o‘quv muhiti bu kuni o‘zgacha tus oldi. Bir davrada – umrini el-yurt xizmatiga bag‘ishlagan nuroniylar, mehnat faxriylari va ustozlar, ularning qarshisida esa hayot yo‘lini endi boshlayotgan yoshlar. Suhbatlar davomida avlodlar o‘rtasidagi yillar farqi emas, hayotiy tajriba va ezgu maqsadlarni birlashtirgan ma’naviy yaqinlik yaqqol namoyon bo‘ldi.


Nuroniylar yoshlarga o‘z hayot saboqlarini so‘zlab berdi. Mehnatda toblanish, ilm egallash, kasbga sadoqatli bo‘lish, ota-ona va ustozlarni qadrlash, Vatanga munosib farzand bo‘lib kamol topish haqidagi o‘gitlar oddiy nasihat emas, balki umr davomida sinovdan o‘tgan haqiqat sifatida yangradi.
Yoshlar ham bu muloqotni qiziqish bilan tingladi. Zero, kitobdan o‘qilgan ma’lumot bilan inson umri davomida orttirgan tajribaning ta’siri bir-biridan farq qiladi. Nuroniylarning xotiralari, hayot yo‘li haqidagi hikoyalari va samimiy maslahatlari yoshlar uchun o‘zgacha hayotiy dars bo‘ldi.


Bunday uchrashuvlarning zamirida xalqimizning azaliy qadriyatlari – kattani ulug‘lash, kichikka g‘amxo‘rlik qilish, hayotiy tajribani avloddan avlodga yetkazish an’anasi mujassam. Ayni jihat bugun mamlakatimizda keksa avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosati bilan ham uyg‘un.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida keksa avlod vakillarining yoshlar tarbiyasidagi faol ishtirokini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilgan. Qarorda, jumladan, “Bir nuroniy – o‘n yoshga mas’ul” tamoyilini joriy etish belgilangan. Bu esa nuroniylarning hayotiy tajribasi va ma’naviy salohiyatini yoshlar kamolotiga yo‘naltirish g‘oyasi bilan bevosita bog‘liq.

Do‘stlik tumanidagi uch avlod uchrashuvi ana shu ezgu maqsadning mahalladagi amaliy ko‘rinishi bo‘ldi. Bugun nuroniylarning aytgan har bir o‘giti yoshlar qalbida ezgu niyat uyg‘otsa, ertaga shu yoshlarning yutug‘i katta avlod orzularining davomi bo‘ladi.
Tadbirda faol ishtirok etganlarga “Nuroniy” jamg‘armasi tomonidan tashakkurnomalar topshirildi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri